Millat taqdiriga daxldor hikmatlar
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining boy ma’naviy merosi, chuqur falsafiy qarashlari va hayotiy hikmatlari bilan xalqimiz tafakkurida o‘chmas iz qoldirgan buyuk davlat arbobidir.
U zotning millat, mustaqillik, ma’naviyat, ta’lim-tarbiya, ilm-fan va jamiyat taraqqiyoti haqidagi fikrlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Biz Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, “Milliy istiqlol mafkurasi – xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarini varaqlab, ular orasidan millat taqdiriga daxldor eng muhim g‘oyalar mujassamlashgan iboralarni saraladik.
***
- Ona tili – bu millatning ruhidir.
- Kimki millatni o‘ziga qaram qilmoqchi bo‘lsa, avvalo uning madaniyatiga chang soladi.
- Milliy mafkura millatni birlashtiruvchi bayroqdir.
- Milliy ongi, iftixori baland millatni yengib bo‘lmaydi.
- O‘z tarixi va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi, albatta, porloq bo‘ladi.
- O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q.
- Xalq nazaridan qolish, agar jindek vijdoni bo‘lsa, o‘lim bilan barobardir.
- Xalqning birligi, jipsligi, tinch-totuvligi bizning bebaho boyligimizdir.
- Xalqning baxt-saodati yo‘lida, farovon kelajak yo‘lida har qancha mehnat qilsak, zahmat cheksak arziydi.
- Ma’naviyatga tahdid – o‘zligimiz va kelajagimizga tahdid.
- Ma’naviyatni tushunish, anglash uchun avvalo insonni tushunish, anglash kerak.
- Aqliy zakovat va ruhiy-ma’naviy salohiyat ma’rifatli insonning ikki qanotidir.
- Ma’naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan singadi.
- Inson dunyoga yaxshi ish qilish, yaxshi iz qoldirish uchun keladi.
- Beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir.
- Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi - bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi.
- Biz tarbiya haqida o‘ylar ekanmiz, yoshlarning keksalarga hurmati yuksak bo‘lish tamoyilini yo‘qotmaylik.
- Tariximizdagi og‘riqli davrlardan ham xulosa chiqarib yashashimiz zarur.
- Tarixiy xotirasiz – kelajak yo‘q.
- Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishar bilan yashaydi.
- Farzandlarimiz bizdan ko‘ra bilimli, kuchli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart.
- Mehr-oqibat, muruvvat bo‘lmagan jamiyat halokatga mahkumdir.
- Kelajak bugundan boshlanadi.
- Jamiyatning haqiqiy boyligi - bu inson, inson avlodidir.
- Ma’naviyatga qarshi qaratilgan har qanday tahdid o‘z-o‘zidan mamlakat xavfsizligini, uning milliy manfaatlarini, sog‘lom avlod kelajagini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy xatarlardan biriga aylanishi va oxir oqibatda jamiyatni inqirozga olib kelishi mumkin.
- Davlat o‘z fuqarolarini muhofaza qilishga qodir bo‘lsagina davlat bo‘ladi.
- Demokratik jamiyatda bolalar, umuman, har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanadi.
- Hammamizga ayon bo‘lish kerakki, oila sog‘lom ekan-jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan mamlakat barqarordir.
- Aravani otdan oldin qo‘yib bo‘lmaganidek, siyosatni ham iqtisoddan oldinga qo‘yib bo‘lmaydi.
- Huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, ko‘zi ham, so‘zi ham qonundir.
- Har qanday jamoani, har qaysi jamiyatni, har qanday muhitni, avvalambor ayollarimiz obod etadi.
- Ba’zan bittagina ilmiy kashfiyot mamlakatni butun dunyoga mashhur qilishi mumkin.
- O‘z qobig‘iga o‘ralashib qolish ilm-fanda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holdir.
- Ilm - ziyo salohiyati - bu xalqning, vatanning ulkan boyligi, kelajak poydevoridir.
- Ilm-u tafakkur – kishini ezgulikka boshlaydigan beqiyos kuch.
- Ilm-ma’rifatga qiziqishi sust mamlakatning kelajagi ham bo‘lmaydi.
- Ilm va tafakkur odamlar qalbiga nur, ongiga ziyo, xonadoniga fayz-baraka keltiradigan buyuk mo‘’jizadir.
- Fan ravnaqisiz buyuk davlat qurib bo‘lmaydi.
- Sharqning ming yillik falsafasi-yu, islom qadriyatlari taraqqiyot uchun bebaho xazinadir.
- Ilmga, ijodga, kashf etishga intilish - bu oliyjanob intilishdir.
Shahobiddin Ashurov,
Nigorabonu Suvonova,
Samarqand davlat chet tillar instituti professorlari.