Markaziy harbiy okrug: 6 yillik sarhisob
Amir Temur jangovar bayrog‘ining ilk sohibiga aylangan Markaziy harbiy okrugining qayta tashkil etilganligiga olti yil to‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev qarori bilan 2017 yilda Markaziy harbiy okrugi qayta tashkil etilib, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarining ma’muriy chegaralari doirasidagi harbiy qism va muassasalar ushbu okrug qo‘shinlari tasarrufiga o‘tkazilgandi.
Kecha, 20 oktyabr kuni ushbu sana munosabati bilan okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda okrug qo‘mondonligi, faxriylar, harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev so‘zga chiqib, Markaziy harbiy okrug tashkil etilgandan so‘ng, qisqa davr mobaynida okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi, olti yil mobaynida harbiy ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda ma’nan eskirgan harbiy qism va dala o‘quv maydonlarning infratuzilmasi butunlay yangi ko‘rinishga keltirilganligini e’tirof etdi.
Shuningdek, yurt himoyachilari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik borasida erishayotgan yutuqlar sarhisob qilindi.
Shundan so‘ng, okrugning jangovar yutuqlariga hissa qo‘shib kelayotgan faxriylar, ofitser, serjantlar, Qurolli Kuchlar xizmatchilariga harbiy unvonlar, faxriy yorliq, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tantanali tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr jamoalari hamda xushovoz honandalar ijrosida namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.