“Meni izlab talpinganing oningda, sekingina shivirlagin: qaydasiz?” yoxud Najmiddin Komilovni eslab
Yosh olim hayotida 1965 yili muhim burilish nuqtasi bo‘ldi: do‘sti Hasan Qudratullayev Dushanbe shahridan ko‘chib kelgan Qutbiddin eshon Muhiddinov bilan tanishtirdi. Qatag‘on jafolarini chekkan bul zot ilohiyot, arab, fors tillari va adabiyotining bilimdoni bo‘lib, Sharq she’riyati va mumtoz adabiyotni bemalol sharhlab berardi. Fanlar akademiyasi Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutining katta xodimi bo‘lgan Qutbiddin eshon “Alisher Navoiy asarlari izohli lug‘ati” to‘rt jildligining faol mualliflaridan biri edi. Shunday qilib, ikki o‘rtada pir-u muridlik munosabatlari to‘la shakllanib, u filologiya fanlari nomzodi Qutbiddin eshon Muhiddinovning vafotiga qadar (1983) davom etdi. Ular ota-bolalardek yonma-yon hovlida yashadilar.
1970 yillar oxirida G‘aybulla Salomov Najmiddin akani Samarqanddan Toshkentdagi dorilfununga ishga chaqirdi. Ular “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” faniga asos solib, filolog va jurnalistlarga saboq bera boshladilar. Jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgan kamina ham 1978 yildan boshlab, ularning darslarini tinglashga muyassar bo‘ldim. Rasman 1980 yildan boshlab 2012 yilgacha ustozga shogird bo‘lib yurdim.
Ammo G‘.Salomov o‘ta madaniyatli, mulohazali, diplomat kishi edi. Sadoqatli shogirdlari – tortinchoq Najmiddin Komil, muloyim Tilak Jo‘ra, mulohazali Sultonmurod Olimni poytaxtdagi ilmiy va adabiy davralar bilan yaqindan tanishtirishdan charchamas edi.
Najmiddin Komilov dastavval tarjima, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima tarixining nazariy masalalariga oid tadqiqotlar olib borgan bo‘lsa, keyinroq matnshunoslik va adabiy janrlar rivoji bilan bog‘liq masalalarni tadqiq qildi. Taqdir niyatga yarasha bo‘lar ekan. Ko‘p vaqt o‘tmasdan, ilmiy salohiyati baland, tirishqoq, zukko domlani davlatimiz yuqori lavozimlarga loyiq ko‘rdi. 1994–1995 yillarda Prezident devonida bosh konsultant, 1995–1999 yillarda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ilmiy ishlar prorektori lavozimida ishlab, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi minglab iste’dodlarni tarbiyalab yetishtirishga xizmat qildi.
Men oyiga kamida uch-to‘rt marta ustoz bilan uchrashib, idoraviy va ilmiy ishlarimga (2004 yilda yoqlagan fan nomzodi tadqiqotimga ular ilmiy rahbar edilar)doir xolis maslahatlar olardim. O‘shanda “Ibn Sino” nomidagi tibbiyot nashriyotiga rahbarlik qilardim. Akademiya binosi 12-qavatidagi kabinetga har gal kirar ekanman, eshikning o‘ng tarafidagi devorga osig‘liq turgan kartinaga –hassaga suyangancha bevafo dunyoni kuzatayotgan G‘aybulla Salomovning chiroyli portretiga ko‘zim tushardi. Darvoqe, Salomov–Komilov tandemi, yaratgan maktabi adabiyot ahliga badiiy tarjima – istiqbolli, barakali ijod yo‘nalishi ekanligini singdirib ketishdi. Bu sa’y-harakatlar natijasida ikki tilli zullisonayn tarjimonlar avlodi yetishib chiqdi.
Kuzatishimcha, ustoz Najmiddin Komilov ilm va badiiy ijodda taqqoslash, solishtirish uslubini ko‘p qo‘llardi. Jumladan, “Ibn Sino va Dante” (1983) asarida o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib Sharq-u G‘arbning adabiy aloqalarini davrlashtirdi. Mashhur italyan shoiri Dante Aligerining (1265-1321) “Ilohiy komediya” asari tahliliga kirishganda, bu umuminsoniy qadriyat va qarashlarning ildizlarini “Ming bir kecha”, “Kalila va Dimna”, “Sindbodnoma” singari Sharq durdonalari bag‘ridan izlashga tushadi.
