Milliy brend faqat logotip emas, balki biz qanday millat ekanligimizni dunyoga ko‘rsatadigan yuzimizdir

Bugun O‘zbekistonda sanoat sohasida kuzatilayotgan jarayonlar, albatta, ijobiy. Ammo bu o‘sish ortida yangi talablar, yangi yondashuv va tizimli islohotlarni talab qiladigan murakkab sharoit ham bor.

Prezidentimiz 26 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, milliy brendlar yaratish va ichki bozorni to‘ldirish masalalari keng muhokama qilindi.

Bu yig‘ilishda aytilgan raqamlar, berilgan tanqidlar va belgilangan vazifalarni tahlil qilar ekanmiz, bir narsa ravshan bo‘ldi: endi sanoatdagi o‘zgarishlar faqat statistik o‘sish bilan emas, balki chuqur mazmun, yangi fikr va global maqsadlar bilan yuzaga chiqishi lozim.

Yig‘ilishda bildirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi to‘rt oyi davomida mamlakatimizda 290 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foiz o‘sishni tashkil etgan. Bir qarashda bu – ijobiy ko‘rsatkich. Ammo chuqur tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublika, tarmoq, viloyat va tuman darajasidagi muvofiqlashmagan boshqaruv, to‘g‘ri qo‘llanilmagan resurslar tufayli yana 2 foizlik qo‘shimcha o‘sish imkoni boy berilgan.

Masalan, Payariq tumanida sanoat hajmi qariyb 2 baravarga, Paxtachi tumanida esa 38 foizga pasaygan. Buning natijasida ishlab chiqarish 210 milliard so‘mga kamaygan. Bunday holatlar ko‘plab hududlarda kuzatilmoqda va bu bizga shuni ko‘rsatadiki, sanoatdagi o‘sish salmoqli raqamlar bilan emas, ichi mazmunga to‘la strategiya va joylardagi rahbarlar zimmasidagi mas’uliyat bilan o‘lchanishi lozim.

Bu yerda masala faqat ishlab chiqarishda emas, balki mahsulotlarni targ‘ib qilish, sotish, marketing va brending kabi zamonaviy bozor qoidalarini joriy etishda ham. Ya’ni, mahalliy sanoat mahsulotlari bugungi kun talabiga javob berishi, tashqi ko‘rinishi, sifati, qadoqlanishi, reklama va ijtimoiy tanilishi nuqtai nazaridan ham raqobatbardosh bo‘lishi shart.

Prezident yig‘ilishida e’tirof etilgan eng muhim masalalardan biri — milliy brendlar yaratish va ularni xalqaro bozorga olib chiqish bo‘ldi.

Bunda uch bosqichli yechim nazarda tutilmoqda:

Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil etiladi. U xorijiy mutaxassislar — brend-menejer, dizayner, marketolog va PR mutaxassislarini jalb etib, kamida 50 ta sifatli mahalliy mahsulotni saralab oladi. Ularga xalqaro standartlarga moslik belgisi beriladi va dunyo bozorida tanilishini ta’minlash uchun kuchli marketing kampaniyasi boshlanadi.

“Mall of Uzbekistan” — faqat milliy mahsulotlarga bag‘ishlangan savdo markazlari tashkil etiladi. Bu savdo markazlari Toshkent va viloyat markazlarida quriladi. Ulardagi do‘konlar tadbirkorlarga minimal ijara narxida taqdim etiladi. Bu nafaqat mahsulotni sotish, balki uni tanitish, muhit yaratish, ishonch uyg‘otish va ichki bozorda milliy mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirishga xizmat qiladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga moliyaviy va infratuzilmaviy ko‘mak beriladi. Ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish, logistika tizimini yaxshilash va xalqaro talablarga moslashtirish uchun davlat va tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlar, grantlar va subsidiyalar ajratish nazarda tutilmoqda.

Har qanday sanoat islohotining markazida inson turadi — tadbirkor, ishchi, dizayner, sotuvchi va eng muhimi, iste’molchi. Milliy mahsulotlar o‘z xalqimiz tomonidan tan olinishi uchun ham sifat, ham estetika, ham zamonaviylik talab etiladi. Milliy brend — bu faqat logotip emas, balki biz qanday millat ekanligimizni dunyoga ko‘rsatadigan yuzimizdir.

Bugungi sanoat islohotlari raqamlar uchun emas, mazmun uchun ketayotgan bir davrga qadam qo‘ydi. Yangi tizim: “milliy mahsulot – milliy iftixor – milliy iqtisod” zanjirida ishlaydigan mustahkam mexanizm bo‘ladi, degan umid bor.

Bu maqsadlarga yetish uchun nafaqat hukumat, balki mahalliy kengashlar, ishbilarmonlar, dizaynerlar va eng muhimi, xalqning o‘zi ham bu jarayonda faol ishtirok etishi lozim. Chunki milliy brend – bu umummilliy ishonchning ifodasidir.

Akbarali Qayumov,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.