Metan “zapravka”larda vaziyat qachon yaxshilanadi? “O‘ztransgaz” AJ izoh berdi

Mana, bir haftadirki, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)da uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Oqibatda haydovchilar bir necha soatlab vaqtini metan “zapravka”lar oldida o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa haydovchi va yo‘lovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.
Muhokamalar esa ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chib, bu masala atrofida turli gaplar aylanmoqda. Kimdir muammoni magistral gaz quvurlarining eskirib ketgani bilan bog‘lasa, boshqasi sovuq tushishi bilan gaz bosimining pasayib ketishining oqibati sifatida baholanmoqda. Bu holatni gaz narxi oshirilishi yo‘lidagi bir qadam sifatida talqin qilayotganlar ham yo‘q emas. Ular e’tiroz bildiruvchilarga 2018 yil dekabr oyidagi ana shunday holatlarni eslatib, shundan so‘ng gaz bahosi oshib ketganini ro‘kach qilishmoqda.
Xo‘sh, bu kabi gap-so‘zlar qanchalik asosli? AGTKSh faoliyatidagi uzilishlarda, turnaqator navbatlarga yuzaga kelishi nima sabab bo‘ldi? Bu vaziyatni “O‘ztransgaz” aksiyadorik jamiyati rahbariyati qanday izohlaydi?
Ushbu savollar bilan Xalq so‘zi muxbiri jamiyat mutasaddilariga murojaat qildi.
“O‘ztransgaz” AJdan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 10-bandida tabiiy gaz yetkazib berish ustuvor bo‘lgan iste’molchilar toifalari belgilangan. Aholi, qonun hujjatlarida belgilangan issiqlik elektr stansiyalari, shifoxona, maktab va bog‘cha kabi ijtimoiy ahamiyatga ega ob’yektlar ana shu toifaga kiritilgan bo‘lib, kuz-qish davrida, birinchi navbatda, ularga tabiiy gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Boshqa kafolatlanmagan iste’molchilar esa tabiiy gazga muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishlari kerak.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, respublika hududida 22-30 noyabr kunlari ob-havo -10°S ÷ -15°S atrofida bo‘lishini inobatga olib, yuqoridagi me’yoriy hujjatlarga asosan, ulgurji iste’molchilar bilan imzolangan tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasining 2.5 hamda 2.8-bandlariga muvofiq (havo harorati keskin pasayganligi sababli), ularga ogohlantirishlar berildi”, deyiladi bizga taqdim etilgan ma’lumotda.
Shunday ekan, aholi ogohlantirilmadi? Nega ular bexabar qolishdi?
Ammo jamiyat vakillari ob-havoning keskin sovishi natijasida “O‘ztransgaz” AJ rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aholi, ijtimoiy soha ob’yektlari hamda strategik ahamiyatga ega korxonalarga kech soat 17.00 dan 22.00 gacha maksimal darajada tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida avtomobil haydovchilari avtoulovlariga yonilg‘i quyishda ushbu vaqt oralig‘ini inobatga olishlarini so‘rab xabar berganini aytishmoqda.
Shu bilan birga, qoidalarning 58-bandidan kelib chiqib, Hududiy gaz ta’minoti filiallari va “O‘zdavneftgazinspeksiya” tomonidan tuzilgan (havo sovib ketgan paytlarda tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilishi ko‘zda tutilgan) 32253 ta kafolatlanmagan korxona ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri xokimliklari tomonidan tasdiqlanganini, bugungi kunda ularni tarmoqdan uzish ishlari olib borilayotganini aytishmoqda.
Kuzatishlarga qaraganda, respublika va xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari chetlaridagi AGTKShlarning aksariyati ishlamayapti. Ba’zilari esa kuniga o‘rtacha 6-7 soat faoliyat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lmoqda. sababi bilan qiziqqanimizda ba’zi “zapravka”lar xodimlari gaz limiti kamaytirilganini aytishmoqda. Biroq “O‘ztransgaz” AJ tomonidan bu inkor qilindi. Hozirgi paytda respublikamizda 831 ta AGTKSh faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularga joriy yilning oktyabr, noyabr oylari davomida belgilangan ko‘rsatkichlar bo‘yicha kunlik hajmlar to‘liq yetkazib berilayotgan ekan.
