Millat ehtiyojiga baxshida umr

“Biz o‘z qismatimizni bilamiz…

Agar bizning hayotimiz hurriyat va xalqning baxt-saodati uchun qurbonlik sifatida kerak bo‘lsa, biz o‘limni ham xursandchilik bilan kutib olamiz…

Mumkin qadar ko‘proq yaxshi maktablar ochish, shuningdek, maorif va xalq saodatini ta’minlash sohasida tinmay ishlash bizga eng yaxshi haykal bo‘ladi”.

(Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatl oldidan yozgan vasiyatnomasidan).

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Parlamentga Murojaatnomasida:

“Xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deb fikr bildirdi.

Darhaqiqat, XX asr boshlari ulug‘ ma’rifatparvarlarimizning millat va Vatan ravnaqiga xizmat qilgan nazariy fikrlarini o‘rganish, ularni yoshlar ongu shuuriga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Bu o‘rinda o‘z davri ijtimoiy-siyosiy va madaniy tafakkurining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning bebaho ilmiy merosini tahlil etish g‘oyat muhim. Uning asarlarida ko‘tarilgan har bir masala va yechilishi lozim bo‘lgan muammolar bugungi kunda ham dolzarb. Zero, mutafakkirning qarashlarida millat ma’rifati va taraqqiyoti g‘oyasi doimo ustuvorlik kasb etdi. U milliylikni saqlab qolgan holda, xalqning turmush tarzini, maktab va ma’rifatini zamonaviylashtirish jamiyat taraqqiyotining muhim belgisi, deb hisoblar edi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning katta orzusi turkistonliklarni tanazzuldan chiqarish, ilg‘or xalqlar qatori jahon madaniyati tizimidan joy olish, milliy madaniyatni dunyo ommasiga tanitishdan iborat bo‘lgan.

XX asr boshlarida vujudga kelgan milliy matbuot sahifalari Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik, taraqqiyparvarlik, islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etuvchi minbarga aylandi. Uning asarlarining asosiy g‘oyasi “millatning yuzi bu – ilm va hunaridir” mazmunida edi.

Mutafakkir maorif tizimi islohotini umummillat miqyosidagi muammo sifatida ko‘tarib chiqdi. Chunki zamonaviy ijtimoiy tafakkurga ega yosh avlodni shakllantirishda yangi maktablarning ahamiyati beqiyos edi. Bu vaqtda u o‘z mablag‘iga yangi usuli jadid maktabini ochadi va unda ishlash uchun Rajab Amin qishlog‘idan Abduqodir Shakuriyni o‘zining uyiga ko‘chirib keltiradi.

Behbudiy oilasi nihoyatda ma’rifatli edi. Uning ikki singlisi ham yaxshi ta’lim olgan. Ular Qur’on va hadislar bilan tanish bo‘lgan. Nevarasi Nadim Behbudiyning guvohlik berishicha, ularning kelib chiqishi mashhur Ahmad Yassaviyga borib taqaladi.

Behbudiy ajdodlari Xorazmdan Samarqandga ko‘chib kelib, guzar tuzadi va uni Guzari Maxdumi Xorazm (Xorazmlik janob guzari) deb atadi, degan ma’lumot ham bor. Otasining buvasi Samarqandda Qori Niyozxo‘ja Urganji nomi bilan mashhur bo‘lib kelgan. Nadim Behbudiyning ta’kidlashicha, Behbudiyning xotini shayx Qutbi Chordah urug‘idan bo‘lib, ular Amir Temur hukmronligi davriga qadar Samarqand yaqinidagi Matrud degan yerda xizmat qilgan.

15 yoshidan Mahmudxo‘ja arab tili grammatikasi, matematika, huquqshunoslik asoslari, mantiq va tilshunoslik, ya’ni o‘sha paytda mavjud bo‘lgan dunyoviy fanlarning barchasini o‘rganishga kirishdi.

Behbudiyning o‘zi Samarqand madrasasida va Buxoroda o‘qiganini aytgan edi. Shunday qilib, Behbudiy yoshligidan diniy va dunyoviy ta’lim oldi. Bunga, shubhasiz, oilada hukm surgan yuksak madaniyat va ilm-ma’rifat muhiti ijobiy ta’sir qildi. Behbudiy oilada olgan bilimini rivojlantirib, yuksak ma’rifiy darajaga tinimsiz izlanish, qattiq mehnat qilish evaziga erishdi.

