Metan gaz narxini barqarorlashtirish hamda narxlarning asossiz oshirib yuborilishining oldini olish bo‘yicha jiddiy nazorat olib boriladi
AOKAda Energetika vaziri o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda gaz narxining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berildi.
- Ishlab chiqaruvchilar va importerlar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz qo‘yish hajmlari kamayib, mahsulotning o‘rtacha sotilish narxi iyul oyi boshidagiga nisbatan 25 foiz (6 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha) oshgan, - deydi Azizxo‘ja Qobilov. - 7 avgustdan e’tiboran “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan kuniga yana qo‘shimcha 100 tonnadan suyultirilgan gaz birja savdolariga qo‘yib boriladi.
Bugungi kunda suyultirilgan gazning tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan import qilinishiga hech qanday taqiq va cheklovlar yo‘q.
Joriy yilning o‘tgan davrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 1 601 holatda 369 mlrd so‘mlik 217 mln kub metr tabiiy gazni talon-toroj qilgan iste’molchilar aniqlangan.
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida yetkazilgan zarar miqdorining 155 mlrd so‘mlik qismini tashkil etuvchi 42 foizi 1568 ta har xil toifadagi iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelsa-da, uning 214 mlrd so‘mlik 58 foizi 33 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tomonidan talon-toroj qilingan.
2025 yil 1 yanvarga qadar barcha shoxobchada gaz to‘ldirish ustunlariga qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatilib, realizatsiya qilinayotgan gaz hajmi onlayn kuzatib boriladi.
Endilikda sotilayotgan yoqilg‘ilarning narxlarini sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, mazkur tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ularga yoqilg‘i yetkazib berilishi to‘xtatiladi.
"Hurmatli iste’molchilar! Agar siz metan gaz narxining asossiz ravishda oshirilishi holatlariga duch kelsangiz, Raqobat qo‘mitasining 71-207-47-00, 71-207-48-00 yoki 1159 qisqa raqamiga, shuningdek, Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqami hamda “O‘zenergoinspeksiya”ning 71-200-02-86 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz", deyildi brifingda.