Maykl Jekson hayotining so‘nggi kuni qanday o‘tgan?
2009 yil 25 iyunga o‘tar kechasi (Los Anjeles vaqti bilan tushga yaqin) Maykl Jeksonning salomatligiga oid favqulodda xabar butun dunyoga tarqay boshlaydi, deb yozmoqda Minbar.
O‘sha tunda men Glastonburi festivali (Angliya) tomoshalariga ketayotgan edim. Festival boshlanishiga bir kun qolgan edi.
Muharririm sim qoqdi. U Maykl Jekson zudlik bilan kasalxonaga olib ketilgani, hozir komada yotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqida o‘sha paytda shou biznes yangiliklarini tarqatishi ortidan og‘izga tushgan TMZ sayti xabar bergan edi.
Biroq hali hech kim bu xabar rost-yolg‘onligini aniq bilmas edi. Pop qiroli to‘g‘risida avval ham turli g‘alati xabarlar qo‘qqis chiqib turar edi. Bundan bir necha hafta oldin unda teri saratoni boshlangani ma’lum qilingan, ammo so‘ng bu ma’lumot rad etilgan edi.
Shunday bo‘lsa ham men biror pichoqqa ilingulik yangilik izlab, darhol internetni tita boshladim. Butun dunyo bo‘ylab yangilik saytlari yulduzning ahvoliga aniqlik kiritish bilan ovora edi. Bi-bi-sining Los-Anjelesdagi bo‘limi Jeksonga yaqin turli insonlar bilan bog‘lanishga urinar, lekin hech kim hech narsani tasdiqlay olmas edi.
Birozdan so‘ng muharririm yana qo‘ng‘iroq qildi. «"TMZ"ning yozishicha, u vafot etibdi», – dedi. Ikkalamiz chuqur xo‘rsindik. Sukunat cho‘mgan edi.
Maykl Jekson so‘nggi 30 yil ichidagi eng katta pop yulduzi edi va uning musiqiy merosi buyukligini hech kim inkor qilolmasdi. Biroq uning shaxsiy hayotining boshqa og‘riqli tomoni ham bor edi – u bolalarni jinsiy tahqirlash va batamom g‘alati shaxsiyat egasi bo‘lishda bir necha marta ayblangan edi.
Oradan bir necha soat o‘tsa ham dunyo yulduzning aynan qanday olamdan o‘tganini bila olmadi, ammo bir necha oy va yillardan keyin uning so‘nggi kuniga doir tafsilotlar oydinlasha bordi.
Jekson atigi bir necha haftadan so‘ng Londonda konsertlar berish va dog‘ tushgan obro‘sini qayta tiklash arafasida edi.
Dunyodan ko‘z yumgan kuni yarim tunga qadar u shu konsertlarga tayyorgarlik ko‘rgan edi. Biroq bir necha yillardan beri superyulduz uyqudorisiz tura olmay qolgan edi.
Oyiga $150 ming maosh evaziga uning salomatligidan ko‘z-quloq bo‘lish uchun yollangan doktor Konrad Murrey Jeksonni villasida kutib o‘tirar edi. Yulduzning yotoqxonasi esa dori qutilari, shpritslar va kislorod ballonlariga to‘lib-toshib yotardi.
Doktor Murrey politsiyaga qo‘shiqchiga 2009 yil 22 iyunga qadar uzluksiz 60 kun davomida propofol – jarrohlik amaliyoti boshlanishi va jarayon davomida bemorlarga yuboriladigan kuchli narkotik dori berganini tan olgan.
25 iyun kirib kelgan tunda esa shaxsiy shifokor Jeksonni uxlatish uchun mutlaqo boshqa dorilar bergan. Biroq ular ta’sir qilmagan. Doktor Murreyning iddaosiga ko‘ra yulduz yaqinlashib kelayotgan konsertlarga tayyorgarlikdan qattiq tashvishga tushgan.
«Angliyadagi shouga tayyorlanishim shart», – qo‘shiqchining so‘zlarini keltiradi doktor Murrey.
