“Mehrobdan chayon” asarini necha marta o‘qigansiz? "O‘tkan kunlar"ni-chi?

Kecha Samarqand viloyat rus drama teatrida “Abdulla Qodiriy – o‘zbek adabiyoti xazinasidan” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Karimberdi To‘ramurod zaldagi yoshlarga shunday murojaat qildi.
– Esingizdami, Ra’no uzatilayotgan paytda necha yoshda bo‘lgan? 17 yoshda. O‘n yetti yoshli qizni Abdulla Qodiriy shunday ta’riflaydi: “Ra’no Nigor oyimning to‘ng‘uchi, bu yil o‘n yetti yoshni to‘lduradir. Savodni otasidan o‘qub, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab pro‘g‘ramida bo‘lg‘an barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan – “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chahor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslaki muttaqin”, adabiyotdan – Navoiyning barcha asarlari, devoni Fuzuliy ma’a Layli Majnun; Amiriy, Fazliy va shulardek chig‘atoy-o‘zbek katta shoirlarining asarlari; forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil, xusni xat, insho va boshqalar”. E’tibor beryapsizmi, o‘n yetti yoshli qiz Qur’oni karimni yoddan bilgan, mumtoz adabiyotimizni puxta o‘rgangan. Chor Rossiyasi bosib olguncha ota-bobolarimiz savodsiz bo‘lmagan, ammo tarix bizga shunday ko‘rsatildi. Tariximizni, milliy an’ana va qadriyatlarimizni anglab yetish uchun “Mehrobdan chayon”, “O‘tkan kunlar” asarlarini yoshlarga besh martadan o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Shunda yoshlar adibning o‘zbek adabiyoti xazinasiga qancha foyda keltirganini tushunib yetadi.
Tadbirda Abdulla Qodiriyning murakkab va tahlikali hayoti va ijodi haqida gapirildi. So‘ngra viloyat musiqali drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Mehrobdan chayon” romanidan parcha qo‘yildi. Sahna ko‘rinishi o‘sha davrning madaniyati, urf-odatlari va odamlarining tabiatini ochib bera olgan. Bevosita o‘sha davrga tushib qolgandek his etasiz o‘zingizni.
Keyingi sahna ko‘rinishi rejissyor Ahmatullo Niyazov tomonidan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, uni viloyat rus drama teatri ijodkorlari mahorat bilan ijro etishdi. Ushbu sahna ko‘rinishi rus tilida bo‘lib, yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi, albatta. Biroq, tadbirga juda kam yoshlar qatnashdi.