"Mening diktator bobom". Saddam Husaynning nabirasi oilasi va bobosi haqida kitob yozdi

Sobiq Iroq prezidenti marhum Saddam Husaynning nabirasi Harir Husayn Komil bobosining qatlidan so‘ng tirik qolgan oila a’zolarining bugungi kungacha kechgan hayotlari haqida xotiralarini yozib, kitob holida chop ettirdi. Kitobda Saddamning qo‘lga olinib qatl qilinishidan so‘ng, oila a’zolarining qanday qilib xorijga qochganlari va qiynalib yashaganlari batafsil hikoya qilinadi. Kitob arab tilida yozilib chop etildi va hali ingliz tiliga tarjima qilinmagan. Ammo, kitobga jahon noshirlari tomonidan juda katta qiziqish bildirilmoqda va allaqachon kitob muallifiga kitobning bir nechta tillarga tarjima qilish bo‘yicha takliflar kelib tushgan.

"Men haqiqatni hikoya qilib berishni xohladim. Saddam Husayn o‘z vaqtida Iroq prezidenti bo‘lish bilan birga mening sevimli bobom va qahramonim bo‘lgan.

Odamlar bobomning asl qiyofasini bir marta, uni AQShliklar sud qilayotganda va qatl qilayotganlarida ko‘rishdi. Bobom sudda ham, o‘lim hukmini ijro etishayotganda ham o‘zini mardona tutdi. O‘shangacha aksariyat odamlar ongida bobom haqida turli gaplar yurardi. "Saddam qo‘rqoq, ertaga AQSh qo‘shinlari Bog‘dodga yaqinlashsa u yurtini va fuqarolarini tashlab, o‘z jonini qutqarish uchun mamlakatdan qochib qoladi" deyishar edi. Ammo, bobom unday qilmadi. Bobomni qanchalik bilsam, o‘sha mash’um urush boshlangandan keyin uni yanada yaxshiroq bildim. Unda mamlakatdan qochish rejasi bo‘lmagan. Aks holda, unda bunga imkoniyat bor edi. Ammo qochmadi. Saddamday odam qocha olmasdi ham. U hammasiga o‘zini ruhan tayyorlab kelgan edi. Uni hanuzgacha "Tikritdagi bunkerda yashirinib yotgan joyidan ushlaganmiz", deyishadi. Bu yolg‘on. U Tikritda turib armiyaga qo‘mondonlik qilayotgan edi", deb yozadi Harir Husayn Komil, o‘z esdaliklarida.

O‘shanda Iroq prezidenti Saddam Husaynni 12 ta modda bo‘yicha: 1988 yilda Xalabja shahrida kurdlarga qarshi kimyoviy qurol ishlatishda, 1980-1988 yillarda bo‘lib o‘tgan Iroq-Eron urushida, urush jinoyatlarida, 1990 yilda Quvaytni bosib olishda, inson huquqlarini buzishda, aholiga nisbatan vahshiyliklar qilganlikda va yana boshqa bir nechta jinoyatlarda ayblashdi.

Sudda, Saddam Husayn va uning ikki yordamchisiga o‘lim jazosi hukmi berildi. Hukm qisqa muddatda ijro etildi va 2006 yil, 30 dekabr kuni Qurbon hayiti tongida qatl etishdi.

"O‘shanda uning qatl etilishini kuzatish bizga oson bo‘lmadi" deb yozadi 32 yoshli Harir o‘z kitobida.

 

Iroqdan qochish

Bugun Harirning kitobini ingliz tiliga tarjima qilinishini millionlab kitob ixlosmandlari, shuningdek Saddam Husaynning qatl etilishidan so‘ng uning oila a’zolari taqdiri nima bo‘lganiga qiziqayotgan kishilar intiqlik bilan kutmoqdalar.

Hozircha muallif kitobning arab tilida chiqqan nusxasiga dastxat qo‘yish va intervyu berish bilan cheklanayapti. Ammo, tez orada kitob dunyoning turli tillariga tarjima qilinadi.

"Biz bobom qatl etilayotganda Mosulda edik. Men, onam, xolam, ikkinchi opam bolalarni olib har bir daqiqani g‘animat bilib, zudlik bilan Suriyaga qarab qochdik. Chegarada Suriya chegarachilari bizni o‘qqa tutishdi. Holat juda tahlikali va qo‘rqinchli edi. Baxtli tasodif tufayli hech birimizga zarar yetmadi. O‘shanda bizda oldindan qilingan reja bo‘lmagan. Yaratganga tavakkal qilib ketaverganmiz" , deb oilaning Iroqni qanday tark etganini eslaydi Harir.

