Mexroj Fayzilov: “Hozir o‘qigan har bir kitobingiz, o‘rgangan bilimingiz kelajakda, albatta, asqotadi”

Bugun O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi, “Maroqand meva sabzavot” MChJ direktori, Samarqandlik taniqli tadbirkor Mexroj Fayzilov o‘zi tahsil olgan  49- maktabda o‘quvchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda u o‘quvchilik damlarini eslab, o‘zining hayotiy tajribalari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

- Bu dargohga bugun hayajon bilan qadam bosdim. Chunki bolalik damlarim esimga tushdi. Shu maktabni 27 yil avval a’lo baholarga tugatganman. Maktabda chet tili fanidan fransuz tilini o‘rganganmiz. Taqdir taqozosi bilan tadbirkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan Fransiyada bo‘lganimda, o‘quvchilik damlarimda shu tilni yanada mukammal o‘rganmaganimdan afsuslanganman. Hozir o‘qigan har bir kitobingiz, o‘rgangan bilimingiz kelajakda, albatta, asqotadi. Maktab damlaringizdan unumli foydalanib, bor kuchingizni ilm olishga bag‘ishlang! Xorijiy tillarni puxta o‘rganing!, - dedi tadbirda M.Fayzilov.

Uchrashuvda M.Fayzilov faol o‘quvchilar va maktab kutubxonasiga o‘zining eng yaxshi ko‘rgan kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi. Ular orasida tarixiy romanlar (Oybekning “Navoiy”, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, ”Temur tuzuklari”) dan tortib, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, O‘zbekiston xalq shoirlarining saylanma asarlari o‘rin olgan.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.