Men sizlarni eshityapman!
Ota qarshisida qiqir-qiqir kulayotgan uch-to‘rt bolani g‘ira-shira ko‘rdi. "Kim bo‘ldi bular? Fotima emasmikan, yo‘q, Zokirjonga o‘xshayapti". Ota allaqachon voyaga yetgan nabiralarini qarshisidagi "churvaqalar" bilan adashtirib qo‘ydi. "Darvoqe, yaqinda Zokirjonga kelin olib berdik-ku". Ota kichik nabirasiga o‘tgan yili kelin qilganini elas-elas esladi. Xotirasidan koyindi.
– Bobo, kimni o‘ldirdingiz? – bolalardan biri otaning yuziga yaqin kelib, shu savolni berdi.
Ota atrofida pildirayotgan bolalarni tanimoqchi bo‘lib tikildi. Yana shu savol. Bu savol umri davomida ming martalab, million martalab berilgandir. Bu savol o‘ziga o‘zi tomonidan ham berilgan. Deyarli har kuni. Javob esa yo‘q, bo‘lmaydi ham.
– Ha, sizlarnimi! Qani, hammalaring tez hovliga chiqib o‘ynanglar-chi! Uyniyam bozor qilib yuboribsizlar, – ota Sohiba kelinining ovozini tanidi. – Bobolaring dam olishi kerak. Charchatib qo‘yibsizlar.
Ota kelinini o‘zicha alqab qo‘ydi. O‘g‘limga yaxshi kelin olib berganman-da. Juda farosatli. Chanqagandi, choy ichirdi. Biroz sovuq o‘tgandi, ko‘rpaning ustidan to‘nini tashlab qo‘ydi.
Ota ko‘zlarini yumdi, uxlamoqchi bo‘lganidan emas, shunchaki, odatga aylanib qolgan, xayol suradi. Uxlamasdan tush ko‘radi...
***
– Tojiboy, keldingmi? Tez yuvinib ol, ukajon. Hozir ovqatni suzaman, – tandirxona tomondan opasining yoqimli ovozi eshitildi.
Uch-to‘rt tengdosh jo‘ralari bilan tushgacha qishloq etagidagi ariqlarni qazib, uyga qaytdi.
Opasi yalpiz qovurib kelgan ekan. Tojiboy bir soatcha avval ariq qaziyotganda uzoqdan opasini ko‘rganday bo‘luvdi. Demak, yalpiz tergani chiqqan. Ular bir-birining yuziga qarashmadi. Opa jonidan ham ortiq ko‘radigan ukasiga yana yalpiz qovurib bergani uchun iymandi. Uka esa mana, bir necha oydirki, xonadoniga bir tishlam go‘sht olib kelolmagani uchun orlandi.
Tojiboy uch-to‘rt kun avval tegirmonchining tomorqasini ag‘darib bergandi. Evaziga yarim qop makkajo‘xori uni oldi. Tugasa, yana yarim qop beraman, degan. Va’dasida tursa bo‘ldi... Opasi o‘sha undan non pishiribdi.
Bir-biriga cheksiz mehr qo‘ygan bu ikki jon o‘z xayollari bilan bo‘lib, jimgina tushlik qilishdi.
Tojiboy qovurilgan yalpizdan hech qachon bezor bo‘lmagan. To‘rt yil urushda bo‘ldi, baribir yalpizni sog‘indi. Urushdan qaytdi, opasi turmushga chiqdi, yalpiz ta’mini unutmadi. Opasi qo‘shni Payariq tumanida yashardi, ikki farzandi bilan beva qoldi, Tojiboy ularni ham olib keldi, qaramog‘iga oldi. O‘shandayam yalpizni qo‘msadi. Yillar o‘tdi, mo‘l-ko‘lchilik bo‘ldi, to‘qchilik bo‘ldi. Umrida ko‘rmagan, eshitmagan taomlar, uzoq yurtlardan keladigan g‘alati mevalar paydo bo‘ldi. Lekin opasi o‘z qo‘li bilan qovurib bergan, ariq bo‘yida o‘sadigan yalpiz boshqacha tuyuldi unga. Chunki bu yillar unga sabr-toqatni, mehrni o‘rgatgan. Makkajo‘xori unidan tayyorlangan nonda, oddiygina o‘tda opasining mehri, mehnatini his qilgan. Yuragining eng chuqur yerlariga ko‘milgan bu xotiralar unga hamma narsadan totli!
Ota tamshanib qo‘ydi.
