Matematika – tafakkur, tasavvur fani yoxud shubha bor joyda ilm bor (mi?)
Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Ta’limning barcha bosqichlarida matematika fanini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, pedagoglarning samarali mehnatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va amaliy ahamiyatini oshirish, xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash kabi maqsadlarni ko‘zda tutgan mazkur hujjat bilan matematika ilmini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, har bir tuman va shaharda matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Ushbu maktablar direktorlari tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
O‘quvchilarning matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyentlar davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi.
Matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
– Nima uchun yurtimizda matematika sohasidagi ta’lim samaradorligini oshirishga bunchalik katta e’tibor berilayotgani ko‘pchilikni qiziqtiradi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori, akademik Saidahmad Laqayev. – Joriy yilning 31 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh akademiklari, matematiklar va boshqa sohalar olimlari bilan uchrashuvda barcha fanlarning asosida matematik bilim va ilm yotishini ta’kidlab, buni asoslab bergan edi.
Matematika ma’lum (aniq) xossalarga ega bo‘lgan ob’yektlar orasidagi munosabatlarni o‘rganadigan fundamental fan bo‘lib, tabiiy fanlar mazmun-mohiyatini aniq ifodalash, bayon qilish hamda natijalarni olish uchun ham xizmat qiladi. Boshqa fanlar uchun umumiy til vositasi (modeli) bo‘lish vazifasini bajaradi va shu ma’noda ularning rivoji uchun muhim asos bo‘ladi. Bu fanni yaxshi bilgan bola to‘g‘ri fikrlaydigan va yuksak tafakkurli, aqlli va rostgo‘y bo‘lib o‘sadi, keng tasavvurga ham ega bo‘lib, istalgan sohada muvaffaqiyatga erisha oladi.
Bu qaror bilan O‘zbekistonda matematika ilmi sohasida ma’lum natijalarga erishilgani, matematika ta’limida ham ma’lum yutuqlarning borligi va bu fanni o‘qitish uslublari mukammal emasligi ta’kidlangan. Ilmiy izlanishlar sohasida xalqaro hamjamiyat tan oladigan yutuqlarimizning yetarli emasligi qayd etilib, ta’limning barcha bosqichlarida matematika fanini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va amaliy ahamiyatini oshirish, xorijiy ilmiy maktablar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun yetarlicha sharoit va imkoniyatlar yaratish zarurligi belgilandi.
Qaror ta’lim va ilm sohasi vakillari zimmasiga quyidagi vazifalarni yuklayapti:
Xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha rahbarlar oldiga iqtidorli yoshlarni, layoqatli o‘qituvchilarni va maktab direktorlarini tanlashni hamda yoshlarning matematika ilmiga layoqatliligi, bu fandan mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni egallashini ta’minlaydigan ixtisoslashtirilgan maktablarni shakllantirish.
Oliy ta’lim sohasida ishlaydigan rahbarlar va professor-o‘qituvchilarga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda oliy ta’lim muassasalarida matematika fanlarini o‘qitish sifatini oshirish, xalq ta’limiga, oliy ta’lim muassasalariga va Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlariga matematika sohasida yetuk, bilimli kadrlar tayyorlab berish
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbarlari va matematika sohasida ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlarga matematika ilmi bo‘yicha mamlakatimizning ilmiy tashkilotlarini bosqichma-bosqich jahonning matematika fani sohasidagi yetakchi ilmiy markazlari darajasiga ko‘tarish.
Akademik olimning qayd etishicha, bugun mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri ekanligini ikki oydan buyon davom etayotgan karantin yaqqol ko‘rsatdi. Koronavirus tarqalishi muammolari ham matematik modellar asosida, ya’ni matematika tilida tahlil qilindi va xulosalar chiqarilyapti.
Deylik, biror narsani ko‘rsak, eshitsak, his qilsak uni so‘z, musiqa, mo‘yqalamda chizib aks ettirish, ifodalash mumkin. Inson o‘z hissiyotlarini, fikrlarini so‘z, kuy, qo‘shiq, raqs va hokazolar yordamida tinglovchiga yetkazadi. Bularning hammasi inson hissiyotlari va tasavvurlari modellari bo‘lib xizmat qiladi.
Matematikada ham raqamlar, ob’yektlar, turli amallar va belgilarda ifoda etilayotgan fikrlar zamirida, avvalo, tafakkur va tasavvurlar mujassam. Olim aniq raqamlar yordamida aytiladigan fikrlarini puxta o‘ylab va tafakkur qilib keyin bayon qiladi. Matematikada ko‘rinmaydigan narsa va tushunchalar asosida fikrlanadi va tasavvur qilinadi. Tabiat, jamiyat hamda boshqa fanlardagi jarayonlar, hodisalar va qonuniyatlar matematika tilida, ya’ni matematik modellar yordamida xuddi yuqorida aytilgan raqs, kuy, mo‘yqalamda chizilgan rasm, badiiy asar va hokazolar kabi ifodalanadi.
