Men yaxshi yashashni o‘rgandim...
Mana, xotinimning ketganiga bor-yo‘g‘i ikki yil bo‘libdiki, uylarni qo‘shnilarnikidan ancha baland qilib ko‘tardim. Farzandlarimni o‘qityapman. Bir kuni gaplashsam, bexosdan "Bo‘ldi, uyga qaytaman", deydi. Ey, shoshilma, kallang ishlaydimi, bizda odamlar bir burda nonga zor bo‘lib yuribdi, kelib nima qilasan, dedim. To‘g‘ri-da, bu yerda nima ham qiladi. Yana uch-to‘rt yil ishlasa kifoya. O‘g‘lim bilan qizim katta bo‘lib boryapti, ularga alohida uy-joy qilish kerak. Ahmoqmisan, dedim unga, opam va singlimdan o‘rgansang bo‘lmaydimi, ularni qara, bir umrga yetadigan pul jo‘natishdi.
Ochig‘i, shu ayol degani baribir ayolligiga borar ekan. Shuncha pulni tashlab kelib bo‘ladimi? Hali mashina olishim kerak. Shuncha yil mashinasiz yurganim yetadi. Men qatorilarning ikkitadan mashinasi, uyi bor.
Harqalay, xotinim shularni tushunib, yana ishlayapti. Yo‘qsa, bir oydan buyon telefon qilmadi, kelib qo‘yardi-da.
Boyto‘raning hasratlarini
Abduaziz HOShIMOV yozib oldi.