"Metan zapravka"larga kiritilgan cheklovlar yumshatildi

Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni rostlash maqsadida hududlarda "metan zapravka"larga kiritilgan cheklovlar yumshatilgan.

Ayni paytda Toshkent shahri, shuningdek, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi "metan zapravka"lar faoliyatini tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari boshlangan. Mazkur hududlardagi "metan zapravka"lar mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ish faoliyatini davom ettirmoqda.  

H.Toshxo‘jayev bir kunlik yoqilg‘i sarfi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilinishi haqida aytdi. Unga ko‘ra, 15 dekabr kuni tizim korxonalari tomonidan 254,9 mln. kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Iste’molchilarga esa 246,4 mln. kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

– Mamlakatimizdagi barcha issiqlik elektr stansiyalarida ushbu elektr manbasini ishlab chiqarish uchun 45,6 mln. kubometr tabiiy gaz, 15,2 ming tonna ko‘mir, 12,2 ming tonna mazut yoqilgan, –dedi H.Toshxo‘jayev. – Respublika tabiiy gaz iste’moli 158,7 mln. kubometrni tashkil qilgan. Kecha “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatidan tabiiy gaz oluvchi 1 ming 204 ta "metan zapravka"ning 704 tasi belgilangan grafik asosida ishladi. Yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan hududlarga avtobenzin va dizel yonilg‘isi miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “O‘zbekneftgaz” jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 4376 tonna avtobenzin yetkazib berildi.  

Matbuot xizmati rahbari so‘ziga ko‘ra, hozir gaz bosimining pasaygani va "Yangi Angren" issiqlik elektr stansiyaci 3-son energoblokida yuzaga kelgan nosozlik tufayli sutkaning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi yetkazib berishga qo‘yilgan vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar davom etmoqda.  

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 9 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 6 ta nosozlik bartaraf qilindi. Shuningdek, ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 826 ta murojaat kelib tushgan va ularning barchasi maxsus brigadalar tomonidan tuzatilgan. Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 564 ta murojaat ham shu kunning o‘zida o‘rganilib, hal etilgan.

Mazkur yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida tizim korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada tunu kun mehnat qilmoqda.