Millat ehtiyojiga baxshida umr. (3-qism)

 “Oyina” - “Ko‘zgu” - “Mir’ot” - “Zerkalo”

“Oyina” jurnali Mahmudxo‘ja Behbudiyning qaynoq faoliyatini ko‘rsatadigan va g‘oyalarini ilgari surgan yorqin yodgorlik hisoblanadi. Jurnalning birinchi soni 1913 yil 20 avgustda, oxirgi 68-soni esa 1915 yil 15 iyunda chiqdi. Jurnal muqovada to‘rt tilda - o‘zbek, tojik, arab va rus tillarida “Oyina” - “Ko‘zgu” - “Mir’ot” - “Zerkalo” nomi ostida chiqqan.

“Oyina”ning to‘rt tilda nomlanishi chet tillarni bilish va egallash zarurligini doimo ta’kidlab kelgan Behbudiyning til bo‘yicha qarashlari dalilidir. U chet tillarni bilish ta’lim olish, fan va madaniyat rivoji hamda butun taraqqiyot uchun muhimligini qayta-qayta ta’kidlardi. Binobarin, jurnalning dastlabki sonidayoq “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasi bosilgani tasodifiy emas.

Tez fursatda jurnal keng omma ichida tarqalib, xalqning sevimli nashriga aylandi. Ammo jurnal nashri qiyinchiliklarga uchrar edi. Behbudiyning so‘zlari bilan aytganda, bu “harbiy senzor”ning jurnal ishlariga doimiy aralashuvi bilan bog‘liq edi. Qisqa muddat nashr etilgan bo‘lsa-da, “Oyina” ko‘p maqsadlariga erishib ulgurdi. Behbudiy ilg‘or g‘oyalarini jamiyat orasida yoyishga erishdi. Agar u o‘z faoliyatining ilk davrida yakka bo‘lgan bo‘lsa, 1913 yilga kelib, uni Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Farg‘ona, Toshkent va Turkiston o‘lkasining boshqa shaharlaridagi jadid o‘qituvchilar, o‘quvchi-talabalarning ota-onalari, ilg‘or kishilar, Turkiya, Hindiston, Rossiya, arab mamlakatlari ziyolilari qo‘llab-quvvatladi, unga kitoblar, nashrlar bilan yordam berildi. Bu 39 yoshli Behbudiy uchun kuchli manba bo‘ldiki, katta sa’y-harakatlar bilan jurnalni chiqara oldi. Zamondoshlarining xotirlashicha, Behbudiyning quyidagi so‘zlari ko‘p narsani, xususan, uning taktikasini oydinlashtiradi: “Jurnaldagi qarashlarning mohiyati o‘z faoliyatini to‘xtatgan “Samarqand” gazetasi qarashlarining mohiyati bilan deyarli bir xil. Lekin yorug‘likka chiqishning o‘zga bir yo‘lini tanladim. Fosh etish yo‘lidan, satira va yumor yo‘liga o‘tdim. Zero, yengil zaharxandali kulgi bilan ko‘p narsaga erishsa bo‘ladi”.

Jurnalning mashhur va ma’lum bo‘lganini bu yerga jo‘natilgan xat, telegrammalar isbotlab turibdi. Xatlarda hayotning barcha og‘ir-yengil, past-baland tomonlari haqida so‘z yuritilar edi. Masalan, “Oyina”ning 1914 yil 14 aprelda chiqqan 51-sonida Qozondagi rossiyalik musulmonlar, Buxoro fuqarolari, Hindiston universitetida tahsil olayotgan talabalarning xatlari e’lon qilingan. Bu hol jurnalning juda keng tarqalganini va mashhurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Tahririyatga kelib tushgan xatlarda jurnal nashrini yana davom ettirish zarurligi izhor etilgan edi. Demak, u zamondoshlarining ma’naviy hayotida katta o‘rin egallagan.

Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Behbudiyning chop etilmagan asarlari juda ko‘p. Vafotidan yarim yil oldin yozib tugallagan, meros huquqiga oid 200 bosma taboq hajmdagi asari, fors va turk mualliflari asarlari asosida tuzilgan astronomiya bo‘yicha darslik, ayollar masalasiga oid maqolalar shular jumlasidandir.

