Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni sayyor qabul o‘tkazdi

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Samarqand garnizonida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabul davomida garnizon hududida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari, nafaqadagi harbiylarning murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Markaziy harbiy okrugning Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan qabulda uy-joy, tibbiy xizmat ko‘rsatish, xizmat joyini boshqa qismga ko‘chirish, harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari bandligini ta’minlash, harbiylarning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishdagi suniy to‘siqlar va duch kelinayotgan muammolar atroflicha o‘rganildi.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni har bir murojaatni tinglash davomida o‘z vaqtida zudlik bilan hal etilishi bo‘yicha mas’ul shaxslarga ko‘rsatma berdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning xizmat joylarini ko‘chirishi natijasida turmush o‘rtoqlarining bandligi hamda farzandlarining maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashishida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan to‘xtalib, bu bo‘yicha kerakli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi o‘rtaga tashlandi.

Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.