“Tasavvuf” nomli ikki jildlik (1996, 1999) monografiya ustoz ijodining yuqori cho‘qqisi bo‘ldi, desak arziydi. Ma’lumki, tasavvuf ilmi sir-asrorlari haqida yozish uchun diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallash talab etiladi. Tasavvufni anglamasdan turib, milliy ma’naviyat tarixi, Sharq falsafasi, adabiyoti va san’atini yaxshi o‘rganib bo‘lmaydi. “Islom tarixi bizda tasavvuf tarixi bilan birga olib qaralgandagina to‘g‘ri yoritilishi mumkin”, deb yozadi muallif. “Tasavvuf, bu – Mutlaq ilohni tanish va sevish; avliyolar e’tiqodidan tug‘ilgan; pokiza axloq haqidagi ilmdir”.
O‘zbek kitobxonlari Najmiddin Komilovni nozik didli tarjimon sifatida juda yaxshi bilardi. Ustoz o‘tgan asrning 90-yillarida Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati”, Shayx Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymog‘i”) singari nodir asarlarini mahorat bilan o‘zbekchalashtirdi. 1994 yilda Farididdin Attorning “Ilohiynoma” asari tarjimasi 40 ming nusxada chop etildi. Bu shoh asarning tarkibida uch yuzdan ziyod ibratli hikoyat, tamsil va qissalar joylashgan. Noshirlik davrimda ushbu tarjimalarning chop etilishida imkon qadar ishtirok etganimdan mamnunman.
Yodimda, bir kuni “Futuvvatnoma...” tarjimasi qo‘lyozmasi daragini eshitib, Najmiddin akaning uylariga o‘tdim. Borsam, Navoiy ko‘chasi, 30-uydagi boshqa nashriyotlar xaridor bo‘lib turishgan ekan.
– Qancha nusxada bosishadi? – deb so‘radim.
– Taxminan besh mingta deyishdi, –dedilar iymanibgina. Ustozning samimiy, dildan kulishlari odamga yoqardi. Ko‘ngillari oynaday toza edi.
– Biz uni o‘ttiz ming nusxada chop etamiz,–dedim dadillik bilan. –Iltimos, shu qo‘lyozmangizni “Meros” nashriyotiga topshirsangiz.
Domlani ko‘ndirdim. Shunday qilib, kitob o‘ttiz ming nusxada dunyo yuzini ko‘rdi. Yurtdoshlarimizda futuvvat, tasavvuf ilmiga qiziqish juda oshib ketdi. Futuvvat, fatiy – “yoshlik”, “yosh yigit”, “javonmard” ma’nosini bildiradi. Tabiiyki, gap halollik, poklik, e’tiqod haqida borar ekan, yashashning shu yo‘lini intixob qilgan javonmardlar unga sidqidildan amal qilishadi. Futuvvat ahli g‘iybat, yolg‘on, nojo‘ya, nomaqbul so‘zlar, harom narsalardan hazar qiladi.
Biz ijodiy hamkorlikni davom ettiraverdik, 1995 yilda “Najmiddin Kubro” nomli risolani chop ettirdik. Risolada adabiyotshunoslik faniga ko‘plab tushuncha, atama va talqinlar kiritilgan. “Najmiddin Kubro nazarida nuqta, dog‘ va doira murid ruhiy holatlari o‘zgarishida muhim xizmat qiladi, –deydi muallif. – Doira – falak doiralarining aylanishi, dog‘ – dunyo timsoli va nuqta – vahdatdir. Doira doimiy aylanishda, u dog‘ni ham o‘z ichiga oladi. Ammo bular markazga tomon, ya’ni nuqta sari intiladi. Nuqta mohiyatini anglash orqali Alloh olamini idrok etsa bo‘ladi”.
Tahlillarga suyanib, professor Najmiddin Komilovning o‘zbek ilm-fani, adabiyoti, umuman, jamiyatimiz oldidagi xizmatlarini sanab bersam.
Birinchi xizmati - davlatning yuqori lavozimlarida ishlagan davrida jamiyat hayotida ma’naviyatning nufuzi, obro‘sini oshirish zarurligini isbotlab berdi. O‘zaro suhbatlar asnosida domlaning ilg‘or fikrlari Yurtboshimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi (o‘sha vaqtda Prezident devonida ishlar edilar). Natijada 1994 yilda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazini tashkil etishga doir tarixiy qaror qabul qilindi.
Ikkinchi xizmati - davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlari, muovinlari, mas’ul xodimlariga islom dinining ma’rifiy vazifasi, tasavvuf ilmining mohiyatini yangi talqinlarda tushuntirib, ilm-fan, ma’naviyatga o‘zgacha mehr-muhabbatni uyg‘ota bildi. Islom falsafasi, taraqqiyot falsafasi, o‘tish davri psixologiyasini talabalarga, rahbarlarga yaxshi anglata bildi.
Uchinchi xizmati - qadim yurtimizda tasavvuf qoidalarini yoyib, o‘zining ilmiy maktabini yaratdi. Bu maktabning Ibrohim Haqqul, Sultonmurod Olim, Sadriddin Salim Buxoriy, Anvar Tursunov singari davomchilari tug‘ildi.