"O‘shanda mamlakatdagi vaziyat juda chigal edi. Onamning rejasi bilan bo‘linib yurishga qaror qildik. Chunki, hammamiz birgalikda yuradigan bo‘lsak osongina topib olishadi deb o‘yladik. O‘shanda bobomning qatl etilishidan so‘ng hukumat tepasiga kelgan qo‘g‘irchoq hukumat mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlarga chet ellarga chiqish uchun hech qanday hujjat berilmasligi haqida e’lon qildi. Shu tufayli ko‘plab iroqliklar hujjatsiz bo‘lsa ham xorijga qochdilar. Shu jumladan, biz ham. Ammo, biz o‘sha qaror tufayli emas, shunchaki bizni tanib qolmasliklari va osongina topib olmasliklari uchun hujjatlarimizni o‘zimiz yo‘q qilgandik", deydi Harir.

Saddam Husaynning oilasi Suriyada ekanligida Iordaniya hukumatidan ularga taklifnoma keladi. "Bizni avvaliga Iordaniyada, so‘ngra Qatarga taklif etishdi. Biz Iordaniyani tanladik. Sababi, bu mamlakatda bizning xavfsizligimizni ta’minlashlariga ishonar edik. Iordaniyada bizni xush kayfiyat bilan kutib oldilar. Pasport berdilar. Oylik maosh tayinladilar va qo‘riqchilar berdilar. O‘shanda biz nabiralar jami 15 nafar edik. Iordaniyaliklar bizga mehr ko‘rsatishdi. Oddiy aholidan tortib hukumat vakillarigacha bizga g‘amxo‘rlik qilib, qo‘llaridan kelgancha yordamlarini ayamadilar. Biz o‘z hayotimizning oxirigacha iordaniyaliklardan minnatdormiz. Iordaniyaliklar men bilganlar orasida eng yaxshi xalq", deb to‘lqinlanib eslaydi Harir. Shuningdek, u bugun Iroqdagi o‘qigan maktabini, yashagan uyini sog‘inishini yozadi. "Saddam Husaynning oilasi uning boyliklarini bir qismini olib chiqib ketdi" degan ayblovlarga nisbatan u "O‘shanda biz o‘zimizga yo‘lda lozim bo‘ladigan ozgina kiyimdan boshqa hech narsa olmaganmiz. Jonimizni saqlash, qanday qilib tirik qolish oldimizda katta bir muammo bo‘lib turganda kimning xayoliga pul yoki boyliklar keladi? Qolaversa, bobomning qatlidan so‘ng hamma narsa qo‘g‘irchoq hukumat va AQSh harbiylari nazoratida edi. Mamlakatdan igna olib chiqishning ham iloji yo‘q edi" deydi u.

O‘shanda Iordaniyadan panoh topgan Saddam Husaynning nabiralari bugun dunyo bo‘ylab sochilib ketishdi. Kimdir o‘qiyapti, kimdir ishlayapti. Harir esa shu yerda yashab qoldi. Universitetni bitirdi. Turmushga chiqdi.

U Iroq xalqi boshiga tushgan ko‘rguliklarda AQShni ayblaydi: "AQSh Iroqni bosib olgandan so‘ng bu ajib mamlakatni va unda yashaydigan odamlarni qanday og‘ir ahvolga solganini butun dunyo ko‘rdi. Men bobomni maqtamayman, shaxs sifatida uning ham xato va kamchiliklari bo‘lgan. Ammo, yurtni begonalar kelib boshqarganda ahvol eng og‘ir darajaga chiqishini iroqliklar ham, butun dunyo ham ko‘rdi". Harir AQSh Iroqni og‘ir ahvolga solgani uchun tovon to‘lashi lozimligini yozadi.

"Men orzu qilaman, kun kelib Iroq tiklanishini, yaxlit bir mamlakatga aylanishini, unda yashaydigan odamlar irqidan, millatidan, e’tiqodidan qat’i nazar bir oiladay bo‘lib yashashlarini", deb yozadi u.

Harir Xusayn Komilning bobosi haqidagi kitobi dunyo afkor ommasida kuchli reaksiya berdi. Ba’zilarning fikricha, ushbu kitob Iroqning tezroq qayta tiklanishida iroqliklarga g‘ayrat, shijoat beradi. Boshqa ba’zilarning fikriga ko‘ra muallif kitob ortidan kelishi kutilayotgan mablag‘ bilan Iordaniyada qiyinchilik bilan kun kechirayotgan oila a’zolarining moddiy ahvolini yaxshilab olishni mo‘ljallagan.

