Mirzo Ulug‘bekning jadidiy sabog‘i yoxud yangi hayot, yangilik sari intilish ajdodlardan meros

Jadid so‘zi – yangi, yangilik tarafdori, degan ma’nolarni anglatishi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobida yozib qo‘yilgan. So‘nggi paytlarda biz jadid deganda asosan XX asr boshida faol harakatga tushib, 1937 yillar qatag‘oni qurboniga aylangan bir guruh millatparvar ziyoli bobolarimizni ko‘z oldimizga keltiradigan bo‘lib qoldik.

Bir qiziq ma’lumot: uzoq asrlar mobaynida jadid so‘zini ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz ham qo‘llagan ekan. Ya’ni, turli davrlarda yangilik yaratuvchi – jadidlar yashab-o‘tganlari tarixiy manbalarda mavjud. Ulardan biri – buyuk shoh va alloma Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek bo‘lganini uning mashhur asari – “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” nomidan ham ko‘rish mumkin. Demak, har bir davrda yangi hayot, yangilik sari intilish bizga ajdodlardan meros.

Manbalarda qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek 1394 yil 22 mart kuni Sohibqiron Amir Temurning besh yillik yurishi davom etayotgan paytda dunyoga kelgan. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur huzuriga chopar kelib, Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar u kelajakda buyuk olim va odil hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. O‘shanda Sohibqiron xursandligidan olis o‘lkalarda bir qal’ada jangni to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi.

Darhaqiqat, hayotga yangi ruh bilan qaragan Ulug‘bek davrida Samarqand yanada ravnaq topdi. Shaharda hunarmandchilik, me’morchilik, adabiyot, ilm-fan yuksaldi, savdo-sotiq taraqqiy etdi. Samarqandda ilmiy maktab, ya’ni o‘sha davrning akademiyasini yaratildi. Bu ilmiy dargohda “Aflotuni zamon” deya ta’riflangan Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Mansur Koshiy, Ali ibn Muhammad Birjandiy, Miram Chalabiy, G‘iyosiddin Jamshid kabi 200 nafardan ortiq olimlar hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borganlar. Bu davrda ustoz va shogirdlari bilan qizg‘in hamda samarali ijod qilgan Mirzo Ulug‘bek “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”, “Risolai Ulug‘bek”, “To‘rt ulus tarixi” kabi betakror asarlarni yozgan.

Mir Alisher Navoiyning “Xamsa” asarida Mirzo Ulug‘bek haqida yozgan quyidagi satrlari zamirida olam-olam ma’no mujassam:

“Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,

Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek...

Rasadkim bog‘lamish – zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur”.

Buyuk ajdodlarimizning doimo yangilikka intilishlari biz uchun katta saboqdir. Bundan ilhomlangan holda o‘z davrining haqiqiy jadidi bo‘lgan alloma Mirzo Ulug‘bek bobomizga dilda bitilgan she’rni baxshida etdik.

1.

Bu dunyodan tashqi olamda –

Falakda bor muayyan tartib.

Undan ulgu olar tabiat,

Boqsang ko‘ngling ko‘zini artib.

O‘taverar tartibsiz zamon,

Quvlagancha yillarni yillar,

Va ommaning o‘zidan chiqqay

Shu tartibni ilg‘agan dillar.

Ular asos solgan Rennesans –

Sharqda nomi – Uyg‘onish davri.

Har bir olim falakdan tuhfa,

O‘z davrining chin dinozavri.

O‘z davrining jadididur rost,

Beruniy ul, ul Ibn Sino.

Forobiylar ko‘rsatgan ibrat

Boshqa qaytib bo‘lmadi bino.

Uzoq yillar ularning nomi

Goh eslanib, unutildi goh.

Temuriylar sulolasidan

Chiqdi shoir, olim hamda shoh.

Bamisoli uchtasi birda,

Uch daryodan to‘lgandi bu bahr.

Bosh mudarris – Mirzo Ulug‘bek,

Dorulfunun – Movarounnahr.

2.

Marvda Ma’mun Baytul-hikmatin

Xorazmiy bo‘ldi mash’ali.

Yangi bir fan – Algebra otli

Shu olimdan bo‘ldi nash’ali.

Shom o‘lkasin maktabi – Damashq,

Janubroqda esa Qohira.

Mardlar ilmi sabab jaholat

Qololmasdi ortiq bokira.

Xorazmda Ma’mun Ikkinchi

“Bayt ul-hikma” ayladi bino.

Darg‘alari edi Beruniy,

Yunon Masihiy, Ibn Sino!

Ammo Chingiz qo‘shini kelib,

Ilmzorni etdi alafzor.

Yurtda ajal sharpasi yelib,

Olimlarga bo‘ldi talabgor.

Ikki asr huvilladi Sharq,

Vayronada izg‘idi zog‘lar.

Temuriylar davriga kelib,

Paydo bo‘ldi qaytadan bog‘lar.

Yurtni buzgan esa gar Chingiz,

Yurtni tuzdi jadidiy Temur.

Qad rostladi minor, gumbazlar,

Turon bo‘ldi bamisli Semurg‘.

Ustozidan o‘zgan shogirddek,

Bobosidan o‘zdi nabira.

Ulug‘bekning bunyodkorligi

Qildi kunduz quyoshni xira.

Madrasalar bunyod har kentda,

Nafaqador qancha talaba.

