Markaziy harbiy okrug zamonaviy binoga ega bo‘ldi

Markaziy harbiy okrugining Samarqand garnizonidagi harbiy qismda zamonaviy binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov, Mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Alisher Norboyev, okrug qo‘mondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi vakillari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi hamda Samarqand harbiy-ma’muriy sektori mablag‘i evaziga yangidan qurilgan va qayta ta’mirlangan binoda harbiy okrug boshqaruv apparati, tarix, axborot texnologiyalari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik o‘quv binolari hamda jangovar tayyorgarlik o‘quv xonalari o‘rin olgan.

- Zamonaviy qulayliklarga ega ushbu binolar harbiy xizmatchilarda milliy armiyamiz qudratini kuchaytirishda hamda yoshlarni harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalashda mustahkam poydevor bo‘ladi, - deydi Mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Norboyev. - Ahamiyatlisi, binoda harbiylar axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, dasturlash, modellashtirish hamda simulyasiya dasturlaridan foydalanishi hamda bo‘linmalarning jangovar harakatlarini olib borish va boshqarishda axborot texnologiyalarini qo‘llashi mumkin. 

Marosimda binolar qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchilar Mudofaa vazirligi hamda okrug qo‘mondonligi tomonidan rag‘batlantirildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.