Matonatlilar bahsida Osiyo chempionlari aniqlandi
“Paratriatlon bo‘yicha Samarqand – 2023 Osiyo chempionati” yakunlandi.
Samarqand mezbonlik qilgan chempionat 9 toifada o‘tkazildi va har bir toifa bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Musobaqada 6 nafar para-triatlonchi yurtimiz sharafini himoya qildi.
- Para-triatlonda birinchi marta ishtirok etdim, - deydi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Saidakbar G‘oziyev. - Shu paytgacha suzish sporti bilan shug‘ullanib kelardim. Yurtimizda o‘tkazilgan ilk Osiyo chempionatida PTS 2 toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Endi ushbu sport turi bilan professional darajada shug‘ullanib, bundan-da yuksak natijalarga erishmoqchiman.
Ertaga, 10 iyun kuni “Samarqand – 2023 Osiyo triatlon kubogi” bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning eng yaxshi sportchilari: 50 nafar ayol va 50 nafar erkak ishtirok etadi. Shu kuni Osiyo kubogi doirasida Markaziy Osiyo sportchilari o‘rtasida (CATA – Central Asia Triathlon Association) alohida musobaqa va taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.