Haj safarlari va ma’rifat 1893 yili Behbudiyning otasi vafot etadi va 18 yoshli Mahmudxo‘ja mustaqil hayotga qadam qo‘yib, qozixonaga mirza bo‘lib ishga kiradi. Fiqh fanining turli sohalaridan imtihon topshirgan Behbudiy muftiy unvonini oladi. 1899 yili 25 yoshli Behbudiy birinchi marta haj safariga chiqadi. Islom dunyosida muqaddas ziyoratgoh sanalgan Makkayu Madinaga qilgan safari uning dunyoqarashi kengayishiga chuqur ta’sir etdi. Sayohat chog‘ida u Rossiya shaharlari, Qrim, Eron, Turkiya, Misr mamlakatlarida bo‘ldi. Safar jarayonida poyezdda, kemada, otda va piyoda yurib dunyoni ko‘rdi, boshqa yerdagi hayot bilan Turkistondagi yashash tarzini taqqoslash imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, savdo ishlari, zarur va muhim bitim hamda munosabatlar tuzish, ham diniy, ham dunyoviy aloqalar o‘rnatish, fikr almashish, zarur kitoblar, gazeta va jurnallar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar sotib olish... Bularning bari vataniga qaytgan Behbudiyga ma’rifat va ziyo tarqatishdek savob, ulug‘ ishlar uchun asqatdi.

Haj safaridan uch yil o‘tgach, 1903-1904 yillarda Mahmudxo‘ja Peterburg, Moskva, Qozon, Orenburg, Qrimda bo‘ldi. Maorif sohasida Rossiya, ayniqsa, Qrim jadidlari tajribasi, Ismoil Gasprinskiy bilan yaqindan tanishuv Behbudiyning butun sa’y-harakatini jamiyatni qayta qurish rejalarini amalga oshirishga qaratishiga turtki bo‘ldi. 1914 yilga qadar bu borada u anchagina tajriba orttirdi. Yangi usul maktablari ochilgani, jadid gazetalari nashri, darsliklar yaratilgani, Turkistondagi aql-zakovatli kuchlarning uning g‘oyasi atrofida uyusha boshlashi, madaniyat va adabiyotda yangi tamoyillar, ilg‘or yo‘nalish va oqimning paydo bo‘lgani Behbudiyni yanada shijoat bilan faoliyat yuritishga da’vat etar edi.

Bu shijoat uni navbatdagi chet el safariga undaydi. Turkiya va Misr hamda arab dunyosining turli mamlakatlariga uzoq – sakkiz oylik safarga otlanadi. Bu ham haj safari, ham ulug‘ mutafakkirning olamni bilishdek buyuk maqsad sari intilishi edi. Uzoq va sermashaqqat yo‘l davomida Behbudiy ulkan va keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. O‘zi sayr etgan barcha mamlakatlarning iqtisodiyoti, geografiyasi, tarixi, ijtimoiy-siyosiy ahvolini o‘rganadi va bular haqida “Oyina” jurnalining 15-sonida “Sayohat xotiralari” nomi ostida kundalik yozuvlarini e’lon qiladi.

Shak-shubhasiz, Behbudiy nafaqat sayohat qiladi, balki shu mamlakatlar xalqlarining boy ilmiy va ijodiy merosini o‘rganadi. Bu kabi sayohatlar Behbudiy bilimining boyishi va insonparvarona falsafasining, ilg‘or dunyoqarashining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Behbudiyning teran fikri va sog‘lom aql-zakovati uni ona Turkiston ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga erishuv yo‘lidagi orzusi va g‘oyalarini amalga oshirishga undadi. Shu bilan birga, u muqaddas Ka’bani ziyorat etib, ruhan yengil tortadi, inson zakovatiga tasanno aytib, hamdu sanolar o‘qiydi.

U tomonidan nashr etilgan “Sayohat xotiralari” “Oyina” jurnalining o‘zi singari O‘rta Osiyo burjuaziya vakillari va sarmoyadorlariga dunyoni Parijdan Yaponiyaga qadar aks ettiruvchi oyna bo‘libgina qolmay, balki Turkiston uchun musulmon Sharqini, islom dunyosini kashf etdi, uning sivilizatsiyasini ko‘rsata oldi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Mahmudxo‘ja Behbudiy padari buzrukvori nomi berilgan “nashriyoti Behbudiya” xususiy nashriyoti egasi, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan, Toshkent, Andijon shaharlaridagi kitob do‘konlarining xo‘jayini, “Oyina” jurnali muharriri sifatida mashhur inson edi. Xususan, “Behbudiya” kutubxonasi Samarqandning ruslar istiqomat qiladigan qismida ochilgandi. Bu shunchaki kutubxona emas, balki do‘kon ham bo‘lgan. Bu maskanga keluvchilar Istanbul, Misr, Bayrut, Qozon, Bog‘chasaroy, Orenburg, Eron, Iroq, Hindiston, Afg‘oniston, Peterburg va albatta, Turkistonda chop etilgan kitoblarni ko‘rib, sotib olishlari mumkin edi. Zamondoshining guvohlik berishicha, bu Behbudiy vafotidan so‘ng Turkistondagi eng yirik kutubxonalardan bo‘lib qoldi.

Dilorom ALIMOVA,
tarix fanlari doktori, professor.
Davomi bor
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2020 yil 18 noyabr, 222-sonidan olindi).