Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi
Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:
- Fanlar akademiyasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Milliy arxeologiya markazi;
- Arxeologik tadqiqotlar instituti negizida Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti.
Markazning asosiy vazifalaridan biri arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yo‘naltirish va arxeologik izlanishlarda zamonaviy tadqiqot uslublarini keng qo‘llashdan iborat.
Qarorga ko‘ra, ochiq osmon ostidagi muzeylarda va arxeologiya namoyishi ob’yektlarida davlat-xususiy sheriklik shartlarida:
- tashrif buyuruvchilarga kirish chiptalari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sotiladi;
- milliy hunarmandchilik mahsulotlari savdo shoxobchalari, shu jumladan, ularni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi;
- zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etiladi.
2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Namangan viloyatida Axsikent yodgorligi asosida keng xalq ommasiga tarix bilimini targ‘ib etish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida “O‘tmishga sayohat” xalqaro tarixiy-madaniy festival o‘tkaziladi.