Mehmonxona biznesi ayollarning o‘z “oshxonasi”

Mehmonxona biznesi turizm tobora rivojlanib borayotgan mintaqamiz uchun katta ahamiyatga ega. Bu sohada ayollarning ham safi ortib borayotgani “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasiga shu sohaga yo‘naltirilgan yangi loyihani amalga oshirishga turtki berdi. Assotsiatsiya USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish bo‘yicha loyihasi hamkorligida "Mehmonxona biznesidagi ayollar: kelajakda mehmondo‘stlik an’analari" loyihasiga start berdi.

Samarqandda shu mavzuda o‘tkazilgan seminar-treningda mehmonxona biznesida faoliyat yuritayotgan, shu sohada ish yuritishni reja qilgan samarqandlik va tojikistonlik ishbilarmon ayollar ishtirok etdi.

- Ushbu loyiha zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ayollar boshqaruvidagi mehmonxona sektoriga innovatsiyalarni joriy etish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish, xodimlarni o‘qitish orqali ularni malakasini oshirishga qaratilgan kompleks dastur hisoblanadi, - deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Nigora Yakubova. – Xalqaro toifadagi trenerlar tomonidan o‘tilgan mashg‘ulotlar sohadagi yangiliklar va yangi yondashuvlar zamonaviy menejmentga, mehmonxonaning barqaror rivojlanishiga, uning faoliyati samaradorligini oshirishga va yangi mijozlarni jalb qilishga qaratilgan. Ayollar uchun bu biznes har tomonlama qulay va o‘ziga xos, ya’ni majoziy ma’noda o‘zlarining “oshxonasi” deyishimiz mumkin. Sababi, ayol tabiatan beka va mehmonni eng yuqori darajada kutib olish unga bolalikdan o‘rgatiladi. Xalqaro ko‘nikmalarni o‘zlashtirish orqali ular bu sohaning yetakchilar bo‘lishi mumkin.

-Tojikistonning tog‘li Badaxshoni, Murg‘ob tumanidan keldim, - deydi Rayima Doronshoyeva. – O‘zim yashaydigan Alichor qishlog‘ida bir paytning o‘zida 20 kishini sig‘dira oladigan uy-mehmonxona egasiman. Mehmonxonamizni 2009 yilda tashkil etgandik, o‘shanda u sakkiz o‘rinlik edi. Yillar o‘tib, uni takomillashtirdik, xizmatlar sifatini oshirdik. Hududimiz tog‘li bo‘lgani uchun tabiat go‘zalliklari va foydali suvidan bahramand bo‘lishni istovchilar dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuradi. Shuningdek, ular Qizil kitobga kiritilgan arxarlar podasi, shuningdek, qo‘tos va boshqa tog‘ jonivorlari, ularning sutidan tayyorlangan tabiiy mahsulotlardan bahramand bo‘lishlari mumkin. Tog‘li hudud bo‘lganimiz uchun elektr energiyasi o‘tkazilmagan edi, xalqaro hamjamiyatlar ishtirokida elektr energiyasi o‘tkazildi, mehmonxonamizdagi sharoitlarni yaxshilash uchun bir necha marta moddiy yordamlar ajratildi. Bu kabi seminarlar mehmonlarga xizmat ko‘rsatishda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan jihatlar, yangiliklardan boxabar bo‘lishga yordam beradi. 

Seminar davomida ishtirokchilar mehmonxonadagi sharoitlarni yaxshilash yo‘llarini nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlar davomida ham o‘rganib bordilar.  Ishtirokchilarga uch kunlik mashg‘ulotlardan so‘ng xalqaro darajada sertifikatlar topshirildi.

Gulruh MO‘MINOVA.