***
Bir necha yil avval ota yig‘ladi. Nabiralari unga qarab "Nima bo‘ldi, ota? Yig‘lamang, bu kino-ku!", – deyishdi. Tojiboy ota uchun bu kino emas. Bunday kinolarga toqati yetmaydi. Televizorda yaxshi kunlarni, baxtli insonlarni ko‘rsatishlarini istaydi. Urush haqidagi filmlar bu insonni yana yetmish yil ortga qaytaradi. Bundan og‘iri yo‘q. Parchalangan yelkalarini ushlab qo‘yadi. Uch o‘q yelka qopqog‘iga muhr qo‘ygan. Bu izlar yillar o‘tgani sari yanada bo‘rtib ko‘rinib qolganday tuyuladi unga.
Ular sovuq o‘lkalarda dushmanlar yaqinlashib kelayotgani haqida mish-mish eshitishdi. Ikki kun o‘tib bildiki, mish-mish emas ekan. Poyezdda ketib borishardi. O‘rmonlar oralab o‘tishdi. Qaniydi, urushmasdan yashasang, inson! Dunyoni yanada go‘zalroq bo‘lishi uchun yashasang, kurashsang.
Poyezd qattiq silkindi. "Pistirma qo‘yishgan ekan! Boshingni egib ol, Tojiboy!", – deb bir necha oy davomida xizmatda unga yaqin bo‘lib qolgan kavkazlik maslahat berdi. Ularning ustiga o‘q yog‘ila boshladi. Poyezd to‘xtadi. Ular pastga tushganda hammayoqni porox hidi tutib ketgandi. Tutun ko‘zni achishtirar, atrofni ko‘rib bo‘lmasdi. Biroz avval ko‘ziga bemisl go‘zal bo‘lib ko‘rinayotgan o‘rmon vahimali tusga kirgandi. Ammo insoniyat himoyasiga otlangan yigirma bir yoshli yurak har qanday qo‘rquvni yengadi. Uning ortida opasi bor! Kerak bo‘lsa, ko‘kragini qalqon qilib bo‘lsa-da, opasi tomonga birovni o‘tkazmaydi. Bunga g‘urur, oriyat yo‘l qo‘ymaydi. Tabiiyki, u yaqin do‘sti aytganidek "boshini egib olmaydi". Oldinga intildi. O‘rmon ichiga ancha kirib bordi. Atrof butunlay ko‘rinmasdi. Kim o‘layotgani, kim qolayotganini bilib bo‘lmasdi.
Tojiboy qattiq silkinib ketdi. Yelkasini cho‘g‘ kuydirardi, ko‘ngli aynib, yiqildi. Nafasi siqa boshladi. Yuragi muzlab qolayotganday bo‘ldi...
– Chekinishdi! – kavkazlik va yana bir sherigi uning yelka va ko‘kraklaridagi qonni tozalashar, yordam ko‘rsatishardi.
Tojiboy bir necha oy gospitalda davolandi. Tuzalgach, yana olov ichiga kirdi...
***
To‘rt-besh yilcha avval qattiq momoqaldiroq bo‘ldi. Kechasi bilan osmon gumburladi. Ota yana yetmish yil ortga qaytganday bo‘ldi. Qonli yillar ko‘z o‘ngida gavdalandi. Ko‘pchilik uchun shunchaki, tabiat hodisasi bo‘lgan momoqaldiroq otaga qattiq ta’sir qildi. U shundan keyin ancha og‘rib qoldi. O‘ziga o‘zi gapiradigan odat chiqardi.
***
– Ota, hokim bova keldi! Sizdan xabar olgani kelishibdi.
Ota boshini ko‘tardi. Tumonat odam. Harbiy orkestr kuylayapti. Hokim Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tojiboy Muxtorovning qo‘lidan tutdi, bilagiga nimadir taqdi.
– Ota, Siz olovli yillarni bosib o‘tdingiz. Sizning hayotingiz oltinga teng. Shunchaki yashamadingiz, siz kabi insonlarning vaqti hech qachon to‘xtamaydi. Mana shu soat kabi. Bu oltin soat. Shaxsan Prezidentimizning sovg‘asi. Sog‘ bo‘ling, ota! Bizlarni duo qiling!
Ota duo qildi. Uning duosi yig‘ilganlar eshitadigan darajada baralla emasdi, ammo urushga nafrati bo‘lganlar, hayotga, tinchlikka muhabbati bo‘lganlar buni aniq eshitdi!
Isomiddin PO‘LATOV.