Samarqandda 164 ta yangi arxeologiya madaniy meros ob’yekti aniqlandi

YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazi 1123 gektar va uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi.

Viloyatimizning madaniyati, qadimiy tarixi aks etgan, buyuk ajdodlarimizdan meros arxeologik yodgorliklar, muqaddas qadamjo va obidalarning bugungi holati qanday?

Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ziyodulla Nasimov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berildi.

- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan, - deydi Z.Nasimov. - Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Mavjud ob’yektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, ulardan 221 tasi shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi. Madaniy meros ob’yektlarining 483 tasi, ya’ni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.

Madaniy merosni davlat tomonidan muhofaza qilish va davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida 735 ta ob’yektda muhofaza belgilari, 244 tasida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. Madaniy meros ob’yektlarining 1467 tasida davlat kadastr hujjatlari shakllantirilib, ularga 845 nafar jamoatchi inspektor biriktirildi. Moddiy-madaniy meros ob’yektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida joylarga chiqilib, o‘rganishlar olib borildi.

Jumladan, Madaniy meros agentligiga taqdim etilgan 832 ta ob’yekt qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazildi va 818 ta ob’yektning pasporti shakllantirildi. Turizm ob’yekti sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan 107 ta moddiy-madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olindi. 130 ta yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan arxeologik madaniy meros ob’yektining ro‘yxati shakllantirildi va 164 ta yangi arxeologik madaniy meros ob’yekti aniqlanib, ularni milliy ro‘yxatga kiritish yuzasidan Madaniy meros agentligiga taqdim etildi. Shuningdek, 22 ta madaniy meros ob’yektini restavratsiya qilish va ta’mirlash uchun 15 milliard  810 million so‘m mablag‘ ajratilib, 9 ta ob’yektda restavratsiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Matbuot anjumanida joriy yil oxirigacha viloyatdagi 1607 ta moddiy meros ob’yektlarini qayta xatlovdan o‘tkazish, 18 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash, sakkizta tarixiy ob’yektni sayyohlar tashrifiga tayyorlash hamda 756 ta ob’yektda muhofaza belgilari o‘rnatish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

F.Ro‘ziboyev.