Mas’uliyat olmagan mas’ullar yoxud madaniy meros ob’yektlari muhofazasi qog‘ozda bo‘lmasligi kerak

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi «Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, tashkil etilgan moddiy madaniy meros ob’yektlarini himoya qilish, o‘z holicha saqlash va kelajak avlodga yetkazish maqsadida jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

“Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi inspektorlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, 18 yoshga to‘lgan faol fuqarolar ixtiyoriylik va tanlov asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari kengashining qarori bilan jamoatchi inspektor etib tasdiqlanadi. Bir nafar jamoatchi inspektorning, qoida tariqasida 2 tadan ortiq moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’yektiga biriktirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bitta moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’yektiga uch nafargacha inspektor biriktirilishi mumkin. Departament jamoatchi inspektorlar faoliyatiga uslubiy rahbar bo‘ladi va inspektor o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda yuritib, qonun hujjatlariga amal qiladi.

- Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida tegishli davlat organlariga xabar berish jamoatchi inspektorning asosiy vazifasi, - deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimov. – Samarqandda 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, respublika ahamiyatidagi 973 ta arxeologiya yodgorligiga jamoatchi inspektor biriktirilishi belgilangan. Shu paytgacha 502 ta ob’yektga jamoatchi inspektor tayinlangan.

Ushbu faoliyat tashkil etilganiga besh yildan oshyapti. Lekin haligacha madaniy meros ob’yektlariga jamoatchi inspektorlar to‘liq biriktirilmagan va ishlayotgan inspektorlar orasida nomigagina faoliyat yuritayotganlari yo‘q emas.

 - Tarix fani o‘qituvchisiman, shu bilan birga to‘rt yildan buyon tumandagi madaniy meros ob’yektlarida bosh jamoatchi inspektor bo‘lib ishlayman, - deydi nurobodlik Ilhom Botirov. - Tumanimizda ro‘yxatga olingan 52 ta moddiy madaniy meros ob’yektiga 40 nafardan ziyod jamoatchi inspektor biriktirilgan. Yashirib nima qildim, xodimlar moddiy rag‘batlantirilmagani uchun aksariyati ishga mas’uliyat bilan yondashmaydi, ayrimlari bu ishni tashlab ham ketyapti. Oqibatda arxeologik yodgorliklarda noqonuniy qazishma ishlari ko‘p uchramoqda. Buning ustiga jamoatchi inspektorlarning ko‘pchiligi bu sohani tushunmaydigan fuqarolar.

Nizom bo‘yicha jamoatchi inspektor tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik aniqlanganda unga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma yoki sud hujjatiga asosan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida, jinoyat aniqlansa, qonunga muvofiq jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorga asosan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida pul mukofoti berish ko‘rsatilgan. Ammo jamoatchi inspektorlarga shtat berish, mehnat daftarchasini yuritish, boshqa turdagi qo‘shimcha rag‘batlantirish yoki javobgarlik bo‘yicha hech narsa belgilanmagan.

Bu madaniy meros ob’yektlari muhofazasi uchun inspektorlar yetishmasligi va biriktirilgan jamoatchi inspektorlarning o‘z vazifasini vijdonan, mas’uliyat bilan bajarmayotganining asosiy sababidir. “Mushuk ham tekinga oftobga chiqmaydi”, deganlaridek, manfaat bo‘lmasa, hech kim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmaydi. Shu bois moddiy madaniy meros ob’yektlarini asrab-avaylash, yodgorliklarga ziyon yetishining oldini olish hamda qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yish uchun balki haqiqiy inspektor va qonun himoyachilarini biriktirish kerakdir.

 Fazliddin Ro‘ziboyev.