Matbuot anjumanida jurnalist ishini «bitirib oldi»
Viloyat Matbuot uyida viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Endilikda viloyat bandlik bosh boshqarmasi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasining (kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishi) vazifa va funksiyalarini birlashtirgan holda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tashkil etildi, - deydi I.Jabborov. – Boshqarma to‘rt bosqichli tizimda faoliyat ko‘rsatadi. Hali birorta vazirlik ushbu bosqichlarning barchasini o‘zida jamlamagan. Ya’ni, faoliyatimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalla, xonadongacha bo‘lgan jarayonni qamrab olib, masalani joyida hal qilish tizimiga qurilgan. Deylik, ilgari oilaga yordam tashkil qilish bir nechta boshqarmalar ishtirokida o‘tib, ushbu yordamning xonadongacha bo‘lgan masofa ma’lum hujjatlar va boshqa majburiyatlar tufayli kechikishiga yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘lgan. Endilikda oila a’zolariga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga yordam ko‘rsatish, u nogironlik masalasida bo‘ladimi, ishga joylashish yoki tadbirkorlik uchun yordammi, barchasi bitta tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Aytish lozimki, boshqarmalarning birlashishida faqatgina bir-birini takrorlaydigan ishni amalga oshiradigan shtatlar qisqartirildi.
Matbuot anjumanida “Samarkandskiy vestnik” gazetasi muxbiri Yo.Rustamov tahririyatga tushgan shikoyat, ya’ni Jomboy tumani No‘sh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, diplomga ega bo‘la turib bir necha bor nohaqlikka uchrab, ish topa olmay yurgan oila boshlig‘i masalasini mutasaddilarga bildirdi. Mutasaddilar shu yerning o‘zidayoq masalani hal etishga kirishdi. Yaqin kunlarda ushbu fuqaro ish bilan ta’minlashi va bu masala shu kunlarda hal etilishi bildirildi.
Gulruh MO‘MINOVA.