Ming yillar qa’ridan kelayotgan illat
O‘zbekistonda unga qarshi qanday kurashilmoqda?
Jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illat sifatida ko‘riladigan korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Aslida o‘zbek tilida buzmoq ma’nosini anglatuvchi korrupsiya termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatgan. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi.
Bu zararli hodisa keyingi asrlarda katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Shu sabab ushbu illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish prezidentni impechmentga tortish mumkin bo‘lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqiy va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, ushbu sohadagi huquqiy baza mustahkamlangan. Parlamentda palatalarida maxsus antikorrupsiya qo‘mitalari va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilgan.
Har yillik davlat dasturlari orqali korrupsiyani kamaytirish bo‘yicha vazifalar belgilanadi.
Muhimi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, elektron xizmatlar orqali yangi mexanizmlar joriy etilyapti. Bu byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi va insonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni qisqartirib, korrupsiya xavfini ketkazadi.
Yana bir tomondan, davlat organlarining faoliyati va qarorlarining ochiqligi ta’minlanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining vakolatlari kuchaytirilganini ham qayd etish o‘rinli. Zero, shaffoflikni nazorat qilish, qonunchilik aktlarini korrupsiya kuchlaridan tozalash, davlat idoralarida ichki nazorat tizimlarini tashkil etish va samaradorligini nazorat qilish so‘z yuritilayotgan illatni tugatishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Agentlik xodimlariga ma’lumotlar tizimlariga kirish huquqi berilib, yuqori riskli sohalarda nazorat choralari kuchaytirilgani ham e’tiborga molik.
Keyingi yillarda, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashda ochiq muhit va jamoatchilik nazorati sezilarli darajada rivojlanmoqda. Xususan, ommaviy muhokama, korrupsiya muammosi bo‘yicha huquqiy bilimlarni keng tarqatish ishlari amalga oshirilmoqda. Korrupsiya haqida murojaat qilish tizimlari va elektron platformalar yaratilmoqda.
Bundan tashqari, davlat xaridlarida korrupsiya xavfini kamaytirish uchun ochiq shartnomalar va raqobatli tenderlar amalga kiritilmoqda. Ko‘plab xizmatlar va litsenziyalar raqamlashtirilib, talab qilinuvchi hujjatlar va ruxsatlar soni kamaytirildi — bu korrupsiya «imkoniyatlari»ni ham kamaytiradi.
Asosiysi, Prezident yangi farmonlar va chora-tadbirlar rejalarini qabul qildi, agentlik va idoralarda kadrlar siyosati qayta ko‘rib chiqildi va korrupsiyaning oldini olish choralari kuchaytirildi.
Davlat organlarida yangi nazorat tizimlari va ayrim vazirliklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuchaytirilishi belgilandi.
Furqat Anorov,
Samarqand viloyati sudi sudyasi.