“Meni kimdir so‘rasa, onam uyda yo‘q, deb ayt!”

Yaqinda Amerikada istiqomat qiluvchi dugonam bilan telefonda gaplashdim. Salom-alikdan so‘ng, qachon O‘zbekistonga qaytishini so‘radim.

- Bilasizmi, - dedi dugonam. – O‘zim ham shu haqda o‘ylab yuribman, ammo sizga bir narsani aytishim kerak. Bu yerda hayot tarzi butunlay boshqacha. Masalan, men o‘g‘limga “Meni kimdir so‘rasa, onam uyda yo‘q, deb ayt”, desam o‘g‘lim bu gapimni tasavvuriga sig‘dira olmaydi. “Ona, qanday qilib sizni yo‘q, deb aytaman. Undan ko‘ra, onam uyda, ammo chiqishni istamayapti deyman”, deydi

Sababi, o‘g‘limga Amerikadagi maktabida shunday o‘rgatishgan, yolg‘on gapirishni bilmaydi. Endi tasavvur qiling, o‘g‘lim O‘zbekistonga borsa qanday yashaydi? Yolg‘on gapirishni bilmaydigan, to‘g‘risini aytadigan xodim qayerda ishlay oladi? Amerikada tashkilot va korxonalarda yolg‘on gapirilmaydi, quruq va’dalar berilmaydi. Odamlar birovning haqqiga xiyonat qilmaydi. Masalan, mamlakatga koronavirus tarqalgandan buyon kartamga uch marta 1400 dollardan pul tushdi. Rosti, biroz muddat ishsiz qolib, buyog‘iga qanday yashayman, deb turgandim. Amerikada istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarga yordam tariqasida berilgan pullarni hech kim “yeyishga” uringani yo‘q, yeya olmaydi ham. Hammani puli o‘zining kartasiga tushadi. Bu yerda yaxshi o‘qigan, ertaga yaxshi ish topadi, yaxshi maosh oladi va yaxshi yashaydi. Shuning uchun ham kunduzi ishlasam, kechqurun o‘g‘lim bilan dars tayyorlayman, doim darslarini tekshirib boraman.

***

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir videorolik tarqaldi. Voqea Janubiy Koreyada ro‘y bergan. Yuk mashinasi chorrahadan burilayotgan paytda shisha solingan bir necha quti yo‘lga ag‘darilib ketgan.

Yo‘ldan o‘tayotgan maktab o‘quvchilari darhol singan shishalarni yig‘ishtirishga tushgan va bir pastda yo‘lni tozalab qo‘yishgan. Politsiya xodimlari kelguniga qadar maktab o‘quvchilari ko‘ngilli sifatida yo‘ldagi noqulaylikni bartaraf etgan.

Janubiy Koreyada o‘quvchilarga mehnatsevarlik, vatanparvarlik g‘oyalari singdirilar ekan. Bizdagidek, “menga nima” degan tushuncha yo‘q ekan. Savol tug‘iladi, agar o‘sha voqea bizda ro‘y berganida, bolalar ko‘chani tozalarmidi? Yoki “Bolam meni uyda yo‘q deb ayt”, desak, nima bo‘ladi? Bola “xo‘p” deydi, albatta. Xo‘sh, nega? Sababi, o‘zimiz bolaga shunday tarbiya berganmiz va shunday tarbiya beryapmiz.

  Amerikada esa bola ko‘proq vaqtini maktabda o‘tkazgani uchun ta’lim bilan birga tarbiya ham berilar ekan. Bizda esa ayrimlar maktab ta’lim bilan, ota-ona tarbiya bilan shug‘ullansin, deyapti. Bu noto‘g‘ri tushuncha. Ta’lim va tarbiya doim birga olib borilishi kerak.

Bugun chet eldagi do‘stlarim hayoti bilan o‘zimiznikini solishtirsam, u yerdagi to‘kin hayotga, taraqqiyotga faqat halollik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik, to‘g‘riso‘zlik bilan erishilganiga guvoh bo‘lyapman. Biz esa yoshlarimizning “ommaviy madaniyat”ga ergashib, oltinga teng vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda behuda o‘tkazayotgani va bundan qanday qutulish choralari haqida bosh qotiryapmiz. Ba’zan bosh qotirmayapmiz ham, aksincha yosh bolani ovutish uchun unga mobil telefon berib qo‘yayapmiz. Holbuki, rivojlangan davlatlarda internet tarmoqlari bizdagiga qaraganda ancha arzon va tez ishlayotgan bir paytda ular yoshlarni ma’nan to‘g‘ri tarbiyalay olyapti.