Bu dargohlar ichra dunyoviy

Ilm qilar chandon g‘alaba.

Mutaasib imomlar zimdan

Ulug‘bekni ko‘rishar yomon:

“Tabiatni o‘rganmoq asli

Yaratganning ilmiga isyon!..”

Bu orada sulton Ulug‘bek

Qurdi rasadxona muazzam.

“Xazinani qilmoqda toroj!” –

deb mullalar chekardi alam.

Matematik Qozizoda Rum,

Ali Qushchi – tolibi sodiq,

Yana o‘nlab yosh o‘g‘il-qizlar,

Dinga mahkam, ilmda solik.

Samarqandda ilk dorulfunun,

Tuzgan edi jadid bobomiz.

Bu shaharga yaqin kelgandi

Shu paytgacha olis samomiz.

Ilmi nujum barq urdi bunda,

Bu shunchaki fol ko‘rish emas.

Bunga chiday olmay johillar

Dedi: “Shoh hech xalq g‘amin yemas...”

Yurtga isyon yetishdi tezda,

Ulug‘bekning yodi samoda.

“Ziji jadidi Ko‘ragoniy”

Yulduzlarni qildi ifoda.

Sodir bo‘ldi ulkan qatag‘on,

Boshladilar katta janjalni.

Och kalxatdek qo‘pdi jaholat,

Ma’rifatga urdi changalni.

“Qotil qo‘li qilich soldi mast,

Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.

Do‘stlar ko‘kda yulduzlar emas,

U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh”.

3.

“Bilmay qoldim o‘zim ham chog‘i,

Yulduzlarda edi nigohim.

Bilmadim, ne edi gunohim.

Men dardimni kimga aytaman?”

Muhammad Yusuf

 

Bilmaganmas, bilgan Ulug‘bek,

Bunga ibrat tarix sabog‘i.

Oqilni yoqtirmas olomon,

Boshida shay jallod pichog‘i.

Bir xatarni ilg‘agan ko‘ngli,

Olimlarga tilagan “Oq yo‘l!”

Mubham isyon sharpasi bilan

To‘layotir har soat o‘ng-so‘l.

So‘ngra chorlab Ali Qushchini,

Vasiyatin oshkor aylagan.

Aqcha berib va maxfiy karvon,

Uni olis yo‘lga shaylagan.

Charm jildga o‘rab-chirmalgan

Kitoblarning o‘zi bir dunyo.

Ko‘rganlar der: “Bu nima bo‘lsa?

Shoyi to‘pi? Turshakmi? Un yo?”.

Ali Qushchi yukning ko‘pini

Tog‘ g‘origa yashirgan emish.

Eng muhimi deya bilganin

Yelkasiga oshirgan emish.

Kechmasidan Amudan hali

Quvib yetmish uni shumxabar.

Endi ortga yo‘l yo‘q, har damda

Ta’qib etib kelmoqda xatar...

Ulug‘bekning maktubin olib,

Yetib bordi shogird Shom sari.

Quchoq ochib kutib olishdi,

Ilm-fanning sodiq do‘stlari.

Madrasadan berishdi o‘rin,

Ali Qushchi endi ustozdir.

Ustoz tutgan tillolar endi

“Zij”ni targ‘ib etmoqqa sozdir.

Bu kitobni xattotlar o‘nlab

Ko‘chirdi va muqova kiydi.

Tiriklikda nasib etmagan

Keldi Mirzo Ulug‘bek iydi.

Chulchitchaga tarjima bo‘lib,

Ovro‘poga yo‘l oldi kitob.

Mudrar edi Osiyo bu payt,

Uyg‘onardi Ovro‘po shitob.

Italiyada Uyg‘onish davri:

Yo‘qlanardi Xorazmiy nomi,

Ibn Sino hamda Forobiy,

Al-Farg‘oniy va Xayyom jomi.

Ulug‘bekning yulduzi balkim,

Kolumbga yo‘l ko‘rsatgan chiqar?

Derlar: “Bilagi zo‘r bittani,

Bilimi zo‘r minglarni yiqar!”

4.

Nurdan tushgan soyani hargiz bo‘lmaydi ko‘mib,

Etak-la Oyni to‘sish jaholatga dalildir.

Olim eti og‘uli degan gap bor olamda,

Boisi ilm ahli Yaratganga xalildir.

Olimga tig‘ ko‘targan olti oyga bormadi,

Ilmni yerga ko‘mgan xalqning ko‘zi yumildi.

Rasadxona qabrini qoplar edi qizg‘aldoq,

Jang ortidan jang bu yurt qora qonga cho‘mildi.

Besh yuz yil kerak bo‘ldi yurtning uyg‘onishiga,

Ellik yilda el yangi bo‘lmog‘i shart emasmi?

Beklar bo‘lib bir yurtni, har biri o‘ziga xon

Ayshu ishrat qilgani chipqon-u dard emasmi?

Jadidlarni shul sabab bugun elim ardoqlar,

O‘z yurtida qayta qadr topdi Mirzo Ulug‘bek.

Ko‘chalarda nomi va haykali qad rostladi,

Maktablar atalmoqda Milliy dorulfunundek.

Samarqand yana poytaxt maqomida ilmning,

Xohla yurtingda o‘qi, xohla xorijga otlan.

Yangi O‘zbekistonda Uyg‘onish davrin boshla,

Ey yosh avlod, jadidlik ruhi ila qanotlan!

To‘lqin EShBEK,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.