Melioratsiya yerning nafas yo‘llarini ochmoqda

Afsuski, mustaqillikkacha hukm surib kelgan paxta yakkahokimligi bunga monelik qildi. Ekinlarni almashlab ekish tizimiga amal qilinmagani, har yili nuqul paxta ekilaverishi, mineral o‘g‘itlarning me’yoridan ortiq berilishi, tuproq donadorligini yomonlashtirib, gumus qatlamini qashshoqlashtirib yubordi. Oqibatda juda ko‘p ekin maydonlari hosildorligi, rentabelligi pasayib ketdi.
Buning oldini olish, paxta, g‘alla va boshqa ekinlar ekiladigan maydonlarning unumdorligini tiklash maqsadida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha dasturlar tasdiqlanib, amaliy ishlarga kirishildi.

Zamin bag‘riga shamol tegdi

– O‘tgan yillar davomida davlat dasturi doirasida viloyat bo‘yicha 69 ta loyiha amalga oshirildi. Uning natijasida 1 ming 595 kilometr uzunlikdagi meliorativ ob’yektlarda 22 milliard 668,7 million so‘mlik rekonstruksiya, qurilish hamda tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi, – deydi viloyat melioratsiya ekspeditsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ilyos Muhammadiyev. – Bu esa 39 ming 700 gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi. Jumladan, birgina Payariq tumanidagi Qorasuv tumanlararo kollektorida 11,3 kilometr uzunlikda sharshara to‘g‘oni, gidroinshoot qurish, qirg‘oq muhofazasi ob’yektlarida 600 million so‘mlik ish bajarilib, 500 gektar yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi, tuproq eroziyasining oldi olindi. Xuddi shunday melioratsiya ishlari Past Darg‘om tumani Go‘zalkent hududida ham olib borildi. 

Ish davom etmoqda

Davlat dasturiga asosan 2016 yilda ham sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. 27 ta loyiha bo‘yicha ish olib borildi. 619 kilometr uzunlikdagi kollektor tarmoqlari, jumladan, 114 ta kuzatuv quduqlari rekonstruksiya qilindi, yangilari qurildi, boshqa tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi. Bularga 7 milliard 156 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Dastur asosida Kattaqo‘rg‘on tumanida olib borilgan ishlar, ayniqsa, salmoqli bo‘ldi. Uzoq yillar davomida suv resurslari, sug‘oriladigan yerlardan uzluksiz foydalanish oqibatida loyqa bosib qolgan juda ko‘p kollektorlar, yopiq-yotiq drenaj tizimlari, meliorativ nasos stansiyalari, tik quduqlar, gidrotexnik inshootlar, kanal va zovurlar, sizot suvlari yuzaga ko‘tarilishi natijasida sho‘rlanish boshlangan maydonlar melioratsiya tarmoqlari batamom rekonstruksiya qilindi.
Natija hosildorlikda namoyon bo‘ladi

– Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar o‘tkazilgan maydonlarda paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 2-3 sentnerga, g‘alla esa 3-4 sentnerga oshdi. Paxtadan 35-40 sentner, g‘alladan 50-55 sentner hosil oluvchi fermerlar soni ko‘paydi, – deydi Ilyos Muhammadiyev. – Kattaqo‘rg‘on tumanida dasturning davomi sifatida o‘tgan yilda ham 1 milliard 384 million so‘m sarflanib, 1 ming 799 gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Irrigatsiya tizimini yaxshilash ko‘zda tutilgan 1 ming 334 gektar maydon uchun 4 milliard 765 million so‘mlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tumanning Elmurod Qurbonov nomidagi MMTPga qarashli 30 ta fermer xo‘jaligida kutilgan natijani bera boshladi.

– Xo‘jaligimiz Oqdaryo va Qoradaryo daryolari oralig‘ida joylashgan, – deydi "Mavlono" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Salohiddin Xayrullayev. – Daryo va yerosti suvlari yaqin bo‘lganligi sabab ekin maydonlarida nam uzoq saqlanadi. Oqibatda ko‘klamgi ekish mavsumida yerga urug‘ qadash ancha kechikib, fursat boy berilar edi. O‘tgan yili Bilomiqcha zovuri qazilishi natijasida fermer xo‘jaliklarida yerning meliorativ holati tubdan yaxshilandi. Ekinlarni obi-tobida ekish imkoniyati tug‘ilishi tufayli paxta hosildorligi gektaridan 2,5-3 sentnerga, g‘alla 45 sentnerdan 50 sentnerga oshdi.

Yangi ufqlar

Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha 2017 yilda viloyatimizda 32 ta loyiha asosida ish olib borilib, 865,4 kilometr uzunlikda meliorativ ob’yektlar qurish va rekonstruksiya qilish hamda tizimli-tiklash tadbirlari bajarildi.
Bu chora-tadbirlarga 12 milliard 643 million so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada viloyatda 18 ming 660 gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilanib, tuproq unumdorligi va hosildorligi oshishiga erishildi.
2018 yilda Davlat dasturiga asosan 28 ta loyiha bo‘yicha 764,3 kilometr uzunlikda meliorativ ob’yektlar qurish va rekonstruksiya qilish hamda tizimli ta’mirlash-tiklash tadbirlarini bajarish ko‘zda tutilgan va unga 26 milliard 669,3 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.