Men kimman o‘zi?

Bu savol ba’zan hovliqib ketsam, meni yerga tushiradi. Birovni nohaq xafa qilib qo‘ysam, dilimni ezadi. Ota-onamga xizmat qilolmaganim, imkonim bo‘lsa-da, xizmat qilolmagan damlarim uchun meni iztirobga soladi.

Dili pok, tili pok do‘stlarim oldida ba’zan o‘zimni katta tutganim uchun meni pastga tushirib qo‘yadi. Bilib-bilmay yot davralarga tushib qolsam, tezroq u yerdan chiqib ketishga undaydi meni bu savol.

Bu savol har bir o‘tayotgan kun o‘limga yaqinlashtirayotganini, afsuski,o‘limga, oxiratga tayyor emasligimni yodga soladi. Bekorchi gaplarga, gurunglarga topiladigan vaqt birgina sura, birgina oyat mazmunini anglab yetishga kelganda topilmaydi — havoga sovurilgan fursatni anglatadi bu savol.

Bu savol har kuni bozorlar yonidan o‘tganda, qumursqaday tinmayotgan, kim oluvchi, kim sotuvchi — har bir odamni peshonasiga, rizqiga, niyatiga yarasha rizqlantirib turuvchi Zotni dilga soladi.

Har kuni mozorlar yonidan o‘tganda, yangi qabrlarni ko‘rganda, kechagina falonchi tirik edi, tirikchilik kuyida yelib-yugurib yuruvdi, degan loqayd iqrorni eslatadi bu savol.

...Bozor va mozor oralig‘i — Hayot va O‘limni unutmaslik, har ikkisiga munosib bo‘lish uchun dildagi tilga ko‘chadi:

Men kimman o‘zi?

Maqsud Jonixonov.