Ne’matning qadri yo‘qolganda bilinadi

Yaqinda bir tanishim Turkiyada bo‘lib qaytdi. U yer Suriyaga yaqin bo‘lgani bois odamlar tinchlikning qadri qanchalik qadrli ekanini to‘la his qilarkan. Chunki urushlar tufayli insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, odamgarchilik unutilgan, xayrli ishlar, ulug‘ maqsadlar yo‘q. Odamlar hayotidan huzur-halovat, turmushidan orom-farog‘at ko‘tarilgan.

Shukur, yurtimiz tinch, har bir mahalla-ko‘y, manzilda osoyishtalik hukmron. Tinchlikning qanday ulug‘ ne’mat ekanini tasavvur qilish uchun har kuni xotirjamlik bilan ish va boshqa yumushlarga borib kelayotganimiz, farzandlarimizning xech qanday xavf-xatarsiz o‘qish va bog‘chaga qatnayotganini misol keltirish kifoya.

Ne’matning qadri yo‘qolganda bilinadi, deyishadi. Hozirgi kunda dunyoga boqsak, u yerda urush-bu yerda to‘polon, toshqin oqibatida qancha-qancha shaharlar xarobaga aylanayotganining guvohi bo‘lamiz. Ayrim joylarda kuniga bo‘lmasa, haftasiga qo‘poruvchilik harakatlari sodir bo‘lib turibdi.

Notinch o‘lkalarda taraqqiyot ham, iqtisodiy o‘sish ham bo‘lmaydi. Beqaror yurtdan fayzu baraka ko‘tariladi.

Shularni tanamizda his etaylik. Aslo urush, nizo bo‘lmasin! Zero, yurt notinch bo‘lsa to‘y-tomosha, xursandchilik, o‘yin-kulgi tatimaydi.

Turg‘unboy Hasanov,
mehnat faxriysi.