Men Vatan rasmini yurakka chizdim
Shoira Zuhra Eshonqulova (Zuhra Begim) o‘zining elliginchi bahorini qarshi olmoqda. U 1975 yil 21 yanvarda Urgut tumanida tug‘ilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Hozirda xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shoiraning “Oqibat, “Umid bahori”, “Sevgimga bitilgan nomalar”, “Ko‘klam nafasi”, “Ko‘ngil fasli”, “Yuragimga aylanar Vatan”, “Bir quchoq otash”, “Ishq dostoni”, “Bolalarga baxshida olam”, “Yurtimiz nihollari”, “Nima yaxshi dunyoda?”, “Ona yurt farzandlari” kitoblari nashr etilgan.
***
Vatan qolarkan
Tong kiyar oq tusli harir libosin,
Ko‘kda chaqnayotgan shamsning ko‘zlari.
Bashar topolmadi hali qiyosin,
Vatanim - onamning nurli yuzlari.
Men Vatan rasmini yurakka chizdim,
Ko‘zimga singdirdim yorug‘ olamni.
Goh olis ketganda qadrini bildim,
Quvondim bag‘rimga bosgach bolamni.
Bu dunyo o‘tkinchi, umr betoqat,
Behuda o‘tgaydir bo‘lmasa mazmun.
Vaqt oliy hakamdir, qilmagay shafqat,
Ayriliq jabridan dil tortar mahzun.
Ota-onamiz ham ketarkan tashlab,
Hech bir kas dunyoga bo‘lmagay ustun.
Farzandlar qolgaydir ko‘zlarin yoshlab,
Ular ham otlanar ketmoqqa bir kun.
Ko‘z ochib yumguncha kunlar o‘tadi,
Kimki, ne istasa shuni olarkan.
Oylarning qo‘lidan yillar tutadi,
Kutib, kuzatguvchi Vatan qolarkan.
Hayot tashvishidan odamzot nasli,
Vaqti kelsa, horib, g‘amdan tolarkan.
Tirik jonga faqat sodiq yurt vasli,
Dunyoda birgina Vatan qolarkan!
She’r tug‘iladi
Qarog‘lar tubida qimtinar qayg‘u,
Ishonch - sarg‘ish rangga aylangan xazon.
Nafrat - o‘lib ketgan ko‘ngilning ruhi,
Bardoshi ko‘ksida tosh qotgan inson.
Umid - parvozlarga yo‘g‘rilgan tuyg‘u,
Hayot - har bir kunning sertashvish uyi.
Qayg‘u - zulmatlarni quchoqlagan tun,
Hijron - muhabbatning nolavor kuyi.
Orzu - ro‘yolarga tutingan bo‘shliq,
Ko‘zimda yig‘laydi azador osmon.
Dunyoga sig‘maydi kichkina jonim,
Yurakka yukinib, ingraydi armon.
Tun - bu yolg‘izlikning hidiga o‘xshar,
Goho bo‘g‘zimgacha siqib keladi.
To‘lg‘oqdan tinchisa titroq vujudim,
Yurakdan bir farzand - she’r tug‘iladi!...
Tunda
Sohil oyna tutar osmonga oqshom,
Husnu jamolini ko‘rib turar oy.
Zulmat chekinadi ortiga shu dam
Sokinlik yurakdan egallaydi joy.
Oq-qora nim guldor libosin kiyib,
Olisdan kuzatar bir parcha bulut.
Borliqni jismiga singdirgan qarog‘,
Bir muddat tin olib saqlaydi sukut.
Bafurja bag‘riga tortadi xayol,
Mudroq nigohimdan qochadi uyqu.
Pokiza hislarni mustajob aylab,
Ruhimni poklaydi tip-tiniq tuyg‘u.
Sohir tun ko‘ngilni sog‘inchga o‘rab,
Ishqimiz bog‘ida yozadi kurtak.
Ehtiros bag‘rida to‘lg‘ongan yurak,
Muhabbat haqida aytadi ertak.
Jimirlab tebranar sohilning suvi,
Ko‘zguda tovlanar to‘lin oy aksi.
Yulduzlar jo‘r bo‘lib nur sochgan kecha,
Avjiga chiqadi sohilning raqsi...
Qalbing qolib ketdi...
Kabutardek qanot yoygan xatlarim -
Yurak qonim bilan yozilgan bitik.
Sensiz mahzun tortar she’riy baytlarim,
Nahotki, biz ayro yo‘llardan ketdik.
Sen ketding, ko‘zlaring ortga termulib,
Qalbing qolib ketdi mening yonimda.
Yurak hissiyotga o‘ychan ko‘milib,
Isyon qilaverar har on jonimda.
Sog‘inchli xatlarning yo‘qdir adog‘i,
Faqat senga borib yetgani gumon.
Olisda miltillar tole chirog‘i,
Intizor ko‘ngilning vasliga ishon...
So‘ngiga yetmagan sevgi xatlarim,
Xavotir aralash dil tug‘yonimda.
Sensiz mahzun tortar she’riy baytlarim,
Ketding, qalbing qoldi mening yonimda.