Ma’naviy vasiyat

Hazrat Mahmudxo‘ja Behbudiy serqirra qobiliyatining gullab-yashnagan davrida halok bo‘ldi. U endigina 45 yoshga to‘lgan, katta hayotiy tajriba to‘plagan navqiron inson edi. O‘limidan sal oldinroq u siyosatdan uzoqlashadi. Nima uchun? Ma’lumki, oxirgi yillari u Xalq maorifi komissariyati Samarqand bo‘limida ishlar edi. Bu yillari u sukut saqlar, o‘z kuch-g‘ayratini ta’lim tizimini tashkil etish orqali jamiyatga ko‘proq foyda keltirish yo‘lida sarflardi. Uning hayot yo‘lidagi evrilishlarni bir xil baholash unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. U bolshevizmga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib, uning mag‘lubiyatga uchrab, tor-mor keltirilishini ich-ichdan istagan va Turkiston muxtoriyatining yo‘q qilib tashlanganidan qattiq tashvishga tushgan, bu haqda otashin maqola bitgan edi.

Lekin bolshevik hukumati uning xalq orasidagi obro‘si yuqori darajadaligini tushungan holda, uni “o‘ziniki” qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. 1922 yildayoq “Nauka i prosveщyeniye” jurnali Mahmudxo‘ja Behbudiyni Turkiston muxtoriyati dushmani sifatida ko‘rsatishga urindi. Maqola muallifi asossiz ravishda Behbudiyni yangi respublika hukumati a’zosi bo‘la turib, bolsheviklar bilan koalitsiyada ishlagan deb, “millatchilarning” dushmani sifatida ko‘rsatmoqchi edi. Ammo aynan Qo‘qon voqealari uni siyosatdan chetlashga majbur etdi. 1919 yilda u navbatdagi haj safariga otlanmoqchi edi. 1919 yil fevralida Toshkentga borib kelgach, Samarqandda o‘qituvchilarni chaqirib, Toshkentdagi ta’lim ahvoli va yangi maktab dasturi bilan ularni tanishtirmoqchi bo‘ladi.

Lekin uning o‘zi majlisga kela olmaydi. Sadriddin Ayniyning so‘zlariga qaraganda, u mazkur uchrashuvdan 2-3 kun keyin haj safariga otlangan. 1919 yil 25 martda Buxoro amirligi chegarasini bosib o‘tgan va Shahrisabzga kelgan. Shu yerda uni amir odamlari ushlab olib, Qarshiga jo‘natadi va qatl qiladi.

Uning o‘limini bolsheviklar bilan bog‘lab ko‘rsatadigan biror dalil, fakt yoki hujjat yo‘qligi uchun ham turli-tuman gumonlar, shubhali fikrlar mavjud. Behbudiy boshchilik qilgan “Samarqand” gazetasida va keyinchalik “Oyina” jurnalida Buxoro amirligi qattiq tanqid ostiga olingan edi.

Behbudiy nomi o‘n yildan ortiq rasmiy tarzda xalq qahramoni sifatida tilga olindi. Qarshi shahri, Toshkent, Samarqand ko‘chalari Behbudiy nomi bilan atab kelindi. Do‘stlari uning to‘la asarlarini chop etmoqchi bo‘ldi. Vafotidan so‘nggi dastlabki yillari u haqda ko‘plab maqola chiqdi. Ammo jadidchilik totalitar tuzum domiga tushib, abgor bo‘lgandan so‘ng Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi kamroq tilga olina boshladi va asta-sekin unutila bordi, unga burjua millatchilik harakati yo‘lboshchisi tamg‘asini yopishtirdilar.

Behbudiy hazratlari o‘z ishining fidoyisi edi. U jon bera turib, o‘lim talvasasida o‘z xalqiga ma’naviy vasiyat qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Do‘stlariga maorif, madaniyat, fanni rivojlantirish va taraqqiyotga xizmat etishni vasiyat qildi.

Behbudiy vasiyatida: “Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymanglar. Sizlarga vasiyat qilaman! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatinglar”, degan edi. Bugungi avlod xalqimiz ma’rifati yo‘lida u belgilagan cho‘qqilar sari intilib, ona Vatan saodatiga tinmay xizmat qilishi, ma’rifatparvar bobomiz orzularini ro‘yobga chiqarish yo‘lida izlanishi, bilim olishi shart.

Bugungi kunda ulug‘ alloma faoliyati davlatimiz va Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, Mahmudxo‘ja Behbudiy safdoshlari Munavvarqori va Abdulla Avloniy qatorida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Dilorom ALIMOVA,

tarix fanlari doktori, professor.