Milliy soliq tizimida yana bir yangilik

Mamlakatimizda izchil ravishda amaliyotga tatbiq etilayotgan soliq islohotlari sifat nuqtai nazaridan yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, 1 yanvardan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri kuchga kirdi. Muhim jihati, milliy soliq tizimiga bir qator yangiliklar joriy etildi.

Xususan, xalqaro biznes yuritish amaliyotida mavjud bo‘lgan foyda solig‘ini hisoblashda konsolidatsiyalashgan guruh tuzishga ruxsat berildi. Darhaqiqat, bu tushuncha soliq tizimimiz uchun mutlaqo yangilik. Soliq to‘lovchilarning xo‘jalik faoliyati bo‘yicha jami moliyaviy natijasini hisobga olgan holda foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash maqsadida Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartib hamda shartlarda tegishli shartnoma asosidagi ixtiyoriy birlashmasi soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi deb e’tirof etilishini ta’kidlash lozim.

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risida tuzilgan amaldagi shartnomaning tarafi bo‘lgan va Soliq kodeksida bunday guruh ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiradigan yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisidir.

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq zimmasiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash majburiyati yuklatilgan ishtirokchi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi hisoblanadi.

Ko‘rsatilgan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashga oid huquqiy munosabatlarda foyda solig‘ini to‘lovchilar kabi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi shunday huquqlarni amalga oshiradi va majburiyatlarni zimmasiga oladi.

Soliq kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat sanaladi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.