Mirzo Ulug‘bek tavalludining 629 yilligiga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazilmoqda

Bugun, 22 mart kuni buyuk astronom va matematik, o‘z davrining atoqli allomasi, davlat arbobi, hukmdor va sohibqiron Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek tavalludiga 629 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasida olim tavalludi nishonlandi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchi va talabalari, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi, shahrimizdagi maktablar va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gulchambar qo‘yildi.
Tadbirda so‘z olganlar allomaning astronomiya sohasida yaratgan tajribasi, matematika va astronomiya fanining rivojlanishga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
- Ulug‘bek davrida Samarqand o‘rta asrlar davridagi ilm-fan o‘choqlaridan biriga aylangan, - dedi Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi direktori Jaloliddin Samarov. - 1420 yilda Registonda barpo etilgan birinchi me’moriy ansambl – Ulug‘bek qurdirgan madrasa bo‘lgan. Shu bilan birga bobomizning astronomiya sohasida yaratgan boy tajribasini butun dunyo tan olgan. Buni yaqinda narpaylik haykaltarosh Umrzoq Sharipov tomonidan yaratilgan Mirzo Ulug‘bek haykali Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi hududida o‘rnatilganidan ham bilsak bo‘ladi.