Merganchadagi «Yangi O‘zbekiston»da nima gap?
Prezident farmoni ijrosiga ko‘ra, Urgut tumanida «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilyapti.
Yaqinda davlatimiz rahbari mazkur massivlarning qurilishi susayib ketganligi, aholi uy-joylari o‘z vaqtida egalariga topshirilmayotganligini qattiq tanqid qilgan edi.
Jumladan, Urgutdagi Mergancha massivida qad rostlayotgan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarining o‘z vaqtida qurib foydalanishga topshirilmayotganligi qurilish jarayonlariga salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda.
Xo‘sh, yangi massivda qurilishning sustlashishiga nima sabab bo‘lmoqda? Aholi nima uchun yangi uy-joylarga ko‘chib o‘tmayapti?
Massivdan qurilishiga tumanning Kamongaron mahallasidan qariyb 40 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, 4 yil davomida 2916 ta xonadonga mo‘ljallangan 58 ta ko‘p qavatli uy, 2 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi hamda oilaviy poliklinika qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish uyi, o‘yingoh, mehmonxona, kinoteatr, EKO-bozor, IT-park, hammom va kimyoviy tozalash sexi, dorixona va boshqa ob’yektlar qurilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan yili 18 ta 5 va 9 qavatli uy hamda bittadan maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi.
Yangi massivdagi qurilish ishlarining kechikishiga sabab shu hududda ayrim fuqarolar tomonidan qurilgan 16 ta noqonuniy binolar o‘z vaqtida buzib olinmaganligi bo‘ldi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Aliqulov. – Ayni vaqtda qonuniy hujjatlari bo‘lmagan uy-joylar o‘z egalari tomonidan buzib olindi. Shu sabab auksion jarayoni ham ikki oyga cho‘zilib ketdi. Barcha qurilish korxonalari belgilangan hududlarda uy-joylar qurilishini jadal sur’atlarda davom ettiryapti. Joriy yilda ham 908 ta xonadonli 9, 12, 16 qavatli 17 ta turarjoy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda 2024 yilda qurilishi mo‘ljallangan yana 22 ta qo‘p qavatli turarjoy binolari uchun yer maydonlari auksion savdo maydonchasiga joylashtirilgan.
Jumladan, "Bright Future Textile" MChJ quruvchilari tomonidan 270 xonadonli 5 ta ko‘p qavatli uyning barchasida so‘nggi ta’mirlash-pardozlash ishlari olib borilmoqda.
- Ikkita 9 qavatli uyning qurilishini allaqachon tugallaganmiz, biroq Xitoy davlatidan zamonaviy liftlarni olib kelishda paydo bo‘lgan muammolar tufayli ishimiz oldinga siljimay turibdi, - deydi mazkur korxona ish boshqaruvchisi Nodir Ahmadjonov. – Lift o‘rnatishni o‘z zimmasiga olgan tashkilotning aybi bilan uylarni o‘z egalariga topshirish muddati ortga surilyapti. Qolgan barcha ishlarimiz o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, «Abdullayeva Gulshan Bahrullayevna» xususiy korxonasi ham 216 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy qurishni o‘z zimmasiga olgan. Ayni vaqtda 2 ta uyning poydevori uchun handaqlar qazilib, fundament beton qorish ishlari olib borilmoqda. Korxona qoshida kuniga 100 kub beton aralashmasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kichik korxona ishlab turibdi.
Massivda yana boshqa qurilish korxonalarining 500 nafarga yaqin quruvchilari uy-joylar qurilishini davom ettirishmoqda.
O‘tgan yili «Kamila» xususiy korxonasi tomonidan qurilishi boshlangan, loyiha qiymati 20,5 milliard so‘m bo‘lgan 1680 o‘rinli maktab, «7-sonli MKK» MChJ pudratchiligidagi 6,5 milliard so‘m sarflangan 150 o‘rinli MTM binosining qurilish-montaj ishlari yakunlanib, hozirda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda.
- Bolalar bog‘chasida o‘rnatilgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini sinovdan o‘tkazdik, - deydi «7-sonli MKK» ish boshqaruvchisi Shuhrat Narzullayev. – Hozirda muassasani muntazam issiq suv bilan ta’minlash maqsadida 1,5 tonnalik geokollektor o‘rnatildi. So‘nggi bo‘yoqlash-pardozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 80 nafardan ziyod ishchilar mehnat qilgan bolalar bog‘chasi joriy yilning 10 mayiga qadar foydalanishga topshiriladi.
Yangi massivda ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari tortishga ham katta ahamiyat berilmoqda. Massivdan 11 kilometr uzoqlikdagi G‘ishtmasjid mahallasi hududida yangi suv oqova tozalash stansiyasi qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Ayni paytda «Shohruh Temurbek» MChJ ishchilari tomonidan beshta suv qudug‘i kovlab o‘rnatildi. Ming kub sig‘imdagi rezervuarlar o‘rnatilib, 12 kilometr masofaga oqova tarmoqlari tortish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha qiymati 26 milliard so‘m bo‘lgan mazkur qurilish-montaj ishlarining ancha qismi bajarib qo‘yildi, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Jamshid Bobonov. – O‘tgan yili 7 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsa, joriy yilda biroz ortda qolyapmiz. O‘tgan yili sentyabr oyida ishga tushirilishi lozim bo‘lgan loyihada o‘zgarishlar qilindi. Masalan, rejadagi sig‘imlar o‘rniga diametri 800 mm. bo‘lgan quvurlar qo‘yiladi. Shuningdek, mablag‘ ajratish masalasida ham muammolarga duch kelindi. Hozirda barcha muammolar bartaraf etilib, ishimiz davom etmoqda. Qariyb 4 kilometr masofada qazish ishlari olib borilib, asosiy magistral quvurlari tashlandi. Ishni belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazishga harakat qilamiz.
- Aholiga subsidiyalar ajratishdagi muammolar ham qurilishni tez muddatlarda tugatishga yo‘l bermayotgan edi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Asliddin Oblomurodov. – Endi ularni olish muddati cho‘zilganligi sababli qurilish ishlari jadallashmoqda. Hozir yana 10 mingga yaqin aholi subsidiya mablag‘lari orqali yangi uy olish uchun tayyorligini bildirishmoqda.
Prezidentimizning taklifiga binoan joriy yildan boshlab foydalanishga topshiriladigan barcha ko‘p qavatli uylarning tomlariga quyosh panellari va issiq suv tizimi, ya’ni geokollektorlar o‘rnatiladigan bo‘ldi. Bu esa yangi uylarga ko‘chib o‘tadigan aholining elektr energiyasidan bo‘lgan muammolarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda «Yangi O‘zbekiston» massivida 6 ta 12 qavatli, 11 ta 5 qavatli uylardagi aholi istiqomat qilmoqda. Joriy yil yakunigacha yana mingdan ziyod aholi barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy xonadonlarga ko‘chib o‘tishadi. Buning uchun «Yangi O‘zbekiston» massivida ishlayotgan 30 dan ziyod qurilish korxonalarida imkoniyatlar yetarli.
Dilmurod TO‘XTAYeV.