Men topgan asteroid 700 million dollarga sotildi

1966 yil 10-sinfni tugatayotgan edik. Narpay tumaniga qarashli kolxozimizning 8-brigadasi paxta dalasiga yagana qilish uchun olib borishdi.

Paxta ekilgan jo‘yaklar 1,5 kilometr edi chamasi. O‘rtog‘im Isroil bilan kelishib, sinfdoshlarimizdan oldinroq bo‘laylik, deb yagana qilishga kirishdik. 

Kun peshin bo‘lganda o‘quvchilar hali paxta dalasi o‘rtasida, biz esa Narpay kanaliga yetgan edik. Shu payt Isroil issiq yo‘l tuprog‘ida badanni qizdirib, cho‘milishni taklif qildi, yo‘q demadim. Chalqancha yotganimizda quyosh botadigan tarafdan sharqqa tomon Narpay kanali yoqasida yemirilish va parlanishdan himoyalanish maqsadida ekilgan ihota daraxtlarining kuygan tanasi e’tiborimni tortdi. 

Daraxtlar stereometriyadagi kabi fazoviy chiziq hosil qilib turardi. Odamlar suv olish uchun ustiga qatlama tosh qoplab, yog‘och qoqib zinapoya qilingan tosh o‘rtasidagi o‘yiq fazoviy yo‘nalishdagi chiziqning oxirgi nuqtasi ekanligini ko‘rsatardi. Shu payt do‘stimga bu yerda qattiq moddadan iborat asteroid borligini aytdim. 

Buni aniqlash maqsadida o‘rtog‘imga toshni suv tubidan uzataman, olib qo‘yishga yordam berasan, dedim va ishga kirishdim. Suvga tushib, supa toshning o‘rtasidagi chuqurga qulochimni tiqdim, chuqurcha sharq tomonga qiyalab, kanalning gil loyli qirg‘og‘i orasidan 25 darajali chiziq ostidagi yo‘nalishni aniqladim. Keyin nafasimni rostlab, suvga yana sho‘ng‘idim-da teshikni kengaytirib, loy ichidagi toshni oldim. Uni o‘rtog‘imga uzatdim va bu o‘sha asteroid ekanligini ko‘rsatdim.

Ha, bu asteroid edi, bordi-yu meteorit bo‘lganda yer atmosferasida yonib, yo‘q bo‘lib ketardi. 

O‘shanda asteroidimni geografiya-astronomiya o‘qituvchimiz Egamberdi Tursunqulovga topshirgandim. Keyinchalik Buxoro davlat universitetining geografiya fakultetiga o‘qishga kirgach, bu haqida ma’ruzalar qildim, ilmiy ishimni davom ettirish maqsadida asteroidni izlab, ustozimdan so‘radim. Afsuski, maktabda ta’mirlash ishlari boshlanganda yo‘qolganini aytdi.

...O‘tgan yili televizorda “Novosti” ko‘rsatuvini ko‘rib o‘tirgandim, aynan shu asteroidning kim oshdi savdosida 700 million dollarga sotilganini ko‘rib qoldim. 

Belgilarini solishtirdim va rostdan ham asteroid meniki ekanligiga ishonch hosil qildim.

Gap uning qiymatida emas, lekin 55 yil o‘tgan bo‘lsa-da, asteroid meniki ekanligini isbotlab, bu haqda ma’lumotlarni aniq ko‘rsata olaman.

Xolboy Haqqulov,

Paxtachi tumani.