Soat yarim tunga yaqinlashsa ham qo‘shiqchi mijja qoqa olmaydi. Doktor Murrey politsiyaga Jekson: «Iltimos, iltimos, uxlashim uchun sut ber menga», – deb yalinganini ma’lum qilgan. Sut deya Jekson propofolni nazarda tutgan edi.
Shifokor rozi bo‘ladi va uning tomiriga dori yuboradi.
Doktor Murrey Jeksonning yurak urishi va nafas olishini maxsus jihozlar orqali kuzatib turgani va uning tepasida poylab o‘tirganini aytadi. Shifokor ikki daqiqaga hojatxonaga chiqib, qaytib kelganda esa pop qiroli nafas olmayotgan edi.
Doktor Murreyning vaqt silsilasi telefon qaydnomalarida saqlangan ma’lumotlarga zid edi. U o‘z vaqtida Maykl Jeksonning ahvoli og‘irlashgani haqida xabar bermagan edi.
Shifokor yulduzning yuragi hali urayotganini aniqlagani va uni hayotga qaytarish bilan band bo‘lganidan tez yordamga darhol qo‘ng‘iroq qila olmaganini iddao etadi. Shunga qaramay, u qo‘shiqchining tansoqchilaridan biriga qo‘ng‘iroq qilishga vaqt topadi.
Tansoqchi Alberto Alvarezning aytishicha, doktor Murrey tez yordamga xabar berishdan oldin unga dori idishlari va shpritslarni ko‘zdan yo‘q qilishni buyurgan. Nihoyat mahalliy vaqt bilan kunduzgi 12:21 da tez yordam xodimlari pop yulduzining ahvoli og‘irlashganidan xabardor etiladi.
Zudlik bilan yetib kelgan shifokorlar Maykl Jeksonni taniy olmaydi. Uning rangi bo‘zdek oqarib ketgan va tanasi bir hovuch bo‘lib qolgan edi. Uning holatini ko‘rgan paramedik Richard Sennef yulduzni endi saqlab qololmasliklarini anglab yetadi.
Kasalxonaga olib borilgandan bir soatu 13 daqiqa o‘tgach, Maykl Jeksonning joni uzilgani xabar qilinadi.
Bu vaqtga qadar muxlislar va matbuot vakillari kasalxona tashqarisiga to‘planib ulgurgan edi. TMZ sayti uning o‘limi to‘g‘risidagi yangilikni butun dunyoga tarqatadi.
Smartfonlar endi urfga kira boshlagan bir davrda bu yangilik ijtimoiy tarmoqlar orqali yashin tezligida tarqay boshlaydi.
O‘shanda odamlar o‘ziga qiziq ma’lumotni internet orqali har bir saytdan izlashga o‘rgana boshlagan paytlar edi.
Jeksonning holati bo‘yicha ma’lumotga tashnalik internetni holdan toydiradi. Google, Twitter va Wikipedia kabi manbalar faoliyati cheksiz qidiruv so‘rovlariga dosh bera olmay, qisman ishdan chiqadi.
Oradan ikki yil o‘tib, ortiqcha dozada propofol berish orqali Maykl Jeksonni o‘zi istamagan holda o‘ldirishda ayblangan doktor Murrey to‘rt yillik ozodlikdan mahrum etish jazosining ikki yilini o‘tab, qamoqdan chiqadi.
O‘sha yilgi Glastonburi festivalida sahnaga chiqqan bir necha ijodkor Jeksonning raqs harakatlariga taqlid qilishgan yoki qo‘shiqlarini kuylashgan edi. Biroq juda kam odam qo‘shiqchi to‘g‘risida intervyu berishga rozilik bildirgandi. Ehtimol, ular Jeksonning o‘limi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangidan-yangi janjallarga aralashib qolishdan cho‘chishgandir.
Shu yilning boshida ikki erkak bir hujjatli filmda ko‘rinib, Jekson ularni bolalik davrida tahqirlaganini bildirgan edi.
O‘tgan o‘n yil davomida biz Maykl Jekson qandayin ayanchli sharoitda hayotdan ko‘z yumganidan guvohlik beruvchi tafsilotlardan xabardor bo‘ldik. Uning musiqiy merosi biz bilan qolar ekan, biz uning hayoti borasida ko‘plab dilni xira etuvchi dalillarni ham o‘rgandik.