Mas’ullar deputatlarga hisobot berdi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 89-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “Hududiy elektr tarmoq­lari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali rahbari Umid Nazarov va “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Ansor Muhammadiyevning hisobotlari eshitildi.

U.Nazarovning ta’kidlashicha, joriy yilda ijtimoiy soha muassasalarida o‘rnatilgan 786 dona quyosh panel hisobiga 12,4 MVt/soat, 3266 ta aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellar hisobiga 3,55 MVt/soat, 346 ta tadbirkorlik sub’yektlariga o‘rnatilgan quyosh panellar hisobiga 3,6 MVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilingan.

Davlat rahbari qarorida belgilanganidek, korxona va tashkilotlar, muassasalar va aholi xonadonlarida qu­yosh panellari o‘rnatish ishlari davom etmoq­da. Ammo bu vazifa barcha joylarda ham birdek ijro etilmayapti. Muqobil energiya manbalaridan foydalanayotgan sub’yektlarning aksariyati elektr tarmoqlari korxonalari bilan shartnoma imzolamagan. Vaho­lanki, bu orqali ular ko‘plab imtiyoz va yengilliklarga ega bo‘lishlari mumkin.

Soliq.uz mobil platformasi orqali “Quyoshli xonadon” dasturiga kiritish ishlari ham talab darajasida emas. Bugungi kunda bor-yo‘g‘i 402 ta xonadon bo‘yicha arizalar ro‘yxatga olinib, shartnomalar tuzilgan.

16 ta ko‘p qavatli uylarga quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda faqatgina Payariq tumanida 20,0 MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lgan quyosh paneli qo‘yilgan, xolos.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktorining hisobot beri­shicha, Prezident qarorining 8-ilovasiga muvofiq, viloyat bo‘yicha 523 ta ijtimoiy soha ob’yektini, jumladan, 229 ta umumiy ta’lim maktabi, 223 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 71 ta tibbiyot muassasasini tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar  453 ta ijtimoiy soha obektiga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilgan. 

Ikkala soha mas’ullari energiya manbalarini tejash va ulardan samarali foydalanish borasida amalga oshi­rilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berib, o‘z takliflarini bildirdi.

Shundan so‘ng viloyatda 2023-yil­ning birinchi yarim yilligida davlat va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi to‘g‘risida viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti ko‘rib chiqildi. 

Ma’lum qilinishicha, birinchi yarim yillikda umumiy daromadlar prognoz rejasi 2 313,8 milliard so‘mga (105,9 foiz) bajarildi. Viloyat, tuman va shahar hokimliklari ixtiyorida 171,4 milliard so‘m mablag‘ning qo‘shimcha manbasi yaratildi. Ammo aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq rejasi bajarilmagan.

Yilning birinchi yarmida viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi 89 foizga ijro etilib, 4 trillion 161,3 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi.

Sessiya kun tartibiga ko‘ra, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i Xondamir Umarov 2023 yil birinchi yarim yilligida viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.