Mehmonxona ishida Turkiya tajribasi
Turkiyaga tashrifimiz davomida asosiy sayyohlar keladigan joylarda besh yulduzli mehmonxonalarni kam uchratdik. Ko‘chalarda ixcham, qulay sharoitli, ammo dabdabalardan xoli, "cho‘ntakbop" mehmonxonalar qatorlashib ketgan. Mantiqan o‘ylab qarasangiz ham istagan davlatda sayyohlarning faqat bir yoki ikki foizi hashamatli mehmonxona va oliy darajadagi xizmat talab qilishi mumkin. Qolgan asosiy sayyohlarga mehmonxona faqat tunash uchun zarur. Chunki sayohat – hashamatli mehmonxonada tunash degani emas. Yana bir tomondan, o‘rtamiyona, ixcham mehmonxona qurishga imkoniyati yetadigan tadbirkorlar hamma joyda yetarli.
Shuning uchun Turkiyaga boradigan sayyohlar mehmonxona muammosiga duch kelmaydi. Qisqasi, mehmonxonalar sayyohlarning asosiy qismining imkoniyati va talabidan kelib chiqib shakllanadi. Aslida bozorning qoidasi ham shu.
Samarqanddagi bir qator mehmonxonalarning narxlari bilan qiziqdik. Talabning keskin oshgani uchun bo‘lsa kerak, bu yil mehmonxonalarda narxlar 40 foizgacha oshib ketgan. Turistik ob’yektlar atrofidagi nisbatan nomdor mehmonxonalarda narxlar 30-60 AQSh dollari atrofida. "Ko‘zdan panaroq" ayrim mehmonxonalarda esa 60 ming so‘m to‘lov bilan joylashish mumkin. Bu narxlar rivojlangan Yevropa davlatlaridan kelgan sayyohlarni qoniqtiradi. Lekin endilikda bizning asosiy sayyohlarimiz qo‘shni davlatlar aholisi bo‘lishi mumkin. Umuman, butun dunyodagi turistik ob’yektlarda sayyohlarning katta qismini qo‘shni davlatlardan keluvchilar tashkil etadi. Oylik daromadi o‘rtacha 150-200 AQSh dollari bo‘lgan davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun esa bizdagi hozirgi narxlar qimmatlik qilishi aniq. Demak, oldimizda turgan birinchi vazifa arzon mehmonxonalar sonini oshirish. Ularning narxini esa har holda, buyruq yoki tavsiyalar bilan tushirib bo‘lmaydi. Demak, mehmonxonalar sonini oshirish, raqobatni kuchaytirish lozim.
Uy-mehmonxona qanday bo‘lishi kerak? Bu haqda “Zarafshon” gazetasining 52-sonida o‘qing!
Anvar MUSTAFOQULOV,
«Zarafshon» muxbiri.