Ming nafarga yaqin nurobodlik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining malakali shifokorlari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Nurobod tumanida bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash tizimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, kasalliklarni profilaktika qilish va erta aniqlash hozirgi kundagi eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Aynan shu masalani yechishga ko‘maklashish, joylarda ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida Nurobod tumanidagi QVPlarda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Nurobod tumanidagi Olg‘a, Jom, Girdiqo‘rg‘on, Omandara, Tegirmonboshi mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular xirurg, pediatr, onkolog, infeksionist, urolog, akusher-ginekolog, LOR, teri-tanosil, terapevt, nevrolog, travmatolog kabi 13 turdagi tor mutaxassisliklar vakillaridan maslahat olishdi.

Tibbiy ko‘rik o‘tkazish bilan birga, hozirgi vaqtda keng tarqalgan o‘pka kasalliklari, diabet, onkologik, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, profilaktika qilish va davolash usullari, sog‘lom turmush tarzi va faol jismoniy harakatning inson salomatligiga hissasi tushuntirildi.

Tumanning Chorvador mahallasidagi tadbirda mingga yaqin fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 235 nafar fuqaroda turli xil kassalliklar aniqlandi. Aniqlangan kasalliklarni bartaraf etish maqsadida 205 nafar fuqaroga ambulator tarzda davolanish uchun tavsiyalar berilgan bo‘lsa, 25 nafar fuqaro viloyat davolash-profilaktika muassasalariga, 5 nafari esa sanatoriyalarda davolanish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldi.

Samarqand davlat tibbiyot institutining bitiruvchi kurs talabalari ham viloyatning chekka hududlariga amaliyot o‘tash uchun yuborildi.

Institut hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rejasiga muvofiq, viloyatning barcha tumanlarida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Joylarda bu kabi tibbiy ko‘riklar hamda talabalar amaliyotining o‘tkazilishi viloyatda turli kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida samarali davolashga katta hissa qo‘shadi.

SamDTI va Nurobod tumani hokimligi axborot xizmatlari.