“Tabiiy gaz limiti kamaytirilmagan. AGTKShning to‘liq ishlamasligi faqat tabiiy gaz bilan bog‘liq emas. Ob-havo keskin pasayib ketgan paytlarda aholiga, ijtimoiy soha ob’yektlariga va strategik ahamiyatga ega korxonalarga tabiiy gaz maksimal darajada yetkazib berish asosiy maqsadimiz. Bundan tashqari, “O‘zneftgazinspeksiya”, “O‘zstandart” agentligi, MIB va Hududiy gaz ta’minoti idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganish natijalariga asosan, ayrim shoxobchalarda me’yoriy-huquqiy hujjatlarga zid ravishda faoliyat yuritish holatlari aniqlanmoqda. Ayrim AGTKShda litsenziya shartlariga muvofiq ish yuritmaganliklari uchun kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha gaz yetkazib berilishi to‘xtatilgan holatlar ham mavjud. Ularda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, gaz ta’minoti qayta tiklanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi “Gaz yetkazib bermaganligi sababli AGTKShda turna qator navbatlar bo‘lmoqda”, degan fikrlar o‘rinsiz”, deydi jamiyat matbuot xizmati xodimi.
Mutaxassislar yana bir bir holat haqida to‘xtalishimizni so‘rashmoqda. Ularning aytishicha, aholiga, AGTKShga ham tabiiy gaz belgilangan bosimda yetib bormasligiga kafolatlanmagan iste’molchilar tomonidan maksimal darajada tabiiy gaz iste’mol qilinishi, ayrim odamlar tomonidan qo‘lbola yoki maxsus nasoslar yordamida gaz taqsimlash tizimlaridan tabiiy gazni so‘rib olinishi tizimdagi gidravlik rejimning buzilishiga olib kelayotgan emish.
“O‘ztransgaz” AJ bugungi kunda tabiiy gazning narxlari o‘zgarishi yuzasidan hech qanday ma’lumotga ega emasligini ta’kidlab, hozir kuzatilayotgan holat vaqtincha ekanligini, tez orada barchasi o‘z iziga tushib ketishiga va’da bermoqda.
Biz ham hammasi tezda o‘z iziga tushib ketishiga umidvormiz.
Shu kunlarda vaziyat taqozo qilib, viloyatlarga boradigan bo‘lsangiz, taksiga o‘tira ko‘rmang. Vaqtingiz gaz “zapravka”larda navbat kutish bilan o‘tadi. Bunga mana men kafil.
Toshkent—Termiz avtomagistralidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ning teng yarmi ishlamayapti. Ishlaganlari ham nari borsa 6-7 soat gaz quyadi-da, keyin darvozalarini tambalaydi. Bu holat 2018 yil dekabridagi manzaralarni esga solmoqda. Xotirangizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, o‘shanda shu kabi uzundan-uzun navbatlardan keyin gaz narxi oshirilgandi...
Aytishlaricha, AGTKShda uzilishlar o‘tgan hafta oxirlarida boshlangan. Sababini tadbirkordan bilishning iloji bo‘lmadi. Ular kichkina odamlar emas-da. Kompressorchilar bo‘lsa limit tugab qolayotganini vaj qilyapti. Qizig‘i, limit deganlari iste’mol talabidan kelib chiqib, belgilanmaydimi?! Har holda, bizga “O‘ztransgaz” AJ mas’ullarining har yili 1 sentyabrga qadar iste’molchilarning zaruriy gaz hajmlari to‘g‘risidagi talabnomalari yig‘ilib, kelgusi yil uchun limit “ishlab chiqish” haqidagi gaplari yod bo‘lib ketgan...
Tadbirkorlar tadbirli bo‘lisharkan. Ayrim “zapravka”larda vaziyatdan kelib chiqib, pul qilishning yangi yo‘llari ixtiro qilinibdi. Masalan, Oq oltin tumanidagi “Gaz Invest Group” MChJGa tegishli AGTKShning bitta kalonkasi go‘yoki ishlamaydi. Oldiga kichik o‘t o‘chirish ballonchasi qo‘yib qo‘yilgan. Bu yerda xos yo‘lakdan kelgan maxsus mashinalarga gaz quyiladi. Shunday mashinalar egasidan buning sirini so‘rasam, sekin borib, besh ming qistirsam, vassalom emish.
Said RAHMONOV