"Mersedes”larni noqonuniy olib kirishga uringanlar to‘xtatildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan “Qo‘qon” TIF bojxona postida fuqaro D.K. tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida yurtimizga 171 million so‘mlik imtiyoz asosida olib kirilayotgan “Mersedes Benz Sprinter” yuk avtoulovi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida avtoulov hujjatlarda ko‘rsatilganidek, dizelda emas, balki benzin va gazda yurishi aniqlandi.

Natijada umumiy qiymati 193,3 million so‘mlik avtomashina vaqtincha saqlovga olindi.

Yana bir holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan yurtimizga  “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali 576,59 million so‘m imtiyoz asosida fuqaro I.A. tomonidan olib kirilgan “Mersedes Benz Viano” avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda mutaxassislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashina hujjatlarda qayd etilganidek, 8 o‘rindiqqa ega emasligi, aslida 6 o‘rindiqqa ega bo‘lgan mazkur miniven qo‘llanilgan imtiyoz shartlariga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi va umumiy qiymati 122 million so‘mlik avtomashina vaqtincha saqlovga olindi.

DBQ axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiurv harakatlari davom ettirilmoqda.