Men nima va kimdan qo‘rqaman? (Julqunboy boboga o‘xshatma)

Ayniqsa, mening qo‘rqadiganim, yozishdan qo‘rqaman. Sababki, uni gazeta-jurnallarda chiqmay qolishidan qo‘rqaman. Chop etilsa birov o‘qimasligidan qo‘rqaman. Yanaki, o‘qigan kimsa labini tishlab, “Chakki qilibsan...” deyishligidan qo‘rqaman.

Yana bundan boshqa qo‘rqadigan ikir-chikirlarim:

— Shahar ko‘chalaridan yomg‘ir yoqqanda yurishdan, mashinalar ustimga suv sachratishidan qo‘rqaman. Yana qo‘rqamanki, bu yilgi yomg‘irli havoda suv bosgan ko‘chalarda qolib ketishdan qo‘rqaman.

— Biror avtoulovga chiqsam, haydovchini yo‘ldagi chuqurlarni terib o‘taman deb, avtohalokat sodir qilishidan qo‘rqaman. Yana qo‘rqamanki, yo‘ldagi “kolodets” nomlig‘ nimarsalarning ba’zisida qopqoq yo‘qligidan, ba’zisi esa tekis yo‘lda chipqondek  chiqib qolganidan qo‘rqaman...

 — Bolalarimning ochiq-sochiq kiyingan hamshaharlarimdan o‘rnak olishlaridan qo‘rqaman! Yana qo‘rqamanki, yo‘nalishli avtobusdagi chipta sotuvchi yigitlardan yuz so‘m pulimni so‘rashdan qo‘rqaman. 

—  Dam olish kunlari ichki turizm sabab ziyoratchilar taloto‘pida qolib ketmay deb Amir Temur maqbarasiga kirishdan qo‘rqaman. Yana qo‘rqamanki, biror xorijlik sayyoh sigareta chekish uchun joy so‘rab qolsa, maxsus joylar yo‘qligi sabab nima deb javob berishdan qo‘rqaman.

Harholda mening ham qo‘rqinchlarim o‘zimga yetarlik…

Asliddin. 2019 yil. Aprel oyining o‘n to‘qqizi.