Jadidchilik armiyada ham o‘rganiladi
Markaziy harbiy okrugda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda vatanparvarlik oyligi doirasida “Yangi O‘zbekiston armiyasi - mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzaaliyev, kengashning viloyat bo‘limi rahbar va a’zolari, harbiylar ishtirok etdi.
Tadbir mehmonlarning Markaziy harbiy okrug qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda serjantlar va harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishidan boshlandi. Harbiy xizmatchilar uchun 7/24 tartibida ishlovchi kutubxona va “O‘q otish markazi” ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, okrugning o‘quv binosida tashkil etilgan milliy tariximiz, xususan, Sohibquron Amir Temur va jadidchilik harakati namoyandalari hayoti, ijodi va siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali zallar yoshlarda harbiy vatanparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otish, ularning shijoatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
– Bugun tariximiz, boy ma’naviy merosimizni o‘rganishda XX asr boshlarida jadid bobolarimizning xalqimizni ilm-ma’rifatga chorlab, yurtimiz ozodligi uchun kurashish borasidagi harakatlarini tadqiq etish muhim ahamiyatiga ega, – deydi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev. – Shu bois harbiy ta’lim muassasalarida, harbiy qismlarda jadidlar hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan burchaklar tashkil etilmoqda, ularning g‘oya va qarashlari o‘rganilmoqda. Jadidlar o‘z davrida yoshlarimiz zamonaviy ilmlarni puxta egallab, ulug‘ ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishini, yurtimiz ozodligi uchun kurashishni orzu qilgan, shu orzu-maqsad uchun hayotini tikkan.
Markaziy harbiy okrug faollar zalida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatimizdagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan askarlar, ofitser va serjantlar jam bo‘ldi. Unda harbiy xizmatning mas’uliyati, sohada olib borilayotgan siyosat, O‘zbekiston Respublikasi armiyasining kuch-qudrati va salohiyati xususida so‘z yuritildi.
Asqar BAROTOV.