Mavluda (Toshpo‘latova) qizimga
OChIQ XAT
“Qizim” deymi, “singlim” desammikan? Yoshim, hayotiy va adabiy tajribamni hisobga oladigan bo‘lsak, ikkala holatda ham haqqim bor, deb o‘ylayman. Menga ko‘proq “qizim” qulayroq.
Sizning Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning oqsochlarni tayyorlash haqidagi fikriga kuyinchaklik bilan yozgan “post”ingizni o‘qidim. Ochig‘ini aytaman, menda yaxshi taassurot qoldirmadi, ona qizim. Sayoz va shallaqilik ohanglari seziladi. Ko‘pchilikning e’tiborini E.Turdimovning “oqsoch” degan so‘zi tortgan. Men sizning o‘sha ko‘pchilikka o‘xshamasligingizni istardim. U siz kabi tajribali jurnalist, so‘zni zargarona ishlatadigan filolog emas. Kasbi boshqa, sohasi boshqa. Jurnalist degani faqat so‘zni emas, uning orqasida turgan ma’no-mohiyatni ko‘ra bilmog‘i kerak. Hokim nima demoqchi o‘zi? Maqsadi nima? Siz yozganingizdek, ja unchalik fashist, qonxo‘r emasdir? Mening profilimga kirsangiz, “Jo‘janing biografiyasi” degan “post” bor. U yerdagi gaplarni takrorlab o‘tirmayman. Aftidan, sizning yozganlaringiz ham “jo‘janing biografiyasi” bo‘lgan ko‘rinadi.
Hammamizning onamiz oqsochlik qilgan. Yoshligingizni eslang. Oyog‘imizga tikan kirsa ham onamizga yugurib borardik. Vaholanki, uning tibbiy ma’lumoti bo‘lmagan. Ham tarbiyachi, ham o‘qituvchi, ham oshpaz, ham tikuvchi, ham yamoqchi, ham hamshira, manikyur-pedikyur ham qilib ketaveradi, eh-he, onamizning vazifalarini sanay ketsangiz qog‘oz yetmaydi. Bu ham yetmaganday xotinlik vazifasi ham bor!
Uyimizda bitta beshik bo‘lardi – hammamiz, yetti aka-uka shu beshikdan chiqqanmiz. U hech qachon bo‘sh bo‘lmasdi. Onamiz bechora yil oralatib tug‘ardilar. E.Turdimov shu oqsoch qiladigan ishning bir qismini boshqa oqsochga olib berib, onalarimiz va ayollarimizning ishini biroz yengillatmoqchi bo‘lyapti. Ko‘chadan kelgan oqsoch bu yumushlarni malakali, yuksak professional darajada va mohirlik bilan bajara olishi uchun qayerdadir o‘qishi, malaka oshirishi kerakmi? Bola rozetkaga mix tiqib, tok urganda nima qilish kerak, kuyganda qanday birinchi yordam berishi kerak, pishir-kuydirga uquvi qanaqa – bularning hammasiga o‘qitish-o‘rgatish kerak. Buning nimasi yomon?
Ha, yana bir gap. Sizning yozganlarigizdan shu narsa tushuniladiki, go‘yo butun o‘zbek xotin-qizlaridan oqsoch tayyorlab, o‘rislarning ketini artishga Rossiyaga va boshqa davlatlarga jo‘natiladiganday. Hamma oliy o‘quv yurtlari faqat va faqat oqsoch tayyorlash bilan band bo‘ladiganday. Konservatoriya ham, San’at instituti, ToshMI va O‘zMUda nuqul oqsochlar tayyorlanadi! Sizningcha, shunday bo‘lib chiqyapti-da, onash qizim. Vaholanki, hokim uyda o‘tirib qolgan, biror kasb-kori yo‘q, lekin oila byudjetiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan million-million ayollarni nazarda tutgan. Fikri o‘tkir, idroki tiniq odam zoti borki, Erkinjon Turimovning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Ehtimol, “oqsoch” so‘zi o‘rniga “uy bekasi” deb ishlatarmiz. Axir, yuqorida aytganimdek, anketa to‘ldirayotganimizda onamizni “uy bekasi” deb yozamiz-ku. Kasalxonalarda ham xo‘jalik ishlariga mas’ul xodimani “sestra-xozyayka”, “beka-hamshira” deyiladi.
Mavluda qizim, fikrimga qo‘shilasizmi-yo‘qmi – ixtiyoringiz. Lekin, o‘zgalarning fikr-mulohazasiga bag‘rikengroq bo‘lganingiz durustmi, deb o‘ylayman.
Nimadadir dilingizga ozor yetkazgan bo‘lsam, sharti ketib-parti qolgan bir qariyani kechirasiz, degan umiddaman.
Sharof Boshbekov.