Mavsumga hozirlik to‘xtab qolgani yo‘q

Zarnews.uz saytida e’lon qilingan “Jomboy tumanidagi ko‘p qavatli uy-joylar qachon kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘ladi?” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Ushbu masala viloyat hokimining videoselektor yig‘ilishida ham ko‘tarilgandi. Qayd etish joiz, ob’yektlarni 2019-2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash borasida tuman hokimi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, tizimli ishlar belgilangan va amalga oshirilmoqda.

Guliston mahallasida 5 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Ularni qayta ta’mirlash uchun “Shuhrat quruvchi nur” MChJga 938 million so‘mlik kredit ajratilgan. Mablag‘ hisobidan 3 ta uyning tom qismi to‘liq, 2 tasi joriy ta’mirlandi.

Maqolada mazkur uylarning kanalizatsiya tizimi mavjud emasligi, oqibatda xonadonlardagi hojatxona va oshxona suvlari yerto‘laga oqib tushayotgani aytiladi. Haqiqatan ham kanalizatsiya masalasi Jomboy tumanida uzoq vaqt muammo bo‘lib kelgan. Ammo 2017-2018 yillarda yerto‘ladagi tarmoq yangilangan. Ayni paytda 100 metr kub sig‘imli oqava suv xandaqi qurilib, vaqtincha foydalanilmoqda. Asosiy kanalizatsiya tarmog‘iga ulash ishlari yakuniga yetkazilish arafasida. Maqolada tilga olingan 8-uyning tom qismi 2017 yildayoq ta’mirlangan. “Ish oxiriga yetkazilmagan”, degan iddao o‘rinsiz.

Toshkent mahallasida 8 ta ko‘p qavatli uy-joy bo‘lib, shundan 7 tasi Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi hisobidan mukammal ta’mirlandi. Jumladan, 1-, 4-, va 7-uyning kanalizatsiya tizimi yangilandi.

Ahmadjon Qurbonov mahallasidagi 13-uy hamda Shodlik mahallasidagi 21-uyning tom qismida ham ta’mirlash ishlari olib borildi. Singan shiferlar yangisiga almashtirilib, qo‘shimcha tarnovlar o‘rnatildi.

Hududlarni obodonlashtirish, daraxt shoxlarini tartibga keltirish ishlari davom ettirilyapti. Qisqa fursatda tumandagi barcha ko‘p qavatli uylar mavsumga tayyor holga keltiriladi.

Mahmud ABDURAHIMOV,

Jomboy tumani uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i.