Lekin odatda, biz matematikani sonlar ustidagi amallardan iborat deb hisoblash bilan chegaralanamiz. Vaholanki, o‘ylab, tafakkur qilib, bu fan orqali ko‘plab yangiliklar, kashfiyotlar qilish mumkin. Buning uchun esa shu fanga qiziqadigan, tafakkuri va tasavvuri keng, iqtidorli bolalarni aniqlab, ularni yoshligidan ilmga to‘g‘ri yo‘naltirib borish lozim. Ixtisoslashtirilgan matematika maktablari tashkil etilishining boisi ham, o‘quvchilarning matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy etishni yo‘lga qo‘yilishining sababi ham shunda.
– O‘tgan asrning 90-yillari boshida Samarqand davlat universiteti rektori T.Mo‘minov tashabbusi bilan fizika va matematika fakultetlarining talabalari orasidan 15-20 nafar iqtidorli yoshlarni saralab, alohida guruh shakllantirgandik, – deb so‘zida davom etadi akademik. – Ularga dars beruvchilar ham professor-o‘qituvchilar orasidan tanlab olingandi. Fanlar chuqurlashtirib o‘qitilar, asosiy e’tibor nafaqat shu paytgacha matematikada erishilgan natijalarga, balki hal qilinmagan, kelajakda yechilishi zarur bo‘lgan masalalarga qaratilardi. Va bunday yondashuv o‘z samarasini bergan edi. Xuddi shunday Toshkent va Samarqand shaharlarida matematikaga ixtisoslashgan maxsus maktablar, gimnaziyalar tashkil etilgani ham bu fan rivojiga xizmat qilgan, iqtidorli matematiklar shakllanishiga yordam bergandi. Afsuski, keyinchalik bu maktablar e’tibordan chetda qoldi.
Men ta’lim va ilm masalalarida ko‘p o‘ylaganman va muammo bor joyda ilm bor degan xulosaga kelganman. Yaqinda Imom G‘azzoliyning ilm haqidagi bir fikrini o‘qib xursand bo‘ldim. Shubha bor joyda ilm bor, deb yozadi alloma. Allomaning ilm haqidagi bu e’tirofi, ilm bilan astoydil shug‘ullangan, ilmni anglagan va his qilgan insongina, ilm haqida, bunday fikrni aytishi mumkinligi, meni xursand qilgan edi.
Bu fikr nafaqat diniy va ijtimoiy ilmlar, balki barcha fanlar va dunyoviy ilmlarga, jumladan matematika ilmiga ham taalluqli deb o‘ylayman.
Bizning yillar davomida shakllanib kelgan ta’lim tizimimizda hammani yaxshi o‘qitish kerak, yoshlar hamma fanlarni o‘zlashtirishi kerak degan qarashlar bor. Lekin bu imkonsiz va kimga qanday bilim berishni bilmaslik va tushunmaslikning natijasidir. Hammani yaxshi o‘qitib, barcha fanlarni puxta o‘zlashtirib bo‘lmasligini anglamaslik bu nomigagina ta’lim berishni oqlashdir. O‘quvchining iqtidori, qiziqishi va bilimni qabul qilishi darajasini anglash ta’limning asosiy vazifasidir.
Jumladan, matematikani o‘rganishda o‘quvchining miyasida bo‘layotgan fikrlash va anglash jarayonini his qilib uning yo‘nalishini to‘g‘rilab qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda yurtimiz ta’lim tizimidagi islohotlarning aynan shu yo‘nalishda bo‘layotgani yurtimizda ilm-fanning rivojlanishiga berilayotgan katta e’tiborning namunasidir.
Ilmiy ishlarim bilan bog‘liq holda ko‘pgina rivojlangan xorij mamlakatlari olimlari bilan birga ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida o‘sha davlatlarda bo‘lganman. Ta’lim jarayonlari va tizimi bilan qiziqqanman. Ular o‘quvchiga iqtidoriga qarab ta’lim beradi va tarbiyalaydi. Bolaning yoshligidan nimaga qiziqishi, nimalarni va qanday qabul qilishi hamda boshqa iqtidorlarini aniqlab, keyin unga mos ta’lim-tarbiya beradilar. Hamma ham matematikaga qiziqmaydi va unga qobiliyati yo‘q, xuddi shunday har bir bolada ham adabiyotga yoki tarixga qiziqish va zarur qobiliyat kuzatilmasligi mumkin. Shunga qarab ularni yo‘naltirish va mos ta’lim-tarbiya berish kerak.
Hozir yurtimizda Prezident maktablari, ijod maktablari, temurbeklar maktabi va shu kabi boshqa maxsus ta’lim muassasalari tashkil etilyapti. Ularning barchasi ma’lum sohalarga ixtisoslashgan va maqsadi zaruriy qobiliyatlarni ro‘yobga chiqarish va rivojlantirish. Haqiqiy iste’dodli yoshlar, bo‘lajak olimlar, yetuk mutaxassislar ana shunday maktablarda kamolga yetadi. Yangi tashkil etiladigan ixtisoslashgan matematika maktablari ham ana shunday istiqbolli ta’lim muassasalaridan bo‘lishiga ishonaman. Faqat bu maktablarda ilm oluvchi ham, ilm beruvchi ham va uning rahbarlari ham bilim va ilmni qadrlashi zarur.
G‘olib HASANOV.