Mingtepadagi bitta tepalik xitoyliklar tomonidan saqlab qolindi
Bulung‘ur tumanidagi mahallalardan biri Mingtepa deb nomlanadi. Aytishlaricha, qadimda bu mahalla hududida juda ko‘p katta-kichik tepaliklar bo‘lgan. Shuning uchun mahallaga shunday nom berilgan ekan. Hozirda tepaliklardan ayrimlarigina saqlanib qolgan. Ulardan biri yaqinda faoliyat boshlagan “Xitoy Besh Barmoq qurilish materiallari” MChJ shaklidagi xorijiy korxonasi hududida.
- 2018 yilda O‘zbekistonga kelib sharoitni o‘rgandik, - deydi korxona rahbari Chen Chong Jou. – Har bir hududning tuprog‘i o‘ziga xos. G‘isht ishlab chiqarish uchun Mingtepa hududi bejiz tanlanmagan. Korxonamizga ajratilgan hududda qadimiy tepaliklardan biri joylashgan ekan. Biz g‘isht ishlab chiqarishda bu tarixiy tepalikning tuprog‘idan foydalanmaslikka, aksincha uni obodonlashtirib, ishchi-xodimlar va mehmonlar uchun dam olish joyiga aylantirishga qaror qildik. Hozir bu yerda shu mahallaning 80 dan ziyod yoshlari ish bilan band. Korxonaga Xitoydan keltirilgan eng zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
Bulung‘ur tumani qir-adirlari, tepaliklarida g‘isht ishlab chiqarish uchun qulay imkoniyatlar mavjud.
- Bundan 2-3 yil ilgari aniq rejalar, loyihalar bo‘lmagan, - deydi tuman hokimi Bahodir Bahromov. - Shuningdek, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun tajribamiz ham yetarli emas edi. Shuning uchun bir guruh fermer va tadbirkorlar bilan birga Italiya, Rossiya va Xitoy davlatlariga xizmat safari uyushtirdik. Ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tajriba orttirdik. Natijada xorijlik tadbirkorlarning tumanimizga qiziqishi ortdi. 3 million dollarlik investitsiya kiritib, Mingtepa hududida joriy yilda ish boshlagan “Xitoy Besh Barmoq qurilish materiallari” xorijiy korxonasi tomonidan bir kunda 100 mingta g‘isht ishlab chiqarilmoqda.
Hozirda xitoylik hamkorlar bilan yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSIANOV.