Mehnat migrantlariga sug‘urta pullari to‘lab beriladi
Viloyatimizdan 3843 nafar mehnat migranti bevosita "Erkin yollash" va "Bandlikka ruxsat berish" tizimlari orqali ishga joylashtirilgan bo‘lib, ularning 2200 nafari yuqori kasb malakasiga ega bo‘ldi. Memorandumga asosan fuqarolarimizning dastlabki oylik ish haqlaridan O‘zbekistonga qaytib kelish xarajatlarini sug‘urtalash maqsadida sug‘urta kompaniyasiga 500 ming von (453 AQSh dollari) miqdorida mablag‘ o‘tkaziladi. Fuqaro mehnat shartnomasini muvaffaqiyatli tugatgach, yurtimizga qaytishdan oldin mazkur sug‘urta mablag‘i hisob-kitob qilinib, o‘z egasiga qaytarib beriladi.
– Ammo ko‘p hollarda migrantlarimiz mehnat ta’tilida yurtiga kelib, yana qaytib bormagan yoki mehnat shartnomasi tugamasdan ketib qolgan hollarda tabiiyki, ish beruvchi bilan ishchi o‘rtasida yakuniy hisob-kitob qilinmay qoladi, – deydi Respublika Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Ravshan Ibragimov. – Yoki ularning uylariga qaytish xarajatlari uchun qilingan sug‘urta pullari o‘z egalariga qaytarilmay qolgan. Hozirda Janubiy Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan bu mablag‘lar qayta hisoblanib, ularni to‘lab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatimizda yashovchi 163 nafar fuqaroga ham sug‘urta pullarini berish maqsadida ularning yashash manzillari aniqlanib, qonuniy mablag‘lari qaytarib berilmoqda.
Samarqand shahrida yashovchi Akram Rizayev to‘rt yil davomida Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi kemasozlik korxonalaridan birida ishladi. Payvandlashning sir-asrorlarini o‘rganib olgan. 2010 yilda mehnat ta’tilida uyiga kelib, oilaviy sharoiti sababli Vatanida qolishiga to‘g‘ri kelgan.
Ammo ishlagan korxonasi bilan yakuniy hisob-kitob qilmagan, sug‘urta pullarini olmagan ekan. Endi memorandum asosida unga barcha mablag‘lari to‘lab beriladigan bo‘ldi.
– Koreya Respublikasida mehnat shartnomasi asosida borib ishlaydigan ishchilar orasida o‘zbekistonliklar eng intizomli, tartibli va davlatimiz qonunlarini hurmat qiluvchilardan hisoblanadi, – deydi Janubiy Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmatining bosh direktori Kim Dong Xo. – Ayniqsa, mehnatsevarligi, halol va mardligi bizlarni hayron qoldirgan. Har qanday kasb-hunar bo‘lmasin, juda tez o‘zlashtirishadi. Ular orasida yuqori malakali mutaxassislar juda ko‘p. O‘zbekistonda ularga tadbirkorlik qilib, o‘rganib kelgan hunarini amalda qo‘llash imkoniyatlari yaratilganligi quvonarli.
Shuningdek, tadbirga viloyatimizdagi 20 ga yaqin korxona-tashkilot vakillari ham taklif etilib, ularga Koreyada ishlab kelgan yuqori malakali ishchilar bilan tanishib, o‘zlaridagi mavjud bo‘sh o‘rinlariga ishga joylashtirish imkoniyati yaratib berildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.