To‘rtinchi xizmati - tasavvuf ilmidan boxabar, halol, iymonli, sadoqatli shogirdlarni tarbiyalashga erishdi. Ayni damlarda muxlis va shogirdlari oliy o‘quv dargohlarida, davlat boshqaruvi idoralarida ishlab, ustozning ishini samarali davom ettirishmoqda.
Najmiddin Komilov jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy holati, odamlarning fikrlash tarzi, tafakkur dunyosi darajalarini chuqur bilardi. Xususan, hazrat Alisher Navoiyning ijodi tahliliga vaqtini uzoq yillar sarfladi, ustozimiz suhbatlarimizda Hazrat asarlarida tilga olingan yaramas illatlarning hamon yashab kelayotganidan ko‘p aziyat chekardi. Shul bois, “Nafs domiga tushgan odam bir xiyonat ketidan ikkinchisini qilaveradi. Aldash, yolg‘on so‘zlash, nayrang ishlatishni o‘zining “hunari”ga aylantiradi”,–deb yozgandi “Xizr chashmasi” kitobida.
Jahon sivilizatsiyalari tarixidan ma’lumki, insondagi axloqiy sifatlarni tarbiyalash yo‘li orqali jamiyatni barqarorlashtirish, yuksaltirish imkoniyati mavjud. Jamiyatda oddiy insonga hurmat, e’zoz, e’tibor va rag‘bat hamisha ulug‘lanishi darkor, derdi ustoz. Murakkab davrda inson ham o‘zini anglab, tarbiyalab, pog‘onama pog‘ona yuksalib bormog‘i lozim. Olimning ta’kidicha, insonga tuhfa etilgan birinchi xislat – qanoat. Kishida qanoat bo‘lmasa, boriga shukr qilmasa, Alloh bergan rizqqa ko‘nmasa, tamagir bo‘ladi, boshqalar moliga ko‘z olaytiradi, natijada to‘g‘ri, halol yashashdan chekinadi. “Tama – bu qullik, chunki birovdan doim bir narsa kutib o‘tirgan odam o‘z nafsining quliga aylanadi. Qanoatli odam ilm va ma’rifat bilan shug‘ullana oladi, dunyo va oxiratni o‘ylaydi”. Bugungi kunda yurt rahbarini qiynayotgan korrupsiya, poraxo‘rlikning ildizi ana shu qisqa so‘zlarda aniq-tiniq ifoda etilgan. Ikkinchi xislat – saxovat. G‘arib va benavo, beva-bechora, yetim, qarovsiz qolgan qariyalar, tolibi ilmlar, xullas faqiru haqir odamlarga qilinadigan hotamiylik asli bu. Ammo saxiy, badavlat odam kerilish va minnat uchun shu ishlarni qilmaydi. Uchinchi xislat – ma’rifat. Avvalo, Iloh ma’rifati hammada bo‘lishi joiz. Lekin unga erishish uchun inson o‘zini chuqur o‘rganishi va yaxshi bilishi kerak.
Ustoz umr bo‘yi shug‘ullangan tasavvufning mag‘zida ilmi Haq – botin ilmi, qalb tafakkuri yotadi. Inson o‘z zakovatiga ishonib, Haqning yagonaligi va ulug‘ligi haqida tafakkur qilishi lozim. So‘fiy shoirlar ijodining markazida shu maqsadlar yotadi. Lekin, sobiq tuzum davrida bu ilm, hatto islom dinining maqsad va vazifalari xalqimizdan yashirildi. Oqibatda o‘zbek xalqi ham dinsizlik, e’tiqodsizlik va fikrsizlik botqog‘iga botdi. Asli, bu – shaxs va jamiyat tanazzuli, ulkan yo‘qotish, orqaga ketish edi. Dinsiz, e’tiqodsiz, fikrsiz kishi bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Ustoz masalaning ayni shu nozik jihatiga jamoatchilik e’tiborini qaratib, fandagi “bo‘shliq”ni to‘ldirishga harakat qiladi.
Ustoz hokimiyat, podshoning imkoniyati bilan ma’rifat, bilimning darajasini qiyoslab, mansabga xos ijobiy va salbiy qusurlarni sanab o‘tgan, insondagi hokimiyatga hirs, dunyoparastlikni qattiq tanqid qilar ekan, “Har qanday podsho yaxshilarni himoyasiga olib, olimlardan doimo maslahat so‘rab, yomonlarni jilovlashi va jazolashi lozim”, degan fikrni ilgari suradi. Ushbu g‘oyalar hozirda ham jamiyatimizda o‘z qimmatini yo‘qotmaganiga to‘la amin bo‘lmoqdamiz.
