Minskda muxolifat muvofiqlashtirish kengashining birgina a’zosi ozodlikda qolmoqda

Minskdagi Belarus muxolifati muvofiqlashtirish kengashining (MK) yetti a’zosidan faqatgina bir nafar a’zosi, Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich ozodlikda qolmoqda. Bu haqda 10 sentyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.

Bir muddat ilgari Belarus muxolifatining prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan vakillari hukumatni almashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirish kengashi tuzilganini e’lon qilgan edi. Muxolifat kengashi a’zolari ular nazarda tutayotgan maqsadlar va usullar respublika konstitutsiyasiga asoslangan va qonuniy ekanligini ta’kidlamoqda. MKning asosiy tarkibiga umumiy hisobda 75 kishi kirgan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, MKning Minskdagi a’zolari Mariya Kolesnikova, Maksim Znak, Sergey Dilevskoy, Liliya Vlasova hibsga olingan. Bundan tashqari, Olga Kovalkova va Pavel Latushko mamlakat hududidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

MK hibsga olingan muxolifatchilarning zudlik bilan ozod etilishini va mamlakat tashqarisiga chiqib ketishga majbur bo‘lgan a’zolarni, shu jumladan, Svetlana Tixanovskayani ham respublikaga muammosiz qaytishi ta’minlanishini talab qilmoqda.