Milliy meros turizmini qanday rivojlantirish mumkin?

Lixtenshteyn davlati qiroli turizm sohasidan tushgan foydani hisoblab: “Turizm har qanday davlatni boy va baxtli qilishga qobiliyatli”, degan fikrni aytgan.

Bu bejiz emas. Turizm tarmog‘i davlatlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga o‘zining hissasini qo‘shish bilan birga dunyoda jadal rivojlanayotgan va yuqori daromad keltiruvchi sohalardan biriga aylangan.

 So‘nggi yillarda dunyo yalpi ichki mahsulotida turizmning ulushi o‘rtacha 11 foizni tashkil qildi. Oxirgi 40 yil davomida boshqa mamlakatlarga chiqib ketgan turistlar soni deyarli 20 barobarga, turizmdan tushgan daromad 60 marotaba va xalqaro turizm tushumlari 400 milliard dollarni tashkil etmoqda. Turizm sohasi 200 million fuqaroni ish bilan ta’minlab kelmoqda, bu esa dunyoda mehnatga qobiliyatli aholining 8 foizini tashkil qiladi.

Mamlakatimizda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishda hozirda xalqaro miqyosda rivojlanib borayotgan yangi - milliy meros turizmini tashkil qilish va rivojlantirish muhim va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Xalqimizning boy qadriyatlarini, hunarmandchiligini, urf-odat, an’analari, yaratuvchilik san’atini jahon xalqlariga yetkazishda milliy meros turizmini rivojlantirishda juda muhim. Bunda tumanlarimizga, qishloqlarimizga dunyoning har qanday davlatlaridan kelgan xalqaro turistlarni qiziqtirish va ularni milliy hunarmandchilik uylariga olib borish imkoniyatlari yaratiladi. Bu imkoniyatlar qishloq turizmini, ekologik-rekreatsiya turizmini va gastronomiya turizmlarini rivojlantirishni kuchaytiradi. Xalqaro turizmni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizga kirish turizmini ham rivojlantirish, ularga ham milliy merosimizga xos noyob boyliklarni namoyish qilish va shu omillar evaziga xalqaro turizmni ham rivojlantirish vazifasi dolzarb masalalar qatoriga kiritilgan.

Samarqand viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, turistlarni noyob milliy madaniy meros ob’yektlari bilan keng tanishtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli chora-tadbirlar belgilangan.

Milliy meros turizmini tashkil qilish va rivojlantirishda, avvalo, xalqaro turistlar joylashgan mehmonxonalarda milliy meros boyliklari haqida qiziqarli ko‘rsatuvlarni doimiy berib borish zarur. Shuningdek, urf-odatlar, an’analar va o‘yinlar, san’at va madaniyatimiz yozilgan DVD disklarini chet tillarda yozib, kataloglar yaratish, mehmonxonalarda xalqaro turistlar uchun milliy meros haqidagi rangli bukletlar va axborotlar to‘plamini bepul sovg‘a qilish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Shu bilan birga milliy meros turizmi xizmatlariga ixtisoslashgan maxsus turistik firmalar tashkil qilish lozim.

Xonqul Samarov,

Registon ansambli direktori.