O‘zaro suhbatlarimiz chog‘ida domla: “O‘z vujudingga tafakkur aylagil, har ne istarsen, o‘zungdin istagil”, degan tasavvuf oltin qoidasini bot-bot takrorlar edilar. Ha, ustoz yozgan baquvvat, pishiq asarlardagi g‘aroyib talqinlar, donishmandona fikrlar, o‘ziga xos uslublar har bir kishini o‘ziga rom etadi. So‘fiyona misralar, bugunga daxldor g‘oyalar o‘quvchi qalbini ma’rifat nuri bilan tarbiyalab, insonni o‘zini anglashga da’vat qiladi.
Najmiddin Komilov “Tasavvuf yoki komil inson axloqi” (1-kitob, 1996), “Tasavvuf tavhid asrori” (2-kitob, 1999) kitoblarida tasavvufning mohiyatini chuqur tadqiq qilib, bir vaqtlar chetga surib qo‘yilgan, man etilgan, o‘tmish bilan bugun o‘rtasida buzib tashlangan ko‘prikni tiklashga uringani katta qahramonlik edi.
Islom dini, naqshband tariqati, falsafa, mantiq va badiiy adabiyot ilmidan xabardor Najmiddin aka o‘zbek xalqiga shoh, darvesh, nafs, ma’rifat, qanoat, saxovat ma’nolarining mohiyatini tushuntirish baravarida odamlarni hayotda zohiriy (tashqi) amallarga, o‘tkinchi hoyu-havaslarga, nopok xatti-harakatlarga ko‘ngil bog‘lamaslikka undadi. Ustozning o‘zlari ham ruhiy poklik, tartib-ozodalik qoidalariga amal qilib yashadilar. Ammo ustozimiz Najmiddin Komilov davlat va jamiyat qurilishi rivojiga ilg‘or fikrlar bildirgan, shoh asarlar bitgan bo‘lsa-da, juda kamtarona hayot kechirdilar. To‘g‘risi, shu yo‘lni o‘zlariga ravo ko‘rdilar. Olim “ziyoli shaxsning so‘zi va ishi bir bo‘lishi kerak”, degan aqidaga suyanib yashadi. Garchi yuqori mansab, nufuzli davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlagan bo‘lsalar-da, luqmai halol rizqi bilan oilani boqish, xalq, jamiyat bilan xushmuomalada bo‘lish, kibru takabburlik ko‘chasidan uzoqda yurishga odatlandi. Sag‘bondagi Olcha torko‘chasida, tanga tushgulik hovlichada qirq yil umrguzaronlik qildi. Sokin, toza, osuda muhitda o‘zining eng sara, zabardast asarlarini avlodlarga yozib qoldirdi.
Xalqimizning suyukli farzandi, sharqshunos olim va jamoat arbobi Najmiddin Komilov 2012 yilning 26 aprelida 75 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Ustoz “Chig‘atoy” qabristonida – davlat, madaniyat va san’at arboblari yonida mangu uyquda yotibdi. Ziyoratgohga har gal kirganimda, qalbim hayajonga to‘ladi, ko‘zlarim namlanib, iliq xotiralar yodimga tushaveradi.
Men Najmiddin akaning shogirdi, muxlisi ekanligimdan doimo faxrlanib yuraman. Ular yozgan ushbu misralarni goho ichimda shivirlayman:
Oydin tunda oy mehmoning bo‘lganda,
Qo‘yning, ko‘ngling kumush nurga to‘lganda,
Eslab qolsang shunda meni mabodo,
Sekingina shivirlagin: qaydasiz?
Nigohingni sehrlasa keng samo,
Zuhra yulduz tuhfa etsa xush navo,
Qulog‘ingga chalinsa tanish sado,
Sekingina shivirlagin: qaydasiz?
Sado bo‘lib kirib boray xonangga,
O‘ltirayin oyga boqib yoningda.
Meni izlab talpinganing oningda,
Sekingina shivirlagin: qaydasiz?
Najmiddin aka mening murabbiyim va og‘ai do‘stim edi! Ustoz, Siz bilan jonli muloqotlarim hayotimning eng totli, fayzli onlari bo‘lgan. Siz tasavvuf ilmidan quvvat, madadni ko‘proq olish, bu o‘tkinchi dunyoda halol yashash, sabr-qanoatli bo‘lish va faqat adolatli ishlarga bosh qo‘shishni o‘rgatib ketdingiz. Yelkangizga chopon tashlagan ko‘yi jilmayib turgan siymongizni eslaganda, kitoblaringizni o‘qiganda, ichimda sekingina shivirlayman: “Siz yonimizdasiz, Ustoz!”.
Baxtiyor OMON,
adib, olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.