130 ta arxeologik madaniy meros ob’yektining yo‘qolib ketish xavfi borligi aniqlandi

Zaminimizning boy madaniyati va qadimiy tarixi necha asrlarki, dunyo xalqlarining yurtimizga qiziqishini oshirib kelmoqda. Ayniqsa, qadimiy bino va inshootlar, arxeologik yodgorliklar, muqaddas qadamjolar buyuk ajdodlarimizning yuksak aql-farosati, noyob iste’dodi, bunyodkorlik salohiyatini namoyon etishi bilan kishini o‘ziga ohanrabodek tortadi. Bu esa mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga ham katta turtki beradi.

Shu bois nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyatning moddiy madaniy merosi deb qaraladigan obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, bu ob’yektlar YuNESKOning butunjahon merosi sifatida ro‘yxatga olinib, muhofaza qilinadi.

– Respublika Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Samarqand viloyatida 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan, – dedi yaqinda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida moddiy madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish va muhofaza qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot bergan viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Botir Shaymatov. – Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Mavjud ob’yektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, ulardan 221 tasi shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi. Viloyatdagi madaniy meros ob’yektlarining 483 tasi, ya’ni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.

Madaniy merosni davlat tomonidan muhofaza qilish va davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida 815 ta ob’yektda muhofaza belgilari, 244 tasida yo‘l ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan. Shu paytgacha viloyatdagi madaniy meros ob’yektlarining 1537 tasida davlat kadastr hujjatlari shakllantirildi va ularning har biriga bir nafardan jamoatchi inspektor biriktirildi.

Bugungi kunda viloyatdagi turizm salohiyatiga ega moddiy madaniy meros ob’yektlariga 13 ta WI-FI va QR-kod, 50 ta audiogid o‘rnatildi. Registon misolida Amir Temur maqbarasi, Bibi xonim, Mirzo Ulug‘bek, Shohizinda, Xo‘ja Doniyor majmuasi va «Afrosiyob» muzeyida sayyohlar va kirishini elektron hisobga olish uchun zamonaviy turniketlar o‘rnatilmoqda.

Boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, moddiy madaniy meros ob’yektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida joylarga chiqilib o‘rganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, 1607 ta ob’yekt qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish uchun Madaniy meros agentligiga taqdim etildi,

789 ta ob’yektning pasporti shakllantirildi. Arxeologik madaniy meros ob’yektlarining 50 metrdan 100 metrgacha, arxitektura ob’yektlarining ikki metr balandlik barobarida muhofaza tegralarini belgilash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 130 ta yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan arxeologik madaniy meros ob’yektining ro‘yxati shakllantirilib, Madaniy meros agentligiga taqdim etildi. Ta’mirlash va obodonlashtirishga muhtoj bo‘lgan 55 ta moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’yektlarining ro‘yxati shakllantirilib, har bir ob’yekt yuzasidan nuqson dalolatnomalari rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, 176 ta yangi arxeologik madaniy meros ob’yekti aniqlanib, ularni milliy ro‘yxatga kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga taqdim etildi.

Turizm ob’yektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, obodonlashtirish, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish maqsadida o‘tgan yil 15 ta madaniy meros ob’yektida restavratsiya va konservatsiya ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda viloyatimizda 22 ta ob’yektda restavratsiya va qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazi 1123 gektar va uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi. Ushbu hududda o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan qurilishlar aniqlanib ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.

G‘.HASANOV.