Mavsumiy ishchi qachon mehnat ta’tiliga chiqadi?
Qonunchiligimizda barcha mehnat munosabatlarining huquqiy asosi mavjud. Ularni lozim darajada bilmaslik esa asosan xodimlarning ziyoniga ishlaydi. Misol uchun, mavsumiy ishchi, iqlim va boshqa tabiiy sharoitlar tufayli muayyan davr davomida bajariladigan ishlarga yollangan bu xodim ham mehnat ta’iliga chiqishi yoki kompensatsiya olishi mumkinligini bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida bu bo‘yicha tegishli normalar bor. Jumladan, hujjatning 491-moddasida mavsumiy ishlarning davomiyligi, qoida tariqasida, olti oydan oshmasligi belgilangan. Mavsumiy ish, shu jumladan, olti oydan ortiq davr ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ayrim mavsumiy ishlarning ro‘yxati va ishning davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Kodeksga ko‘ra, ishning mavsumiy xususiyati to‘g‘risidagi shart mehnat shartnomasida ko‘rsatilishi kerak va unga xodimlarni qabul qilish chog‘ida sinov muddati belgilanmaydi. O‘z navbatida tegishli mehnat shartnomalari mavsumning davomiyligidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
Mavsumiy xodim ishning har bir oyi uchun kamida ikki kalendar kun hisobidan haq to‘lanadigan mehnat ta’tilini olish huquqiga ega. Agar u to‘liq mavsum ishlagan bo‘lsa, unga keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda haq to‘lanadigan mehnat ta’tili beriladi. Bunda ta’tilning oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Xodim o‘z xohishiga ko‘ra haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining o‘rniga pulli kompensatsiya olishi ham mumkin.
Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Birinchidan, mavsumiy xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqli. Agar mehnat shartnomasini ish beruvchi muddatidan ilgari bekor qilmoqchi bo‘lsa, xodimni
- tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilishi, shuningdek, xodimlarning soni yoki shtati o‘zgarishi munosabati bilan bo‘lsa kamida yetti kalendar kuni oldin;
- mavsumiy xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganda kamida uch kalendar kuni oldin yozma shaklda, imzo qo‘ydirib ogohlantirishi shart.
Mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslarda bekor qilinayotgan bo‘lsa, bu muddat bir kunni tashkil etadi.
Hasan TULAYEV,
Urgut tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.