Umuman olganda, Harirning bobosi Saddam Husayn haqida va uning qatlidan keyingi oilaning kechmishlari haqida yozilgan xotira kitobi ko‘pchilikka yoqdi. Kitob mohirona yozilgan. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra Harirdagi adiblik mahorati bobosidan o‘tgan. O‘z vaqtida Saddam Husayn ham kitob yozgan, ammo boshqalardan farqli ravishda uni o‘z nomidan emas, balki taxallus bilan chop ettirgan va kitob yozgani haqida ommaga bildirmagan. Uning adibligini faqat yonidagi yaqin odamlari bilishgan xolos.

Kitobni tanqid qiluvchilarning fikrlariga ko‘ra Harir bobosi haqida yozganda ko‘p narsalarni yozmay qoldirib ketgan yoki o‘sha ishlar haqida yetarlicha bilmagan. Masalan, Saddam Husayn 24 yil davomida Iroqni boshqargan bo‘lsa, u mamlakatni iqtisodiy rivojlantirmay, faqat asosan neft sotuvidan kelgan pullar bilan mamlakatni boshqargan. Qolaversa, sotilgan neftning 5 foiz puli to‘g‘ridan-to‘g‘ri Saddamning shaxsiy jamg‘armasiga tushgan.

Lekin tan olish kerak, neft eksportidan kelayotgan mablag‘lar hisobidan mamlakatda ancha ishlar qilingan. Ta’lim va tibbiyot mutlaqo bepul bo‘lgan. Xalqning turmush darajasi ham yomon bo‘lmagan. Hatto, 1980 yilda Saddam Husaynga "Iroqda aholi turmush tarzini yaxshilash uchun qilgan xizmatlari, mamlakatda savodsizlikni tugatishdagi va tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlari uchun YuNESKOning maxsus mukofotini berishgan. Bugungi kunda ko‘pchilik siyosiy sharhlovchilarning fikrlariga ko‘ra, AQSh Iroqni bosib olishiga sabab qilib, avvaliga Iroqning Quvaytga bostirib kirishi, keyinchalik yolg‘ondan "Iroqda yadro quroli tayyorlanayapti" degan bahonalar ko‘rsatilgan. Aslida esa AQShga Iroqning neftga boy konlari kerak edi. Chunki, o‘sha davrda Fors ko‘rfazida o‘z neft konlarini AQSh kompaniyalari bilan birgalikda o‘zlashtirmagan va ularni mamlakatga kiritmagan bitta Iroq qolgan edi xolos. Ko‘rfazdagi qolgan barcha neft zahiralariga ega davlatlar neft konlarini o‘zlashtirishda AQSh kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik qilar edilar. Shuning ortidan AQSh hukumati bilan ham do‘stona aloqalarga ega edilar. Saddam Husayn boshliq Iroq bilan esa bunday emas edi. Iroq o‘sha paytda AQSh kompaniyalarining "neftni birga kovlab olish" haqidagi takliflarini e’tiborsiz qoldirib kelayotgan edi.  Yuqoridagi ikkita bahona tufayli bosib olinib, urush natijasida vayron etilgan Iroqda bugun neft konlari AQSh neft kompaniyalari bilan sherikchilikda ishlatilayapti.

Qolaversa, AQSh Bog‘dodni egallagandan so‘ng mamlakat banklarida saqlangan dollarlar va oltinlar, shuningdek mamlakatning xorij banklarida saqlangan milliardlab dollar qiymatidagi aktivlarining bir qismi muzlatilgan bo‘lsa, yana bir katta qismi xalqaro sanksiya sabab qilib ko‘rsatilib AQSh tomonidan o‘zlashtirildi.

O‘z vaqtida Saddam Husayn mamlakatni rivojlantirish bilan birga o‘zini ham esdan chiqarmagan. Prezident oilasi uchun qimmatbaho yaxtalar, mashinalar, samolyotlar, vertolyotlar sotib olingan. Iroq bo‘ylab ko‘plab rezindensiyalar tiklangan. Ammo, bularning birontasi o‘sha paytda Iroq xalqini o‘z prezidentidan norozi bo‘lishiga sabab bo‘lmagan. Norozilik kayfiyati 2000 yillardan, AQSh xalqaro maydonda Iroqni yakkalab qo‘ygandan so‘ng iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan kuchaydi.

Ammo, bugungi kunda Iroq aholisining Saddam Husaynga bo‘lgan munosabati tom ma’noda taomila ijobiy tarafga o‘zgarib bo‘lgan. Oxirgi 10-15 yildagi AQSh bosqini, fuqarolar urushi, IShID bilan bo‘lgan urushlar, millat, e’tiqod talashib sodir bo‘lgan urushlar iroqliklarni nihoyatda holdan toydirdi. Ahvol shu darajaga keldiki, bugun iroqliklar  Saddam Husayn davrini ertakday eslaydigan bo‘lishdi.