Bizda o‘qituvchi o‘z bolasini maktabda do‘pposlayapti, ko‘chada yo‘lovchi taksilar bir-biriga yo‘l bermay janjal qilyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda taniqli aktyor va xonandalar behayo so‘zlar bilan kimnidir haqorat qilyapti. Ikkinchi tomondan undan ham battar haqoratli so‘zlar yog‘ilgan videotasvir tarqalyapti. Yoshlar ulardan o‘rnak olib, “Tik-tok”da a’zo (podpischik)lari soni oshsa onasini o‘ldirishni aytyapti... Xullas, millat o‘zini, o‘zligini yo‘qotyapti.

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Samarqand shahridagi Dahbed bekatida avtobus kutib turgandim. Bekatga raqamsiz avtobus kelib to‘xtadi, haydovchi Qorasuv massiviga ketishini aytdi. Birpasda avtobus yo‘lovchilar bilan to‘ldi. Shu payt 30-raqamli avtobus kelib qoldi, uning haydovchisi “Nega mening yo‘lovchilarimni olyapsan?” deb raqamsiz avtobus egasi bilan janjallashib ketdi. Janjalni boshqa haydovchilar to‘xtatishdi. Xullas, yo‘lga tushdik, ammo ko‘p yurmay avtobus to‘xtadi. Haligi haydovchi ortimizdan kelib, janjalni davom ettirdi. Kech bo‘lganda ishdan, o‘qishdan chiqib uyiga qaytayotgan yo‘lovchilar sabr bilan janjal tugashini kuzatib turdi. So‘ngra nima bo‘ldi deng? Haydovchi bir avtobus odamni ortga qaytarib olib keta boshladi. Odamlarning noroziligidan so‘ng, bir bekat oldinda avtobusni to‘xtatib, “Endi tushib, 30-avtobusga chiqinglar”, dedi. 30-avtobus ham biz chiqqan avtobusning ortidan kelayotgan ekan. Mana sizga tartib-intizom, mana sizga madaniyat.

Hayotimizda bu kabi ko‘ngilsiz voqealardan istagancha misol keltirish mumkin. Nima uchun odamlar bir-birini hurmat qilmaydi, nima uchun soha xodimi o‘z vazifasini astoydil bajarmaydi, nima uchun ba’zilar belgilangan qonun-qoidalardan chetlab o‘tishga harakat qiladi? Bularning javobi bitta – ma’naviyati past kishilargina to‘g‘ri yo‘l turganda noto‘g‘risini tanlaydi va atrofdagilarga ozor beradi. 

Bugun dunyo tan olgan buyuk allomalar – Alisher Navoiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy avlodlari qalbida ma’naviy qashshoqlik paydo bo‘lmoqda. Xo‘sh, yoshlar qalbidagi ma’naviy bo‘shliqni qanday to‘ldiramiz?  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 26 martda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Bugun ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda yaxlit tizim mavjud emasligi hukumatimiz tomonidan tan olindi. Ayniqsa, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan, turli axborot xurujlaridan himoya qilish borasida yetarli darajada amaliy ishlar olib borilmayapti. Bunda jahon tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylandi.

Prezidentimizning ushbu qarori aynan xalqimiz va yoshlarimiz qalbida ma’naviy-ma’rifiy barkamollikni oshirishga qaratilgan. Endi maktabgacha ta’lim tashkilotidan oliy ta’lim muassasalarigacha ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi.

Ushbu qarorga ko‘ra, 2021-2023 yillarda barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etiladi.

Aslida ma’naviyat – iymon, islom deganidir. Farzandlarimizni iymonli qilib tarbiyalay olsak, yaqin kelajakda mamlakatimiz taraqqiyoti rivojlangan davlatlar qatoriga kiradi. 

Xurshida Ernazarova.