Mehrning vatani - O‘zbekiston

Viloyatdagi korxona va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sh.Qulmatov, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va boshqalar yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.

– Bugungi kunda viloyatimizda 65 ming nafardan ortiq nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladi, – deydi viloyat nogironlar jamiyati raisi Dilmurod Pardayev. – Ularning 13 ming nafari mehnat qilish qobiliyatiga ega va ular bandligini ta’minlash doimiy e’tiborda. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlari esa hokimliklar va banklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular alohida toifadagi tadbirkor sifatida davlatimizning bir qator imtiyozlaridan foydalanmoqda. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil qabul qilgan farmoni asosida ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush sharoitini yaxshilash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Ikki yuzga yaqin nogironligi bo‘lgan, uy-joyga ehtiyojmand shaxslar shahar va qishloqlarimizda qurilgan yangilangan namunaviy loyihadagi uylar bilan ta’minlandi. Bu yil esa sana arafasida viloyatimiz tuman va shaharlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga 250 ta aravacha, 50 ta eshitish moslamasi hamda 100 ta hassa va qo‘ltiqtayoq tarqatildi. 160 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga salomatliklarini tiklashlari uchun sihatgohlarga yo‘llanma berildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reablitatsiya qilish va protez mahsulotlar bilan ta’minlash borasida viloyatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina joriy yilda viloyat nogironlarni reablitatsiya qilish markazida mingdan ortiq yurtdoshlarimiz salomatligini tikladi.

- Yil boshidan buyon viloyatimizdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga 725 ta nogironlik aravachasi, 1000 ta hassa va qo‘ltiqtayoq, 170 ta eshitish moslamasi, 270 ta protez-ortopediya mahsulotlari tarqatildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ilhom Vahobov. – Shuningdek, 1200 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar dam olish sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi.

Xayriya marafoni chog‘ida tadbirga taklif etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamasi va protez-ortopediya vositalari hadya etildi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan tibbiy vosita va dori-darmon tarqatildi.

– Bir necha yillardan buyon to‘shakka mixlanib qolganman, – deydi Past Darg‘om tumani Zormon mahallasida istiqomat qiluvchi Umar Shodiyev. – Mustaqil harakat qilishga qiynalaman. Shu sababli bugun berilgan aravacha o‘ksik ko‘nglimga malham bo‘ldi. Tadbir tashkilotchilaridan minnatdorman.

Tadbirda nogironlar jamiyatining bir guruh faol a’zolariga II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilarining suhbati viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan dasturxon atrofida kechdi.

Sana munosabati bilan viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida, saxovat va muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarda ham mehr-muruvvat tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, Urgut tumanidagi Mergancha mahallasida qurilgan yangi uylarning 4 tasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tuhfa qilindi. Alisher Mirzayev oilasi ham Yangi yilni yangi uyda kutib oladigan bo‘ldi.

- Ko‘p yillardan buyon o‘zimizning uyimiz bo‘lishini orzu qilsak-da, bunga imkoniyatimiz yo‘q edi, - deydi A.Mirzayevning turmush o‘rtog‘i Mavluda Jiyanova. – Davlatimizning g‘amxo‘rligi tufayli bugun mana shunday zamonaviy uyga ega bo‘ldik. Ikki xonali uyimizda yaxshi hayot kechirish uchun barcha sharoit bor ekan. Bundan boshimiz ko‘kka yetdi.

Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarga 8 ta nogironlik aravachasi, 12 ta hassa va qo‘ltiqtayoq hamda 5 ta eshitish moslamasi topshirildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.